387

Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot... masalasidir

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Taniqli ma’rifatparvar Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir” degan chuqur ma’noli so‘zlari naqadar haqiqat ekanini bugun, har qachongidan ham yaxshi anglaymiz.

Tarbiya masalalariga e’tiborsiz qaralgan vaziyatda yuzaga keladigan ko‘ngilsizliklar ham, u keltirib chiqaradigan zararli oqibatlar ham barchamizga ayon. Ammo bugun kishilarimizga ana shu haqiqatni aytsangiz sizga: “Nima qilay, ishlamasang bo‘lmasa!”, “Ko‘ryapsiz-ku, osonmas, hayot tashvishlari, bolalarning yeb-ichishi-yu, kiyim kechagi ...”, “Ha endi o‘zi omon bo‘lsa, tarbiyasi bir gap bo‘lar...”.

Yo‘q, tarbiya “bir gap bo‘ladigan” narsa emas! Uning uchun jon kuydirish shart. Mol-dunyo, kiyim-kechakka hirs qo‘yish dardidan forig‘ bo‘lib, tarbiya bilan shug‘ullanish kerak.

Go‘yo ko‘pchilikning farzand tarbiyasi bilan band bo‘lishga ortiqcha vaqti yo‘q emish. Vaholanki, tarbiya masalalari bilan ortiqcha vaqtda emas, har daqiqada shug‘ullanish darkor. Olimlar bir sutkada farzand tarbiyasi uchun faqatgina o‘n ikki daqiqagina vaqt ajratadigan ota-onalar bor ekanini aniqlaganlar. Bu daqiqalar ham asosan dasturxon atrofida o‘tirganda, bola ko‘chaga chiqayotganda, maktabga ketayotgandan beriladigan kichik tanbehlarga sarf bo‘lar ekan, xolos.

Buyuk vatandoshimiz Imom Gʻazzoliy bunday deydi: “Bolalar ota-onalariga berilgan bir omonatdir. Bolaning qalbi har qanday naqsh-u tasvirdan xoli bir qimmatbaho gavhardir. U qanday naqsh solinsa, qabul qiladi, qayoqqa bukilsa, egiladi. Agar yaxshilikka o‘rgatilsa, shu bilan o‘sadi va dunyo-yu oxiratda saodatga erishadi. Uning sa­vobiga ota-onasi ham, har bir muallim-u ustozlari ham sherik bo‘ladilar. Agar yomonlikka odatlantirilsa, hayvonlardek o‘z holiga tashlab qo‘yilsa, oxir-oqibat halok bo‘ladi. Gunohi esa uning tarbiyasi uchun javobgar bo‘lganlarning gardaniga tushadi”.

Aziz ota onalar, bu borada olib borayotgan ishlaringizga bir nazar tashlab ko‘ring-a?! Siz buni qay daraja uddalayapsiz, farzandingizga, uning tarbiyasiga qancha vaqt ajratyapsiz?

Zero, bugun ilm-fan va ta’lim izchil rivojlanib borayotgan bir davrda hech shak-shubhasiz tarbiya ta’limning asosida turishi shartdir. Shunday ekan, ilm-fan ta’lim-tarbiya asosida olib borilishi maqsadga muvofiqdir. Qolaversa, har bir pedagog, muallim va ustozning ta’lim berishdan maqsadi kelajagi porloq, Vatan va el-yurt xizmatida turadigan halol kadrlarni tarbiyalash bo‘lsagina, bunday ta’lim-tarbiya o‘z samarasini bermay qolmaydi. Ya’ni, bugungi kunning o‘qituvchi va muallimi o‘zi ta’lim berayotgan shaxsga fidoyilik bilan ta’lim berishi, qolaversa jonkuyar tarbiyachi bo‘lishi shart. Ayni damda tarbiya sohasida o‘qituvchi va muallimlar o‘quvchi yoshlarga shaxsan namuna bo‘lishlari ham muhimdir!

“Ta’limni tarbiyadan, tarbiyani esa ta’limdan ajratib bo‘lmaydi – bu sharqona qarash, sharqona hayot falsafasi”. Shunday ekan, ta’lim va tarbiya ishini uyg‘un holda olib borish talab etiladi.

Shuni unutmasligimiz kerakki, yurt kelajagi, vatanimiz taraqqiyoti va xalqimizning ertangi kuni qanday bo‘lishi farzandlarimiz va yoshlarimizning bugun qanday ta’lim va tarbiya olishiga bog‘liqdir. Shu sababli har bir ota-ona, ustoz va murabbiy har bir bola timsolida avvalo shaxsni ko‘rishi zarur. Ana shu oddiy talabdan kelib chiqqan holda, o‘nib-o‘sib kelayotgan yoshlarni mustaqil va keng fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lgan, ongli yashaydigan komil insonlar etib voyaga yetkazish – ta’lim-tarbiya sohasining asosiy maqsadi va vazifasi bo‘lishi lozim, deb qabul qilishimiz kerak.

Ma’lumki, ota-bobolarimiz qadimdan bebaho boylik bo‘lmish ilmu ma’rifat, ta’lim va tarbiyani inson kamoloti va millat ravnaqining eng asosiy sharti va garovi deb bilgan.

Albatta, ta’lim-tarbiya – ong mahsuli, lekin ayni vaqtda ong darajasi va uning rivojini ham belgilaydigan, ya’ni xalq ma’naviyatini shakllantiradigan va boyitadigan eng muhim omildir. Binobarin, ta’lim-tarbiya tizimini va shu asosda ongni o‘zgartirmasdan turib, ma’naviyatni rivojlantirib bo‘lmaydi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, farzandlarimizni ilm-fan va ta’lim-tarbiya asosida voyaga yetkazish maqsadga muvofiq ekan, o‘z o‘rnida tarbiya esa ma’naviyat bilan chambarchas bog‘liqdir. Zero, yoshlar kelajak egalari hisoblanadi. Yoshlarimiz ta’lim-tarbiyasida esa ma’naviy tarbiya katta ahamiyatga ega.

Eng muhimi, farzandlarimizni sog‘lom, komil inson qilib tarbiyalaylikki, ular o‘z ota-bobolariga, tariximizga, Vatanimizga, ona tilimizga, o‘z milliy qadriyatlarimizga, muqaddas dinimiz an’analariga sodiq bo‘lishsin.

O‘tkir GʻUZAROV,

“Xoja Buxoriy” nomli o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri

Manba: muslim.uz 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish