336

Missionerlik va prozelitizm harakati: qiyosiy tahlil

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

O‘tmishdan bizga ma’lumki, din insonlar ongiga ta’sir o‘tkazishning eng samarali usullaridan biri sifatida namoyon bo‘la boshlagan. O‘z navbatida, diniy ta’limotlar har qanday davlat va jamiyat hayotida madaniyat va ma’naviyatga kuchli ta’sir o‘tkazish orqali davlat va jamiyat miqyosida asosiy o‘rinni egallab kelgan. 

Dunyo miqyosida globallashuv jarayonida avj olib borayotgan ma’naviy tahdidlar, avvalo, mamlakat barqarorligi va jamiyat xavfsizligini ta’minlashda rahna solmoqda. Hozirgi kunda turli dinlar va konfessiyalar orasidagi eng asosiy to‘sqinlik bevosita missionerlik va prozelitizm harakatlari natijasida sodir bo‘lmoqda. Mazkur harakatlarni oldini olish va bartaraf etish dunyo miqyosidagi dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolaveradi.

Shu o‘rinda, missionerlik va prozelitizm tushunchalarining mazmun-mohiyati haqida to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiqdir. Missionerlik haqida so‘z yuritganda “missioner” tushunchasi avvalo, biror diniy guruh hamda diniy tashkilot tomonidan o‘zga din vakillarini o‘z diniga o‘tkazish maqsadida yuborilgan shaxs tushunchasini anglatsa, “missionerlik” tushunchasi esa o‘z navbatida bir diniy guruh orqali insonlarning o‘zining diniy e’tiqodini o‘zgartirishga qaratilgan harakatlar majmuasini ifodalaydi. Missionerlik faoliyati jarayonida missioner, avvalo, o‘zining diniy qarashlarini mahalliy aholi vakillari yoki o‘zga yurtlardagi g‘ayridinlar orasida tarqatish borasida cherkov tashkilotlari tomonidan yo‘naltirilgan maxsus vazifalarni amalga oshirishni anglatadi. 

O‘z navbatida, katolik cherkovi tomonidan xristianlik ta’limotini mahalliy aholi orasida yoyish maqsadida maxsus vazifa va topshiriqlarni bajaruvchi cherkov xodimlari “missioner”, ular tashrif buyurayotgan mintaqalar “missiya hududlari” sifatida nomlanadi. Zero, xristian missionerligining ilohiyot asoslari hamda qarashlarini o‘rganuvchi fan “missiya teologiyasi”, missionerlik faoliyatlarni ilmiy jihatdan o‘rganuvchi ilm sohasi esa “missiologiya” deb nomlanadi. 

Hozirgi kundagi missionerlik faoliyati zamiriga e’tibor qaratilsa, missionerlik, eng avvalo, diniy ta’limotlarni tarqatish asosidagi diniy tashkilotlar faoliyati bilan shug‘ullanuvchi missionerlar faoliyatini anglatadi.   

Shu bilan bir qatorda, cherkov tomonidan amalga oshirilayotgan missionerlik faoliyati zamirida o‘zining diniy qarashlarini boshqa dinga e’tiqod qiluvchi xalqlari orasida o‘zining diniy g‘oyalarini targ‘ib etish nazarda tutiladi. 

Bugungi kunda mamlakatimizning bir qator olimlari missionerlik va prozelitizm harakatlari to‘g‘risida o‘zlarining ilmiy tadqiqot ishlarida ushbu so‘zlarga quyidagicha izohlar berib o‘tgan. Jumladan, s.f.d., prof. N.Q.Jo‘rayevning fikrga ko‘ra, missionerlik o‘zagini tashkil etgan “missio” va “missioner” so‘zlarining ma’no va mazmuniga to‘xtalar ekan, “missio” so‘zi lotin tilidan olingan bo‘lib, o‘zbek tilida “yuborish”, “vazifa topshirish”, “jo‘natmoq” degan ma’nolar tushunchasini anglatadi. Missionerlik o‘z mohiyatiga ko‘ra, biron-bir dinga e’tiqod qiluvchi xalqlar orasida o‘zining diniy qarashlarini targ‘ib etishni anglatsa, prozelitizm yunon tilidagi “proselitizm” so‘zidan olingan bo‘lib, “kelgindi bir joydan boshqa joyga ko‘chuvchi”, “o‘zining diniy e’tiqodidan voz kechib, boshqa dinga o‘tuvchi” degan ma’nolar bilan bir qatorda, “to‘g‘ridan-to‘g‘ri biror-bir dinga ishongan fuqaroni o‘z dinidan voz kechishga va turli usullar orqali o‘zga dinni qabul qilishga majbur qilish” degan ma’nolarni anglatishini alohida ta’kidlaydi. 

Hozirgi kunda globallashuv jarayonida inson ongi, qalbi va ruhiyatini zabt etish (ekspansiya)ga harakat qilayotgan missionerlik va prozelitizm harakatining oldini olish va bartaraf etishda, avvalo, axborot-psixologok xavfsizlikni ta’minlash dolzarb vazifa hisoblanadi. Zero, N.Q.Jo‘rayevning fikriga ko‘ra, axborot-psixologok xavfsizlikni ta’minlashni amalga oshirishda, inson ongi, qalbi va ruhiyatiga tazyiq o‘tkazishga harakat qilayotgan missionerlik va prozelitizm tahdidini oldini olishda, axborot-psixologok xavfsizlikni ta’minlash bu bevosita inson ruhiyatiga ta’sir o‘tkazish orqali uni o‘z g‘oyalari va muqaddas aqidalaridan va diniy e’tiqodidan ayiradigan buzg‘unchi g‘oyalardan asrashni anglatishga alohida urg‘u berib o‘tgan.

Hozirgi zamon siyosiy qarashlarida, missionerlik va prozelitizm harakatlari zamirida insonlarning ongi, qalbi va ruhiyatini egallash hamda uni boshqarishga intilish natijasida inson shaxsi darajasidagi salbiy oqibatlar, shaxsiyat va intellektual tanazzul, boshqalar irodasiga ko‘r-ko‘rona bo‘ysunish, individuallikning yo‘qolishi va uning o‘zga mazmun bilan to‘ldirilishi, taraqqiyotdan to‘xtash, moddiy yo‘qotishlar, insonlarning hayoti, ma’naviy dunyoqarashi va sog‘lig‘iga nisbatan salbiy holatlarni kelib chiqishiga zamin yaratmoqda. O‘z navbatida, missionerlik, avvalo, davlatlar va siyosiy kuchlarning geosiyosiy rejalariga xizmat qiluvchi siyosiy qurol vazifasini o‘tayotganligini alohida ta’kidlash lozim.

Shuningdek, f.f.d., prof. A.Ochildiyev o‘zining ilmiy tadqiqotlarida ushbu so‘zlarga quyidagicha izohlar berib o‘tgan: “Missionerlik” aslida lotincha “missio” so‘zidan olingan bo‘lib, “yuborish”, “huquq, yuksak burch”, “vazifa topshirish”, missionerlik esa belgilangan vazifani hal qilishga qaratilgan nazariy-amaliy faoliyat majmuini anglatadi. Missionerlikning tarkibiy qismi prozelitizm harakati esa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri biron dinga ishongan fuqaroni o‘z dinidan voz kechishga va o‘zga dinni qabul qilishga qaratilgan harakatlarni anglatadi.

S.f.d., prof. Sh.Paxrutdinovning fikrga ko‘ra, missionerlik – bu o‘z diniy qarashlarini o‘zga mamlakat aholisi orasida yoyish, prozelitizm esa, boshqa dinga e’tiqod qiluvchi shaxslarni o‘z dinidan chiqarib, o‘z diniga og‘dirib olishni anglatishga alohida urg‘u berib o‘tilgan. Shuningdek, u missionerlik va prozelitizm harakatlari bilan faol shug‘ullanayotgan, g‘arbona yutuqlar og‘ishidagi xristianlik zamirida vujudga kelgan turli tuman sektalar faoliyatiga alohida to‘xtalib, barcha sektalarga xos bo‘lgan an’anaviy yashash usulini inkor etish natijasida qandaydir sirli yangicha hayot tarziga o‘tishni da’vat etish hamda odamlar ongiga singdirish, o‘z yashash uslubi tafakkurini xohlovchi tarafdorlar qalbiga majburan kiritish, jahonda sodir bo‘layotgan jarayonlardan chetga chiqishga intilayotgan va chiqqan aholi toifasidan tarafdorlar sonini ko‘paytirish, sekta faoliyatida sekta rahbariyatining ishlarini shubhasiz amalga oshirish jamoatchilik ongi va tafakkurini birinchi o‘ringa qo‘yish, millat, milliy ildiz va tarixiy xotiralardan batamom uzoqlashgan odamlardan o‘z tarafdorlarini to‘plash va tarbiyalash begumon qurbon bo‘lishga tayyorlash hissi, missionerlik va prozelitizm mafkurasi  yo‘lida ongsiz va har qanday qabih vositalarni oqlash o‘z navbatida missionerlik va prozelitizm harakatlari natijasida davlat va jamiyat hayotidagi salbiy holatlarning kelib chiqishiga zamin yaratayotganini alohida ta’kidlaydi. 

Hozir kundagi missionerlik o‘z mohiyatiga ko‘ra, biror-bir dindagi kishilar tomonidan o‘z dinlarini ulug‘lash orqali diniy qadriyatlarini ustun qilib ko‘rsatishi natijasida boshqa din vakillarini o‘z dinga o‘tkazish uchun da’vat va targ‘ibot qilish jarayonini anglatsa, prozelitizm esa boshqa dindagi fuqaroni  dinidan chiqarib, o‘z diniga jalb etish tushuniladi.

Shuningdek, missionerlik va prozelitizm harakatlari xristianlikning katolik, provaslav, va protestant yo‘nalishlari o‘rtasidagi raqobatni vujudga keltirmoqda. Bu haqda 1998 yilda “Rodonej” gazetasida provaslav muallifi tomonidan ilgari surilgan fikrga ko‘ra, provaslav cherkovlari o‘z faoliyatini Rimda rivojlantirishga alohida e’tibor qaratishi ta’kidlangan. Provaslav pastorlarini faol targ‘ibot va tashviqot ishlari bilan shug‘ullanishi  missionerlikning kelajagi sifatida diniy maktablarda o‘qitiladigan har bir fanning davomiyligini ta’minlash uchun ilohiyot ta’limotini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratishga urg‘u berib o‘tadi.

Gʻarbning rivojlangan davlatlarida missiologiya ta’limi asosida faoliyat olib orayotgan bir necha universitetlar mavjud. Mazkur oliy o‘quqv yurtlarida keyingi yillarda xristian missionerligi faoliyati davomida missiya va missionerlik tushunchalaridan boshqa tushunchalarni ham qo‘llashga alohida e’tibor qaratmoqda. Bunday farqli tushunchalarni qo‘llashning eng asosiy jihatlari “missiya” va “missionerlik” tushunchalarining xristianlik ta’limoti tarqalmagan xalqlar ongida bevostia salbiy taassurot qoldirmoqda. O‘z navbatida ushbu xalqlarning o‘tmishdagi tajribalarida rivojlangan qudratli davlatlar tomonidan ayrim davlatlarga nisbatan o‘z davlatlarining siyosatini o‘tkazishda missionerlik asosiy rolni bajargan. Ayniqsa, missionerlik – gegemonlik va mustamlakani, bosqinchilik hamda kuchli davlatlarning kuchsiz davlatlarga nisbatan o‘zlarining siyosiy bosimini tajovuzkorlik  harakatlari  natijasida amalga oshirishni ifoda etgan.

Ma’lumki, o‘rta asrlarda yevropaning yirik mustamlakachi Ispaniya va Portugaliya kabi davlatlari Amerikaning mahalliy aholisi hindularini o‘z diniga kiritish uchun ularni ongi va qalbini o‘zgartirishga asosiy e’tibor qaratishgan. Shu orqali katolik missionerlari majusiy hisoblangan Amerika hindularini xristian diniga o‘tkazishni o‘zlarning asosiy vazifasi sifatida bosqinchilik siyosatini amalga oshirishgan. Bu haqda tadqiqotchi M.R. Rudnikning fikriga ko‘ra, o‘rta asrlar davrida amalga oshirilgan missionerlik faoliyatiga e’tibor qaratilsa, “Missionerlar mahalliy xalqlarni o‘z madaniyatini ichidan o‘zgartirish bilan bir qatorda, uni yo‘q qilishga harakat qilishdi”, deb ta’kidlagan edi. 

Bugungi kunda missionerlik va prozelitizm harakatini yaxshi anglagan ayrim davlatlar o‘z navbatida diniy targ‘ibotlarni hech qanday afishalarsiz, bemalol o‘z manfaatlari yo‘lida amalga oshirish maqsadida o‘zlarining missionerlik faoliyatlarini kerakli tomonga yo‘naltirishga alohida e’tibor qaratishmoqda. Shuningdek, ayrim  rivojlangan yetakchi davlatlarning missionerlik harakatidan ko‘zlagan asosiy maqsadi davlatlarning siyosiy rejalarini amalga oshirishda ular missionerlik va prozelitizm harakati vakillari bilan asosiy ittifoqdosh hamkorlar sifatida faoliyat olib borishmoqda.

Hozirgi kunda missionerlik va prozelitizm harakatlari to‘g‘risida turlicha yondashuvlar mavjud bo‘lib, bu borada, Rossiya RASIRSning prezidenti A.L.Dvorkin o‘zining tadqiqotlarida noqonuniy ravishda faoliyat olib borayotgan totalitar sektalarning missionerlik va prozelitizm harakatlari to‘g‘risidagi bildirgan fikriga ko‘ra, “Missionerlik” o‘zining diniy qarashlarini o‘zga din vakillari orasida targ‘ib etishni anglatsa, prozelitizm boshqa dinga e’tiqod qiluvchi din vakillarini aldov, tovlamachilik, firibgarlik kabi usullar orqali o‘zining diniga nisbatan shubha uyg‘otish natijasida ularni dinidan chiqarib, o‘z diniga og‘dirib olishini alohida ta’kidlaydi.   

Shu bilan bir qatorda, Rossiyalik tadqiqotchi P.N.Milyukov o‘zining ilmiy izlanishlarida missionerlik va prozelitizm harakatlari bilan faol shug‘ullanayotgan totalitar sektalar faoliyati haqida to‘xtalar ekan, eng avvalo, u “haqiqiy rus odami hech qachon sektant bo‘la olmasligini”, sektantlikning o‘zi esa “xorijdan kelgan yot o‘simta” ekanligi to‘g‘risidagi g‘oyalarni o‘zida aks etuvchi cherkov-missionerlik konsepsiyasining salbiy tomonilari to‘g‘risidagi fikrlarga e’tibor qaratadi.

Shuningdek, Rossiyadagi Krishna ongi jamiyati markazining Prezidenti Bxakti Vigьyana Gosvamining missionerlik va prozelitizm to‘g‘risidagi fikriga ko‘ra, prozelitizmning mohiyati – boshqalarni o‘z diniga og‘dirish uchun turli xil usular orqali zo‘ravonlik, yolg‘on va pora berish orqali o‘zga dindagi fuqaroni e’tiqod qilayotgan dinidan chiqarib, o‘z diniga o‘tkazish kabi yondashuvlar tajovuzkorlik deb qabul qilinishini ta’kidlaydi.

Hozirgi kunda dunyo miqyosidagi taniqli missionerlar qatorida e’tirof etilayotgan, yevangelist Billi Graxim o‘zining missionerlik faoliyati jarayonida, asosan, OAV vositalari – radio, televidenie sohalaridan keng foydalangan holda, o‘zga mamlakatlardagi siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy vaziyatlarni o‘zgartirish maqsadida, rivojlangan g‘arb davlatlardagi “ommaviy madaniyat”, “demokratik erkinliklarni joriy etish”, “yuqori turmush tarzi”, “g‘arb mamlakatlari urf-odatlari va madaniyatini targ‘ib etish” kabi usullardan keng foydalanishga asosiy urg‘u berishi aniqlangan. 

Missionerlik va prozelitizm harakatlarining dunyo miqyosidagi faoliyati zamirida, missionerlar o‘zlari faoliyat olib borgan mamlakatlarda, davlat va jamiyat hayotidagi siyosiy, ma’naviy, madaniy, iqtisodiy va boshqa aloqalarni amalga oshirish jarayonida o‘zlari uchun kerakli natijalarni qo‘lga kiritayotganligi, ayniqsa missionerlik faoliyatida diniy targ‘ibotlarga alohida e’tibor qaratilishi o‘z navbatida boshqa targ‘ibotlarga nisbatan ancha ustun ekanligini, bu esa o‘z navbatida hattoki, mudofaa salohiyatidan ham kuchli ekanligini va o‘zining samarasini ko‘rsatiyotganligiga alohida e’tibor qaratishadi. 

Hozirda dunyodagi rasmiy dinlar va konfessiyalar o‘rtasida kelib chiqayotgan ziddiyatlarning asosiy omili missionerlik va prozelitizm harakatlari natijasida sodir bo‘lmoqda. Zero, missionerlik va prozelitizm harakatlari ayrim davlatlardagi madaniy-ma’naviy munosabatlarga, insonlarning diniy e’tiqodiga nisbatan shubha uyg‘otish, dinlararo va millatlararo nizolarni keltirib chiqarishga zamin yaratmoqda. Shunday ekan, jamiyat xavfsizligi va mamlakat barqarorligiga nisbatan rahna soluvchi yovuz maqsadlar orqali yurtimizga tahdid solishga intilayotgan missionerlik va prozelitizm harakatlari misolida har qanday ma’naviy tahdid va mafkuraviy hurujlar, yot oqimlar ta’siridan ogoh bo‘lish va unga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish lozim. 

Mo‘minjon XO‘JAYEV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

“Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi dotsenti, 

falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) 

Mansur MUSAYEV,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi 

Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i, 

siyosiy fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) 

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish