Yoshlar madaniyatini yuksaltirishda ma’naviy-ma’rifiy mexanizmlarning samaradorligi muhim ahamiyatga ega
JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT
Har qanday jamiyat o‘z istiqbolini, potensial imkoniyatlarini, odamlar ongida ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni rivojlantirmay hamda mustahkamlamay turib tasavvur eta olmaydi. Ushbu haqiqatni yashab turgan bugungi zamonimizning rivojlanish xususiyatlari ham tasdiqlab turibdi.
Ma’naviyat va ma’rifat omili necha ming yillar osha xalqimizning o‘zligini yo‘qotmay, ba’zi millatlar kabi yo‘q bo‘lib ketmasdan saqlanib qolishini ta’minlagan o‘ta muhim manba bo‘lib xizmat qilgan. Bugun esa o‘z oldiga ulkan rejalar qo‘yib, odimlab borayotgan mamlakatimizning ezgu maqsadlariga erishishi uchun zarur bo‘lgan quvvat manbaiga aylangani bejiz emas. Shu bois, yurtimizda ma’naviyat va ma’rifat masalalariga alohida e’tibor berib kelinmoqda.
Sog‘lom fikrli, zamonaviy bilim va kasblarni puxta egallagan, yuksak mas’uliyatli va barkamol avlodni tarbiyalash ma’naviyat va ma’rifat sohasi uchun birlamchi masaladir.
Globallashuv sharoitida mafkuraviy kurashlar, ommaviy madaniyat yosh avlodning ongi va qalbiga turli vosita va usullar orqali ta’sir ko‘rsatishi yot va begona g‘oyalarning ta’sirini kuchaytirmoqda. Natijada yoshlarning o‘zligini anglashi, milliyligini his qilishi, tilini e’zozlashi, ma’naviyatini qadrlashi, jismoniy va ma’naviy komillikka erishishiga to‘sqinlik qilmoqda hamda erkin va mustaqil fikr-mulohazalar yuritish ko‘nikmalariga raxna solmoqda.
Ma’naviy tahdidlar kuchayotgan davrda yoshlarni jismoniy, intellektual va ma’naviy barkamol etib tarbiyalash, huquqiy-siyosiy ongi va madaniyatini oshirish, ularda fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish orqali ijtimoiy faolligini kuchaytirish dolzarb masalaga aylanmoqda.
Mamlakatimizda fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash, jamiyat hayotining barcha sohalarida sezilarli o‘zgarishlar ketayotgan bugungi davrda yoshlarning milliy o‘zlikni qadrlash, jismoniy, intellektual va ma’naviy komillikka erishish, erkin va mustaqil fikr-mulohazalarni yuritish ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda yoshlarni huquqiy, siyosiy ongi va madaniyatini yuksaltirish orqali ularda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga daxldorlik hissini kuchaytirish kabi masalalarning dolzarbligi ortib bormoqda.
Istiqlol yillarida O‘zbekistonda suveren taraqqiyotning yagona to‘g‘ri yo‘li sifatida huquqiy demokratik davlat va adolatli jamiyatni barpo qilish, uning siyosiy, institutsional, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy asoslarini mustahkamlash va xalqimiz uchun eng munosib bo‘lgan erkin va farovon hayot tarzini shakllantirish borasida samarali islohotlar amalga oshirilmoqda. Natijada mamlakatimizda demokratik taraqqiyotning navbatdagi keng imkoniyatlarini ochilishi uchun zarur bo‘lgan asoslar yaratildi. Shu bois ham endilikda erishilgan salmoqli natijalarga tayangan holda, mamlakatimizda demokratik qadriyatlarni jamiyatimiz hayotiga har tomonlama chuqur singdirish, fuqarolik jamiyati ko‘nikmalari mustahkam qaror topgan yangi sifat bosqichiga o‘tkazish vazifalarini amalga oshirish jarayonlari izchillik bilan ro‘y bermoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida ta’kidlaganidek, “Xalqaro terrorizm va ekstremizmning ildizini boshqa omillar bilan birga, jaholat va murosasizlik tashkil etadi, deb hisoblayman.
Shu munosabat bilan odamlar, birinchi navbatda, yoshlarning ongu tafakkurini ma’rifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifadir”.
Darhaqiqat, hozirda terrorizm va ekstremizmning sotsial bazasini kam ta’minlangan, ijtimoiy adolatsizlikka uchragan, zamonaviy bilimlarga ega bo‘lmagan kishilar tashkil etmoqda. Afsuski, terrorizm va ekstremizm ta’siriga tushib qolayotganlarning aksariyati yoshlardir.
Zero, terrorizm va ekstremizmning oqibatlari bilan kurashishdan ko‘ra, uning oldini olish choralarini ko‘rish ko‘proq samara berishi tabiiydir. Bu esa ijtimoiy sohaga ustuvor darajada e’tibor qaratishni, yoshlar bilan ko‘proq ishlashni taqozo qiladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, bugungi kunda ma’naviyat va ma’rifat ishlari yurtimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmonlarida hamda 2017-yil 28-iyuldagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi qarorida belgilab berilgan ustuvor vazifalar yoshlarning huquqiy madaniyatini yanada oshirish, innovasion tafakkur va milliy g‘oyaga sodiqlik ruhini kuchaytirishda ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot mexanizmlarini takomillashtirish dolzarb masala sifatida kun tartibiga ko‘tarilmoqda.
Keyingi paytlarda mamlakatimizga g‘arazli maqsaddagi yovuz kuchlarning, ekstremizm va aqidaparastlarning tahdidlari, ayniqsa, ular tomonidan amalga oshirilayotgan mafkuraviy tahdidlar jamiyatimizda ma’naviyat va ma’rifat borasida olib borilayotgan ishlar yetarli darajada emasligi, ularning samaradorligini oshirish yuzasidan jiddiy chora-tadbirlar ko‘rishni taqozo etmoqda. Buning zaminida jamiyatimizda milliy istiqlol g‘oyasini, kuchli mafkuraviy immunitetni shakllantirish, huquqiy madaniyatni oshirish maqsadi yotadi.
Bizning fikrimizcha, hozirgi vaqtda jamiyatimizda yuksak ma’naviyat va ma’rifatni qaror toptirishning nihoyatda puxta o‘ylangan, ilmiy asoslangan shunday mexanizmini yaratish zarurki, u hozirgi davrimizning barcha talablariga mukammal javob bera olsin.
Bugungi kunda jamiyatimizda ma’naviyat va ma’rifat ishlarini yuksaltirish borasidagi uslubiy yondashuvlarda jiddiy sifat o‘zgarishlarini amalga oshirish zarur. Ushbu o‘rinda ma’naviyat va ma’rifat ishlari olib borilayotgan konkret ijtimoiy obyektga nisbatan differensial yondashuv ustuvor bo‘lmog‘i kerakligiga alohida e’tibor qaratish lozim. Ana shundagina amalga oshirilayotgan ishlarda yuqori samaraga erishish mumkin.
Masalan, ijtimoiy holati va mavqei, yoshi, millati, kasbi, yashash joyi (shahar, qishloq, ko‘p qavatli uylar), ma’lumoti, oilaviy ahvoli va ijtimoiy kelib chiqishiga ko‘ra; ijtimoiy fikri va dunyoqarashi, tafakkur tarzi, bilim darajasi, shakllangan ijtimoiy munosabatlar holati.
Ushbu o‘rinda o‘rganishning sotsiologik va empirik uslublaridan foydalanilsa, yanada maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Ijtimoiy obyektni o‘rganishdan asosiy maqsad uning ma’naviy va ma’rifiy salohiyat darajasini aniqlash va baholashdan iborat bo‘lmog‘i lozim.
Bunda har bir ijtimoiy obyektga nisbatan alohida olingan chora-tadbirlar ko‘lami va hajmini aniqlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlarning usul va uslublarini belgilash birinchi darajali ahamiyatga ega.
Chora-tadbirlar va vazifalar ko‘lamini hal qilishda esa quyidagi jihatlarga alohida e’tibor qaratish zarur:
Birinchidan, zamon nuqtayi nazaridan, ya’ni yoshlarning ongiga milliy istiqlol g‘oyasini singdirib borish, ularni huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo qilishdek maqsadlar sari safarbar qilish, jamiyatda mafkuraviy immunitetni shakllantirish, o‘tish davriga xos bo‘lgan obyektiv voqelikni hisobga olgan holda demokratik qadriyatlarni aholi tafakkurida kamol toptirish, ularning siyosiy, huquqiy madaniyatini yuksaltirish va siyosiy faolligini kuchaytirish, o‘tish davri ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini xal qilishning ilmiy, nazariy va amaliy choralarini izlab topish masalasiga jiddiy e’tibor berish;
Ikkinchidan, makon nuqtayi nazaridan: yashash joyining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jihatlariga, shu jumladan, aholi turmush tarziga e’tibor qaratish.
Demak, mazkur masalalarga e’tibor bergan holda, ma’naviyat va ma’rifat ishlarini amalga oshirish jamiyatimiz taraqqiyoti oldidagi eng dolzarb vazifalarni hal etishda yoshlarni safar qilishga yordam beradi.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, yosh avlod orasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, xususan, huquqiy targ‘ibot tadbirlarini jonlantirish zarur. Zero, yoshlarning huquqiy madaniyatini takomillashtirish demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning asosiy shartidir.
Sirasini aytganda, O‘zbekistonda bilimga intilayotgan va o‘z ustida ishlayotgan yoshlar o‘z maqsadlari erishishi uchun barcha sharoit mavjud. Yosh avlodni hayotga qat’iy e’tiqod va qarashlar ruhida, mentalitetimizga yot bo‘lgan zararli ta’sirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida alohida dolzarblik kasb etadi. Shu bois, yoshlar tafakkurini bunyodkor g‘oyalar bilan boyitishda munatazam ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotlarning muhim ahamiyatiga ega.
Muxtor NAZIROV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi dotsenti v.b.,
siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori
Izoh qoldirish