204

Diniy bag‘rikenglik – oliy himmat

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Dunyo yaralganidan buyon odamzod millati, dini, irqidan qat’iy nazar birgalikda yashab keladi. Tinchlik, totuvlik, millatlararo bag‘rikenglik hamda turli dinlararo tolerantlik va do‘stlik munosabatlari har qanday jamiyat va mamlakatning rivoji uchun mustahkam asos hisoblanadi.

“Bag‘rikenglik” tushunchasining ta’riflari soni doimiy ravishda yangilanadi. Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasining 1-moddasida bag‘rikenglikka quyidagicha ta’rif berilgan: “Bag‘rikenglik – bu yon berish, kamsitish yoki indulgensiya emas. Tolerantlik, eng avvalo, insonning umuminsoniy huquqlari va boshqalarning asosiy erkinliklarini tan olishdan kelib chiqadigan faol munosabatdir. Bag‘rikenglik alohida shaxslar, guruhlar va davlatlar tomonidan amalga oshirilishi kerak. 

Bag‘rikenglik – bu bizning dunyomizdagi turli boy madaniyatlarni, o’zini ifodalashning va insonning alohidaligini namoyon qilishning xilma-xil usullarini hurmat qilish, qabul qilish va to‘g‘ri tushunishni anglatadi. Uni bilim, samimiyat, muloqot va hurfikr, vijdon va e’tiqod vujudga keltiradi. Bag‘rikenglik bu turli-tumanlikdagi birlikdir…”

UNESCO tomonidan 1995-yil 16-noyabrda qabul qilingan “Bag‘rikenglik tamoyillari Deklaratsiyasi”dagi “tolerant” so‘zi o‘zbek tilimizga “bag‘rikenglik” deya tarjima qilinganidan so‘ng bu so‘z tilimizda o‘rnashib qoldi. Bag‘rikenglik bilan bir qatorda diniy bag‘rikenglik so‘zi ham keng qo‘llaniladi. Diniy bag‘rikenglik bu turli din vakillarining e’tiqodidagi aqidaviy farqlardan qat’iy nazar, bir yerda yonma-yon, tinch-totuv, o‘zaro hamkorlik hamda do‘stlik munosabatlarida yashashlaridir. Shuningdek, diniy bag‘rikenglik – xilma-xil e’tiqodda bo‘lgan kishilarning olijanob g‘oya va niyatlar yo‘lida hamjihat bo‘lib yashashi, kishilik jamiyati ravnaqi yo‘lida xizmat qilishini anglatadi. Hozirda bu g‘oya ezgulik yo‘lida nafaqat dindorlar, balki jamiyatning barcha a’zolari hamkorligini nazarda tutadi.

Albatta, diniy bag‘rikenglik jarayoni o‘z-o‘zidan, tasodifan yuzaga kelmaydi, balki u demokratik jamiyat qurish yo’lidan borayotgan davlatning adolatli siyosati hosilasidir. Davlat nafaqat iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy sohalarda, balki turli millatlar va dinlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni, bag‘rikenglikni ta’minlashda ham yetakchi va asosiy bo‘lishi zarur bo‘ladi. 

Qur’oni karimda kishining e’tiqodiga dahl qilib bo‘lmasligi, biror dinga ishonish va e’tiqod qilish insonlarning shaxsiy ishi ekani va bu har kimning o‘z vijdoniga havola ekani aniq bayon etilgan.

Umuman olganda, Qur’oni karimning 50 dan ortiq surasidagi yuzlab oyatlarda musulmonlar tinchlikparvarlik va boshqa din vakillariga nisbatan bag‘rikenglik munosabatlatida bo‘lishlariga da’vat etilgan.  Xususan, Mumtahana surasi 8-oyatda shunday deyiladi: “Dinlaringiz to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z diyorlaringizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishlaringizdan va ularga adolatli bo‘lishlaringizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatlilarni sevar”.

Shunday ekan, diniy bag‘rikenglik zamonaviylikning asosi va jamiyatlarning rivojlanishiga imkon beradi. Bu jamiyatning har bir a’zosiga teng huquqlar asosida davlati rivojiga hissa qo‘shish imkonini beradi. Diniy bag‘rikenglik tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, ozod va obod Vatan qurishning muhim shartidir.

Markaziy Osiyo, xususan, O’zbekiston qadim asrlardan turli madaniyat, til, urf-odat, turmush tarziga ega bo‘lgan, xilma-xil dinlarga e’tiqod qiluvchi va bir-biriga o‘xshash bo‘lmagan turli xalqlar, millatlar yashagan va yashab kelayotgan o‘lkadir. Shubha yo‘qki, diniy bag‘rikenglik munosabati xalqimizga xos alohida fazilat bo’lib qolgan. 

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, hozirda yurtimiz aholisining katta qismini islom diniga e’tiqod qiluvchi musulmonlar tashkil qilishiga qaramay, diniy konfessiyaga mansub tashkilotlar erkin, o’zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik ruhida faoliyat yuritayotgani va qonunga muvofiq, ularning har biri o‘z faoliyatida bir xil huquq va erkinliklarga ega ekani yuqorida aytilgan fikrlarning yaqqol namunasidir.  

Soliha RAHMONOVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Islomshunoslik fakulteti “Dinshunoslik” yo‘nalishi 3-bosqich talabasi

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish