330

Yoshlar ta’lim-tarbiyasida oilaning o‘rni

Yoshlar tarbiyasi hamma davr, har qanday jamiyat uchun eng ustuvor vazifalardan biri bo‘lib kelgan. Bugungi globallashuv jarayonida insoniyat oldidagi eng muhim masalalaridan biri yoshlarning odob-axloqi va ularning ta’lim-tarbiyasi masalasidir. Mamlakat rivoji, yurt ravnaqi o‘sha mamlakatning ertasi, kelajagi bo‘lgan yoshlarning ta’lim-tarbiyasiga bog‘liq. 

Yoshlarimiz ongida el-u yurtga, Vatanga muhabbat tuyg‘usi oilada, yashab turgan mahallasida shakllanadi. Eng yaxshi tarbiya bu zukko va komil ota-ona tomonidan o‘z farzandiga berilgan tarbiyadir. Qaysi oilada, qaysi mahallada tarbiya yaxshi yo‘lga qo‘yilar ekan, o‘sha oila, o‘sha mahalla farovon bo‘ladi. “Farzand tarbiyasini qachondan boshlamoq kerak?”, degan savol ko‘pchilikni o‘ylantiradi. 

Qomusiy olim Abu Ali Ibn Sino fikricha, bola tarbiyasi bilan uning tug‘ilishidan avvalroq, ona qornidan boshlamoq lozim. Oiladagi muhit ota-ona o‘z mas’uliyatini his qilishi bilan barqaror bo‘ladi. Farzand tarbiyasida ota-onaning muomalasi muhim o‘rin tutadi. Bola ota-ona tomonidan qo‘pol, dag‘al so‘zlar eshitib katta bo‘lsa, bu uning tabiatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa, o‘z navbatida oiladagi nosog‘lom muhitda tarbiyalanayotgan boladan “ma’naviy kasal” insonlar shakllanadi. Ular esa jamiyat ma’naviyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. 

Farzand tarbiyasi o‘ta murakkab va mas’uliyatli jarayon. Bu har bir ota-onadan o‘z ustida muntazam ishlashni, bolalar tarbiyasiga oid barcha ma’lumotlardan boxabar bo‘lib borishni talab etadi. “Garchi har bir inson beshikdan to qabrgacha ilm olish qobiliyatiga ega bo‘lsa da, lekin uni bolalikdan tarbiyalash ta’sirliroq va juda muhimdir”, degan edi Abdurauf Fitrat. Har bir ota-ona ana shu fikrni hamisha yodda tutmog‘i lozimdir.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadisi shariflarida: “Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar”, deya marhamat qilganlar. Darhaqiqat, farzandlarning go‘zal odob bilan bezangani Yaratgan nazdida ham muhim fazilatdir. Ushbu hadisni idrok etgan holda, har bir ota-ota o‘z dilbandining xulq-atvori, ma’naviyatiga chuqur e’tibor qaratishi, tarbiyasini doimo nazorat qilib borishi maqsadga muvofiqdir.

Ayniqsa, bugungi globallashuv davrida o‘ziga xos va mos milliy, diniy qadriyatlarga asoslangan xalqimizning tarbiya borasidagi azaliy an’analari “ommaviy madaniyat”, mentalitetimizga yot g‘oya va qarashlar ta’sirida asl mohiyatini yo‘qotib borayotgani barchamizni tashvishga soladi. Ushbu jarayonga, ya’ni tarbiya masalasiga o‘z vaqtida jiddiy e’tibor qaratmasak, ertaga kech bo‘lishi, tuzatib bo‘lmas darajadagi oqibatlarga olib kelishi mumkin. Zero, tarbiya borasida taniqli ma’rifatparvar Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir” degan so‘zlarini aslo unutmasligimiz lozim.

Hozirda ayrim yoshlarning yurish-turishi, ayniqsa, kiyinishini ko‘rib, o‘ylanib qolasan kishi. Kiyinish madaniyati va xalqimizning qadim qadriyatlariga hurmat asosida tarbiyalash muhim vazifalardandir.

Bugun aksariyat yoshlar bo‘sh vaqti bo‘lguncha, qo‘l telefoni bilan mashg‘ul bo‘lishi odatiy holga aylanib qoldi. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ayniqsa, internet taraqqiyot darajamizni bir necha pog‘onaga ko‘tardi, uzog‘imizni yaqin, ishimizni yengil qildi. Lekin yoshlarning uyali telefonga asir bo‘lib qolayotgani, internet va ijtimoiy tarmoqlardan, ulardagi ma’lumotlardan oqilona foydalanishlari borasida jiddiy o‘ylab ko‘rishimiz kerak bo‘lgan jihatlar talaygina.

Ayniqsa, internet tarmoqlarida tarqatilayotgan diniy aqidaparastlik, terrorizm g‘oyalarini yoyish, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishlarini yoshlar ongiga singdirish, ularning turmush tarziga aylantirishga bo‘layotgan urinishlarga, yoshlarimizning ana shu illatlar ta’siriga tushib qolmasliklari, yuqoridagi kabi aldovlarga ko‘r-ko‘rona ergashmasliklari uchun eng avvalo, ularning bilim va tafakkurini boyitish, internet ma’lumotlaridan o‘rinli va oqilona foydalana bilish ko‘nikmasini shakllantirishimiz zarur. Yoshlarimizda yot g‘oyalarga, illatlarga qarshi ma’naviy immunitet shakllanmas ekan, axborot xurujlari xavfidan, hayotimizga, mafkuramizga kirib kelayotgan illatlardan aslo qutula olmaymiz.

Xulosa qilib aytish mumkinki, mustahkam ma’naviy immunitetli, o‘zining fikrlarini ravon ayta oladigan, yuqori marralarga erishuvchan avlodni tarbiyalash uchun ota-ona, oila muhiti juda katta ahamiyat kasb etadi. O‘zining kimligini, qanday bebaho meros vorislari ekanini teran anglab, ona yurtga muhabbat va sadoqat hissi bilan yashaydigan, imon-e’tiqodi mustahkam yosh avlodgina muqaddas zaminimizni yot va begona ta’sirlardan, balo-qazolardan saqlashga, Vatanimizni har tomonlama ravnaq toptirishga qodir bo‘ladi. Farzandlarimizga shunday tarbiya beraylikki, ular o‘z ota-bobolariga, o‘z tarixi, Vatani, ona tiliga, millati, diniga va an’nalariga sodiq bo‘lib kamol topishsin.

Dilfuza SAGDULLAYEVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi katta o‘qituvchisi, PhD

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish