348

Delegatlarimiz Bursa Uludag’ universitetida

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda “Qiyosiy dinshunoslik” mutaxassisligi magistrantlaridan iborat bir guruh vakillarimiz Turkiyaning Bursa Uludag’ universitetida o‘quv-seminardagi ishtiroklarini boshladi.

Dastlab Bursa Uludag’ unverstetining Ilohiyot fakulteti mezbonligida tashkil etilgan o‘quv seminarini universitet rektori, professor Ahmet Saim Kilavuz tabrik so‘zi bilan ochib berdi. 

Rektor o‘z nutqida ikki o‘lka xalqlari madaniy, ilmiy va ta’lim hamkorligi uzoq tarixga oidligi va ushbu tarixiy aloqalar Bursa Uludag’ universiteti va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida yanada rivojlanishini, bunga ilmiy va pedagogik salohiyat yetarli ekanligiga joriy yilning yanvar oyida Akademiyaga xizmat safari davomida guvoh bo‘lganini ta’kidladi.

Shuningdek, seminar doirasida ikki ta’lim dargohlari professor-o‘qituvchilari tomonidan tinglovchilarga o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar ularning kelgusi faoliyati uchun dastak bo‘lib xizmat qilishiga ishonishini bildirdi.

Seminarning ilk kungi mashg‘ulotlarini Bursa Uludag’ universiteti Ilohiyot fakulteti Falsafa va din ilmlari kafedrasi professori Bulent Shenay olib bordi. Professor Bulent Shenay “Dinlar tarixini qiyosiy o‘rganish masalalari” mavzusidagi ma’ruzasida dinlar tarixi va ta’limotlarini o‘rganishdagi Sharq va G’arb mualliflari yondashuvlari va bu boradagi dolzarb masalalarni zamonaviy voqeliklar asosida tushuntirib berdi. 

O‘z navbatida, professor ma’ruzasida musulmonlar orasida dinlar tarixi va ta’limotlari tadqiqiga bugungi kunda islom ilmlarini o‘rganish kabi katta e’tibor qaratish lozimligini bildirdi.

Mashg‘ulotlardan so‘ng seminar ishtirokchilari Ilohiyot fakulteti o‘quv binosi, kutubxona fondi va o‘qituvchilar jamoasi bilan tanishdi.

Delegatlarimizning Turkiya Respublikasidagi xizmat safari davom etmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish