210

Grek Mitchell: "O‘zbekiston ko‘pmillatli mamlakat sifatida o‘z hududida diniy bag‘rikenglik va millatlaro totuvlikni ta’minlay olayotgan davlat sifatida ham tanilgan"

Toshkentda “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumining ikkinchi kuni ham faol muloqotlar ruhida o‘tdi. Forum ishtirokchilari mazkur anjumanning ahamiyati va undan kutilayotgan natijalar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Grek Mitchell:

"Xalqaro erkin diniy e’tiqod" tashkiloti asoschisi (AQSH):

— O‘zbekistondagi bugungi tinchlik va hamjihatlik muhiti g‘oyat qadrli va biz bu jarayonda mamlakatingizda amalga oshirilayotgan qizg‘in islohotlarni olqishlaymiz. O‘zbekiston ko‘pmillatli mamlakat sifatida o‘z hududida diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlay olayotgan davlat sifatida ham tanilgan. Bu haqda gap ketganda, yurtingizda vijdon erkinligi ta’minlanganini, turli din vakillariga o‘z e’tiqodini emir-erkin amalga oshirishi uchun sharoit yaratilganini ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi. Diniy ta’lim olish, eng muhimi, din, avvalo, tinchlik va ezgu maqsadlar targ‘ibotchisi bo‘lishi kerakligi yo‘lidagi O‘zbekiston sa’y-harakatlari ham tahsinga loyiq.

Bugun dunyo tahlikali bo‘lib qoldi. Turli diniy nizolar, qurolli to‘qnashuvlar, millatlararo qarama-qarshiliklarga guvoh bo‘lib turibmiz. Ana shunday sharoitda biz, barchamiz birlashishimiz, dunyoni, o‘z erkin hayotimizni turli xavf-xatarlardan hamjihatlik yo‘lidagi harakatlarimiz bilan qutqarishimiz har qachongidan-da dolzarb.

Toshkentda o‘tayotgan "Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumining asl maqsadi ham shu. Bugun, ikkinchi kundirki dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan kelgan vakillar bilan ana shu maqsadda yakdil harakatdamiz. Turli fikrlar, mulohazalar bildirilyapti. Ishonamizki, Toshkent forumi, yurtingizda o‘tgan bundan oldingi xalqaro tadbirlar samarali bo‘lgani kabi, kutilgan natijadorlik kasb etadi.

Izoh qoldirish