252

Mohd Al Adib Samuri: “Akademiya bilan hamkorligimiz davom etadi”

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Movarounnahr diyoridan yetishib chiqqan allomalar hayoti va ilmiy merosi bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan dunyodagi nufuzli xorijiy ilmiy muassasalardagi xorijlik tadqiqotchi va izlanuvchilar uchun Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya joriy etilgan edi. 

Mazkur stipendiyaning ilk sovrindori bo‘lgan Malayziya milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi instituti direktori o‘rinbosari Mohd Al Adib Samuri O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bir hafta davomida tadqiqot ishlarini olib bordi. Mazkur muddat davomida Manbalar xazinasi bo‘limidagi noyob qo‘lyozmalar, Axborot resurs markazidagi kitoblar bilan tanishdi. 

Tadqiqot yakunida Mohd Al Adib Samuri bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-taqdiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev, Xorijiy talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Navro‘z Abdullajonov ishtirok etishdi.

Samimiy muloqot davomida so‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida yaratilgan sharoitlar, muassasalarning ilmiy salohiyati haqida so‘z bordi.

Jamoliddin Karimov Mohd Al Adib Samuriga samarali hamkorlik uchun minnatdorlik bildirib, mazkur aloqalar yanada rivojlanishi kerakligini ta’kidladi. 

– Avvalo, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga mazkur safarga yordam berganlari uchun minnatdorlik bildiraman, dedi Mohd Al Adib Samuri. – Ahamiyatlisi, mazkur tadqiqot davomida uchta muassasa bilan tanishish imkoni yaratildi. Akademiya, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdim. O‘ylaymanki, bu safar kelgusidagi hamkorligimizning debochasi bo‘ladi deb o‘ylayman. Akademiya hamda Malayziya milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida talabalar, ilmiy tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilarning almashinuv loyihasi bundan keyin ham davom etadi deb umid qilaman. Chunki tadqiqotim mavzusi bo‘lgan Muhammad Ustrushaniyning bola huquqlariga doir “Jomi’ ahkom as-sig‘or” asarini besh nafar tarjimon bilan birgalikda tarjima qilish ishlarini boshlab yubordik. Jahon sivilizatsiyasi tarixidagi benazir asarni yanada tadqiq qilish borasida Akademiya bilan muntazam hamkorlik qilib boramiz.

Muloqot yakunida tadqiqotchiga Akademiya bilan samarali hamkorlik olib borgani uchun minnatdorlik bildirildi. Esdalik sovg‘asi topshirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish