22

Somali Federal parlament Xalq palatasi vakillari Akademiyada mehmon bo‘ldi

Xabaringiz bor, joriy yilning 5-9-aprel kunlari Toshkent shahrida Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Anjumanda 140 ga yaqin davlatdan 2 mingdan ziyod delegatlar qatnashmoqda.

Xususan, mazkur nufuzli tadbirda ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Somali Federal parlament Xalq palatasi raisining o‘rinbosari Abdulloh Omad Abshir-Abshirov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida mehmon bo‘ldi.

Hurmatli mehmonni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektorlari – Zokirjon Ro‘ziyev, Olim Astanakulov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev kutib oldi. 

Akademiya prorektori Zokirjon Ro‘ziyev delegatsiya a’zolarining yurtimizdagi ishlariga muvaffaqiyat tilab, yuzma-yuz uchrashib turganidan mamnun ekanini bildirdi. Mehmonlarga Akademiya faoliyati, maqsad-vazifalari, o‘quv jarayonlari haqida ma’lumot berdi.

O‘z navbatida Somali Federal parlament Xalq palatasi raisining o‘rinbosari Abdulloh Omad Abshir-Abshirov mamlakatimiz mezbonlik qilgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi yuqori saviyada tashkil etilgani, Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlari tom ma’noda xalqchil va insonparvarlik tamoyillariga hamohang ekanini e’tirof etdi.

Muloqot davomida Akademiya vakillari tomonidan so‘nggi yillarda islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, eng muhimi, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish uchun Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, islom olami rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalarimiz nomi bilan ataladigan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va boshqa ta’lim muassasalarining tashkil etilishi bu boradagi muhim qadamlardan biri ekanini alohida qayd etildi.

Ta’lim, fan, madaniyat yo‘nalishlarida hamkorlik aloqalarini rivojlantirishta’lim sohasida tomonlar o‘rtasidagi akademik almashinuvlar yo‘lga qo‘yilishi, uning doirasida professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, talabalarni almashinuvi hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Delegatsiya a’zolari “Manbalar xazinasi” boʻlimida saqlanayotgan nodir qoʻlyozma va toshbosma asarlar bilan tanishar ekan, mamlakatimizda boʻlib oʻtgan xalqaro Assambleya, yurtimizda kechayotgan maʼrifiy islohotlar jarayoniga oid oʻzining iliq fikrlarini bildirdi.

Shundan so‘ng Akademiyaning katta majlislar zalida mehmonlar va talabalar ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. 

Samimiy uchrashuv davomida mehmonlar Somalida jamiyatning turli sohalaridagi yangiliklar, ta’lim tizimi haqida ma’lumot berishdi. 

Mehmondo‘st O‘zbekiston zaminiga tashrif buyurganlaridan, ulug‘ mutafakkirlar makonini ziyorat qilish imkoniyati vujudga kelganidan mamnun ekanliklarini bildirdilar. 

Davra suhbatida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etishdi.

Yakunda delegatsiya a’zolari Akademiya rahbariyati va jamoasiga yuqori darajadagi mehmondo‘stlik va iltifot uchun minnatdorlik izhor qilishdi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish