292

Akademiya vakillari Turkiya Respublikasida

Shu kunlarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining professor-o‘qituvchilari, magistr va tadqiqotchilaridan iborat yana bir guruh delegatsiyasi Turkiya Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Tashrifning birinchi kuni Anqara universitetining Ilohiyot fakulteti professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilari uchun “Islomda oila va nikoh masalalari hamda gender tenglikni tushunish muammolari” mavzusida Akademiya “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi dotsenti, yuridik fanlari doktori Nigora Yusupova tomonidan seminar-trening o‘tkazildi. 

Seminarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida yaratilgan “Islomda gender tenglikning o‘ziga xos tamoyillari” nomli o‘quv qo‘llanma va undan o‘rin olgan mavzular Anqara universiteti mutaxassislari, tadqiqotchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. 

Darhaqiqat mazkur qo‘llanma islomda gender tenglik mohiyati, reproduktiv salomatlik, ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, ayol huquqlari va erkinliklariga doir islom konsepsiyasi, islom huquqida ayolning huquqiy maqomini tadqiq etishga bag‘ishlangan ilk tadqiqot hisoblanadi. 

Treningning asosiy qismida N.Yusupova  qo‘llanmada ayollar masalasining umumijtimoiy jihatlari, ijtimoiy-tarixiy negizlari, uning madaniy­ma’naviy xususiyatlarini hamda islom ta’limotida ayollar masalasini hal etishning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, ma’rifiy-tashkiliy jihatdan o‘ziga xosligini huquqiy nuqtai nazardan tadqiq etilgani, shu bilan birga huquqiy hamda diniy normalarni o‘z ichiga olgan islom huquqining tuzilishini inobatga olib, tadqiqotda islomda ayol huquqlarini islom huquqining asl manbalari Qur’oni karim va hadislar asosida ochib berilganini tushuntirib o‘tdi.

Shuningdek, seminar davomida tinglovchilarga so‘nggi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy muhofaza qilish borasida qabul qilingan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar, ularning mazmun-mohiyati to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.

Seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga ma’ruzachi atroflicha javob berdi. 

Delegatlarimizning Turkiya Respublikasidagi xizmat safari davom etmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish