1

Yoshlar – yangi O‘zbekiston kelajagi bunyodkori

Bugungi globallashuv davrida taraqqiyotning yuksak marralarini koʻzlab intilayotgan har bir davlat oldida yoshlarning qalbi va ongini yot gʻoyalardan asrashdek muhim vazifalar ustuvor boʻlib turibdi. Bunga erishish uchun, avvalo, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish lozim. 

Yurtimizda 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar soni 18 milliondan ziyod va bu ularga oid masalalar bilan ishlashda yangicha yondashuv va talablarni yuzaga chiqarmoqda. Jamiyatimizdagi islohotlar jarayonida bu masalalarga ustuvor ahamiyat berilayotgani navqiron avlodni ertangi kunimizning munosib davomchilari etib tarbiyalashda muhim omil boʻlayotir.

Ayniqsa, yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish ustuvor masala sanaladi. Mehnat bozorida yoshlarga munosib ish oʻrinlarini topib berish mamlakat istiqboli uchun muhim ahamiyatga ega. 

Shu maqsadda bugun Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida 2024-2025-oʻquv yili bitiruvchilari hamda ish beruvchi vazirliklar, idoralar, turli tashkilot, korxona va muassasalar oʻrtasida bevosita muloqotini taʼminlash maqsadida “Yoshlar – yangi O‘zbekiston kelajagi bunyodkori” shiori ostida ish beruvchi tashkilot vakillari va talabalar uchrashuvi oʻtkazildi. 

Tadbirni Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish soʻzi bilan ochib berdi. 

Akademiya rektori o‘z nutqida yoshlar – kelajagimiz poydevori ekani, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash esa davlatimiz siyosatining ustuvor maqsadi ekanini qayd etdi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida xassos soha – muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan, fundamental tadqiq etish, ulugʻ allomalar maʼnaviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qoʻshadigan yuksak salohiyatli mutaxassis-kadrlar tayyorlash jarayonida ham koʻplab yangiliklar amalga oshirilganini e’tirof etdi. 

Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida talabalar hamda ish beruvchi tashkilotlar bilan “Karyera kuni” uchrashuvning oʻtkazilishi muntazamlik kasb etgan.

Tadbirda Akademiyaning Mumtoz sharq filologiyasi, Islomshunoslik va Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakultetlarining bakalavriat yo‘nalishi bitiruvchi talabalari ishtirok etdi.

Darhaqiqat, yoshlar – ertamiz egalari. Bu borada joriy yilning 14-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida yoshlar bilan ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan uchrashuvda ham bejiz yoshlarni xalqimizning oltin fondi deb atamadilar. 

Mazkur muloqotda 2025-yilda O‘zbekistonda yoshlar ishsizligiga barham berish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilishi ta’kidlandi. 

“Kelgusida Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiylar qayerdan paydo bo‘ladi? Bu ulkan vazifalarni kim bajaradi? 

Men qayta-qayta takrorlashdan charchamayman. Albatta, bu ezgu g‘oyalarni sizlar – bugungi Yangi O‘zbekiston yoshlari amalga oshirasizlar!”, dedi davlatimiz rahbari.

2024-2025-oʻquv yilida Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasini 309 nafar talaba bakalavriat va 95 nafar yigit-qiz esa magistratura bosqichini tamomlamoqda. Akademiyada Islomshunoslik, Mumtoz sharq filologiyasi hamda Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti hamda 10 ta kafedra faoliyat yuritmoqda. 

Hamkor tashkilotlar ko‘lami esa yil sayin ko‘payib bormoqda. Hozirgi kunga kelib, Akademiya va tashkilotlar o‘rtasida 100 dan ortiq hamkorlik bo‘yicha memorandum va shartnomalar imzolangan. 

Taʼkidlash joizki, globallashuv davrida zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirish, chinakam maʼrifat va yuksak madaniyat egasi boʻlish, uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak. Shu bois, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida koʻplab yangiliklar amalga oshirildi. 

Talaba-yoshlar xalqaro taʼlim standartlari asosida tahsil olmoqda. Ularga oʻz sohasining yetuk olimlari, mutaxassislari saboq beryapti. Xalqaro miqyosda ham oʻz nufuziga ega boʻlib borayotgan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi muntazam ravishda oʻz moddiy-texnik bazasini ham rivojlantirib, talabalarning xalqaro taʼlim standartlari asosida taʼlim olishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib bermoqda.

Bitiruvchilarni munosib ish oʻrni bilan taʼminlash maqsadida hozirda ko‘plab korxona, tashkilot va muassasalar bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan. Jumladan, talabalar respublikamizdagi barcha taʼlim muassasalari, tashkilot va idoralarda amaliyot olib boryapti. 

Rasmiy marosimlardan soʻng ishga tanlov yuzasidan ish beruvchilarning bitiruvchilar bilan suhbat jarayonlari tashkil etildi. Mazkur jarayonda 70 ga yaqin davlat va nodavlat tashkilotlarining vakillari ishtirok etdi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti, Hadis ilmi maktabi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti,  O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston Milliy arxivi, Alfraganus universiteti va boshqa ko‘plab hamkor tashkilotlar vakillari qatnashdilar. 

Tadbirda faollik ko‘rsatgan bir guruh ish beruvchi tashkilotlar vakillariga Akademiya tomonidan esdalik sovg‘alari hamda tashakkurnomalar topshirildi. 

Shundan so‘ng ish beruvchilarning bitiruvchilar bilan suhbat jarayonlari tashkil etildi. Shu kunning o‘zida talabalar bilan mehnat shartnomalari tuzildi.

Muxtasar aytganda, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi yoshlarning taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi yoʻlida zamonaviy, ilgʻor-innovatsion shart-sharoitlarni yaratib bermoqda. Bugungi tadbir esa ana shu ishlarning amaliy davomi hisoblanadi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish