265

Аkademiya o‘qituvchisi Oksford Islom tadqiqotlari markazi dasturida qatnashmoqda

XALQARO HAMKORLIK

O‘rta asrlarda yashab ijod etgan movarounnahrlik faqih alloma va mutafakkirlardan katta hajmdagi noyob qo‘lyozma manbalar meros bo‘lib qolgan. Ana shu ilmiy meroslarni o‘rganish va tadqiq etish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islomshunoslik va islom tarixini o‘rganish ICESCO” kafedrasi professori, tarix fanlari doktori Ilhom Bekmirzayev Buyuk Britaniyaning Oksford Islom tadqiqotlari markazida “Qisqa muddatli malaka oshirish” dasturida ishtirok etmoqda. 

Akademiya o‘qituvchisi joriy yilning 21-apreldan 19-iyunga qadar davom etadigan safar doirasida “X-XIII asrlarda Movarounnahrda faoliyat yuritgan musulmon olimlarining darajalari va ularning ijtimoiy hayotdagi faoliyati” mavzusidagi tadqiqot loyihasida ishtirok etadi.

Mazkur dastur davomida O‘zbekiston – Buyuk Britaniya ilmiy markazlari o‘rtasida 2018-2022-yillarga mo‘ljallangan hamkorlikka oid yurtimizda yashab ijod etgan hanafiy faqihlari tomonidan X-XIII asrlarda yozilgan nodir qo‘lyozma manbalarni Buyuk Britaniyada joylashgan qo‘lyozma fondlardan izlab topish, London shahridagi SOS kutubxona fondi va islom madaniyati markazi, Irlandiyadagi The Chester Beatty (Irlandiya) kutubxonasi, Kembrij universiteti qo‘lyozmalar fondiga ilmiy ekspedisiya uyushtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, Oksford Islom tadqiqotlari markazining ilmiy izlanuvchilari va mutaxassislari uchun “X-XIII asrlarda Movarounnahr markaziy shaharlari bo‘lmish Buxoro va Samarqandda faoliyat yuritgan hanafiy faqihlarining ilmiy merosi” mavzusida ma’ruza va taqdimotlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

 

Izoh qoldirish