250

Akademiya vakillari Istanbul universitetida

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bir guruh professor-o‘qituvchilari hamda xodimlari Turkiyada xizmat safarida bo‘lib turishibdi. 

Tashrifning birinchi kuni Istanbul universiteti Xalqaro grantlar va akademik almashinuv bo‘yicha boshqarma boshlig‘i Ayshe Zishan Furat va Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Ayshegul Unal bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda universitet vakillari O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi. Butun dunyoda kuzatilgan pandemiyadan so‘ng xalqaro aloqalar qayta rivojlanishni boshlaganini qayd etishdi. 

Akademiya vakillari tomonidan Istanbul universitetida ma’ruza o‘qish taklifi ularni quvontirdi. Shuningdek, mezbon tomon bundan so‘ng ilmiy, xalqaro hamkorlik (professor-o’qituvchilar, talabalar va tadqiqotchilar almashinuvi), xalqaro loyihalarda ishtirok etish hamda faoliyatning boshqa barcha yo‘nalishlarida doimiy ravishda hamkorlik qilishga tayyorliklarini bildirdi.

Uchrashuvdan so‘ng Ayshe Zishan Furat Akademiya vakillari bilan tanishganidan mamnunligini ta’kidlab, ushbu tashrif o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishini alohida qayd etdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish