
Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yoʻlidagi qahramonlik unutilmaydi
Ayni paytda yurtimiz bo‘ylab 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, xotira kechalari o‘tkazilmoqda. Har yili mazkur sana o‘zgacha shukuhda nishonlanadi. Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 19-fevralda “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarorining imzolanishi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Mazkur hujjatda yurtimizda “Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yoʻlidagi qahramonlik unutilmaydi” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik va madaniy-maʼrifiy tadbirlar doirasida mazkur sanani keng nishonlash, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ajdodlarimiz xotirasiga chuqur hurmat bajo keltirib, mehnat frontida jonbozlik ko‘rsatgan faxriylarimizga alohida e’tibor va ehtirom ko‘rsatishga alohida ahamiyat qaratilgan.
Ushbu tadbirlar mohiyatida Oʻzbekiston xalqining tarixiy qahramonligi, fidokorona mehnatini ulugʻlash, yosh avlodni ona vatanga sadoqatli, bugungi tinch, osoyishta hayotni asrab-avaylashga qodir insonlar etib tarbiyalash maqsadi mujassam.
Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yoʻlidagi qahramonlik unutilmaydi” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Akademiya rahbariyati va jamoasi, iste’fodagi harbiy xizmatchilar, ustoz-muallimlar hamda talabalar ishtirok etdi.
Marosimni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov tabrik so‘zi bilan ochib berarkan, o‘tganlarni yodga olish, ajdodlar xotirasiga hurmat bajo keltirish barchamizning insoniylik burchimiz ekanligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari Faxriylar Kengashi raisi, iste’fodagi polkovnik Xayrulla Sagdullayev so‘zga chiqib, mazkur bayramning ahamiyati, uning milliy davlatchiligimizda tutgan o‘rni haqida so‘z yuritdi.
Tabrik nutqlaridan keyin Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 80 yilligi hamda 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Rektor kubogi” sport musobaqalarining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Rasmiy qismdan so‘ng Akademiya talabalar teatr studiyasi tomonidan taniqli rejissyor Shuhrat Abbosov tomonidan suratgan olingan “Sen yetim emassan!” filmidan parcha namoyish etildi.
Mazkur asar hayotiy voqealarga asoslangan boʻlib, toshkentlik temirchi Shomahmud Shoaxmedov va uning turmush o‘rtog‘i Baxri Akramovaning Ikkinchi jahon urushi paytlarida Sovet Ittifoqining turli hududlaridan Toshkentga keltirilgan har xil millatga mansub 14 nafar bolani boqib olganliklari haqida hikoya qiladi.
Talabalar tomonidan kuchli dramatik tarzda ijro etilgan sahnalar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Urush, ayriliq, sog‘inch hissi aks etgan she’rlar, qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Tadbir davomida talaba-yoshlar bugungi tinch-osoyishta, farovon hayot qanchalik bebaho ne’mat ekanligi, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash muqaddas burchligini yana bir bor his qilishdi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish