256

Vakillarimiz IRCICA xalqaro tashkilotida

Ayni paytda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda “Islomshunoslik” mutaxassisligi magistrantlaridan iborat delegatsiya Istanbulda amaliy safar bilan bo‘lib turibdi. Tashrif davomida IRCICA – Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiqot qilish markazi va Islom hamkorlik tashkiloti tomonidan “Islomshunoslik sohasida tadqiqotlar olib borishda Sharq qo‘lyozmalarining ahamiyati” mavzusida navbatdagi seminar-trening o‘tkazildi.

Unda IRCICA ilmiy xodimi Veysel Bulut “Ibn Sino asarlari katalogi” ilmiy-tadqiqot loyihasi, professor Najat Xalil va Sankt-Peterburgdagi Yevropa universiteti tarix fakulteti professori Alfrid Bustanov “Shihobiddin al-Marjoniyning “Vafiyat al-aslof” asarining tanqidiy nashri”, Alido‘st Eltugral “Islom arxitekturasi” hamda Ferhat Kurluning “Islom kalligrafiyasi” mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi.

Mashg‘ulotlar davomida IRCICA ilmiy xodimi Veysel Bulut Sulaymoniya kutubxonasi qo‘lyozma va toshbosma manbalari fondlari bilan yaqindan tanishtirdi. Delegatsiya a’zolarini laboratoriya, saqlash texnik jihozlari bilan tanishtirib, qo‘lyozma va toshbosma manbalarni zamonaviy usulda qanday saqlash, ta’mirlash, raqamli nusxalarini iste’molchilarga yetkazish bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi. 

Mashg‘ulotlar so‘ngida IRCICA xalqaro tashkiloti bosh direktori Mahmud Erol Qilich Akademiya vakillarini sertifikat bilan taqdirladi.

Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi delegatsiyasi tomonidan Mahmud Erol Qilichga esdalik sovg‘asi topshirildi. 

Mazkur tadbirlar yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Ushbu seminar-trening mashg‘ulotlari ikki tomon vakillari uchun ham foydali bo‘lib, kelgusidagi hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar va ilmiy-tadqiqotlar uchun xizmat qilishini ta’kidlashdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish