244

Akademiya doktorantining maqolasi O‘mon Sultonligining gazetasida nashr qilindi

O‘mon Sultonligining “Asdaa Oman” gazetasi O‘zbekiston zaminida yetishib chiqqan buyuk allomalar hayoti bilan tanishtirishda davom etmoqda. Jumladan, nashrning kechagi sonida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi doktoranti M.Atayevning “Imom al-Ustrushaniy va uning ilmiy merosi” nomli maqolasi chop etildi.

Muallif qadimiy tamaddun o‘choqlari sifatida yurtimizning bir qator shaharlari bilan birga Jizzax vohasi, ya’ni Ustrushana mintaqasi va u yerda yetishib chiqqan fiqhiy olim Majduddin Muhammad Ustrushaniy haqida batafsil ma’lumot bergan.

Maqolada ta’kidlanishicha, o‘z davrida mashhur bo‘lgan movarounnahrlik faqihlarning ilmiy asarlari hozirgi kunda ham islom olamining nufuzli ilm dargohlarida huquqshunoslik bo‘yicha asosiy qo‘llanma vazifasini o‘tab kelmoqda. Bu esa o‘z navbatida, Movarounnahr fiqh ilmining yuzaga kelishi, rivojlanish bosqichlari, yo‘nalishlari, o‘ziga xos jihatlari va an’analarini o‘rganishga jiddiy yondashuv lozimligini ko‘rsatadi.

Tadqiqotchining fikricha, yurtimiz tarixida sodir bo‘lgan ikkita renessans g‘oyasining negizida mustahkam ilmiy asos yotadi. Jumladan, bola huquqlari muhofazasi kafolatlariga oid Movarounnahrda shakllangan qarashlar yurtimizning umumbashariy ahamiyatga molik va sivilizatsion xarakterdagi markaz bo‘lganining ishonchli isbotlaridan biridir.

O‘rta asrlarda yurtimiz hududida yashab o‘tgan mashhur ulamolarning qoldirgan boy ilmiy meroslari hozirgi vaqtda uyg‘onish jarayoni kechayotgan yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi va mamlakatimizni dunyo tamaddunining asosiy markazlaridan biri sifatida targ‘ib etish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish