144

Mazhabga ergashmoqlik ixtiloflar yechimi

         JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Mutaaxxir (keyingi) ulamolar musulmonlarni muayyan bir mazhabga ergashishlari vojib, deganlar. Chunki har bir musulmon o‘zi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Qur’on va hadisdan hukmlarni olish imkoniyatiga ega emas. Va yana har kim o‘zi bilganicha amal qiladigan bo‘lsa, omma o‘rtasida turli ixtilof va nizolarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. 

Movaraunnahr o‘lkasida yashaydigan xalqlar, xususan, biz o‘zbeklar ham necha asrlardan beri sunniylikning to‘rt fiqhiy mazhabidan biri bo‘lgan hanafiylik mazhabiga amal qilib kelamiz. Hanafiylik o‘z tarixiy taraqqiyotining barcha bosqichlarida dinning yaxlitligi, musulmonlarning hamjihatligi, o‘zaro inoqligi va birligini ta’minlashda eng muhim omil sifatida kurashib kelgan. U musulmonlar orasidagi har qanday firqachilikka qarshi bo‘lib, qavmning diniy e’tiqod belgilari bo‘yicha guruhlarga bo‘linish g‘oyasini hech qachon tan olmagan. Garchand turli oqim va firqalar har doim islom dini yaxlitligini buzishga urinib kelgan bo‘lsa-da, hech qachon buning uddasidan chiqolmaganlar. Bu muvaffaqiyatning zamirida ham shu ahli sunna ulamolari keltirgan dalil va asoslarning mustahkam va to‘g‘riligi asos bo‘lib xizmat qilgan. Musulmonlar ommasiga ushbu haqiqatlarni tushuntirib berish bemazhablik avj olgan hozirgi davrda ayniqsa muhimdir.

Alloma Zafar Ahmad Usmoniy rahmatullohi alayh “E’lous-sunan” kitoblarida shunday deganlar: “To‘rt mazhab imomlari haqiqatan to‘g‘ri yo‘l va hidoyatdadir. Bir yurtda ulardan qaysi birining mazhabi tarqalgan bo‘lsa, uning ulamolari va kitoblari ko‘p bo‘lsa, ijtihod darajasiga yetmagan kishi (oyat va hadislardan o‘zi mustaqil hukm chiqarishga qodir bo‘lmagan kishi) uchun o‘sha mazhabga ergashmoq vojib bo‘ladi. O‘z yurtida keng tarqalmagan va ulamolari ko‘p bo‘lmagan mazhabga ergashish joiz emas. Chunki bunday holatda mazkur mazhabning barcha hukmlarini o‘rganish imkoni bo‘lmaydi. Buni yaxshi biling. Inshaalloh, haqiqat bundan boshqada emas. Agar bir yurtda barcha mazhablar tarqalib, mashhur bo‘lgan bo‘lsa, hamda u mazhablarning ulamolari ham yetarli bo‘lsa, ijtihod darajasiga yetmagan kishi uchun istagan mazhabiga ergashish joiz bo‘ladi”.

Mashhur alloma Abdulhay Laknaviy hazratlari o‘zlarining “Majmuat-ul fatavo” kitoblarida Shoh Valiyulloh Dehlaviyning quyidagi so‘zlarini keltirganlar: “Hindiston va Movarounnahr yurtlarida shofe’iylarni ham, hanbaliylarni ham, molikiylarni ham mazhabi yo‘q, ushbu mazhab kitoblari ham topilmaydi. Shuning uchun ushbu shaharlarda yashovchi ijtihod darajasiga yetmagan kimsalarga Abu Hanifa mazhabiga ergashishi vojib bo‘ladi. Makkai mukarrama va Madinai munavvarada yashaguvchi kimsalarga unday emas. Chunki u yerda jami mazhablarni topish imkoniyati bor”.

Demak, bizning yurtimizda faqatgina Imomi A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayning mazhabiga amal qilish, turli ixtiloflar kelib chiqishiga sababchi bo‘lmaslik  lozim ekani ma’lum bo‘lmoqda.

Ulug‘bek XASANOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish