254

Minxa MAJID XON: Buxoro deklaratsiyasini orziqib kutyapmiz!

Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumida ishtirok etayotgan taniqli xorijlik ekspertlarning aksariyati ommaviy axborot vositalari bilan suhbatlashish asnosida mazkur anjumanning o‘ta muhim ahamiyati, dolzarbligini ta’kidlab, eng muhimi turli din vakillarining bir yurtda tinch-totuv, hamjihat yashashini ta’minlab kelayotgan O‘zbekiston tajribasini e’tirof etishmoqda.

Minxa MAJID XON, Peshavor universiteti falsafa doktori (Pokiston):

- Navbatdagi xalqaro forum, shubhasiz, juda muhim voqea. Mazkur anjumanda qatnashish uchun O‘zbekistonga dunyoning turli davlatlaridan turli millat, din, madaniyat vakillar kelgan. Mutaxassislar, mana, ikki kundirki, din, e’tiqod, qadriyatlar kabi insoniyat uchun azaliy masalalarni muhokama qilishmoqda, kishilar o‘rtasida tinchlik, birdamlikni mustahkamlash yo‘lidagi mavjud to‘siqlarni aniqlash, muammolarni bartaraf etish yo‘llarini aniqlashyapti. 

Ayni yo‘nalishdagi O‘zbek modeli bu borada jahondagi eng yaxshi malakalardan biri hisoblanadi. Zero, bu tajriba mamlakatingiz aholisi tinch-totuv hayot kechirishini ta’minlab kelmoqda. Ishonch bilan ayta olamanki, ushbu model boshqa mintaqalar uchun namuna bo‘la oladi.

O‘zbekiston tajribasining o‘ziga xos jihati shundaki, bu yerda turli millat, dinga mansub odamlar bir-biri bilan erkin muloqot qiladi. Ular turli toifaga mansubligiga qaramasdan, hamma narsani to‘g‘ri qabul qila oladi. Mabodo til, e’tiqod yoki boshqa biror yondashuv nuqtai nazaridan bir-birini tushunmasa, o‘rtadagi bo‘shliqni hurmat, mehr, o‘zaro tushunish orqali to‘ldirishga harakat qiladi. Shu ma’noda, hammamiz Buxoro deklaratsiyasi imzolanishini orziqib kutyapmiz.

G‘ayrat XONNAZAROV yozib oldi.

O‘zA

Izoh qoldirish