280

BUYUK IPAK YO‘LINING KO‘Z QORACHIGʻI Islom hamkorlik tashkiloti vazirlar kengashi sessiyasida Xiva shahri 2024-yilda Islom dunyosining turizm poytaxti bo‘lishi e’lon qilindi

E’TIROF

Xorazmga kelsangiz, Buyuk ipak yo‘lining markaziy shaharlaridan biri bo‘lmish Xiva, xususan, Ichanqal’aga bormay ilojingiz yo‘q. Qadimda savdo karvonlari uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan shahar diniy, madaniy va ilmiy markaz vazifasini ham o‘tagan. 2500 yil avval Qoraqum cho‘li o‘rtasida qad rostlagan, qadimiy sivilizatsiya o‘chog‘i hisoblangan Xiva tarixda Buyuk ipak yo‘lidagi davlatlarning ko‘z qorachig‘i bo‘lgan.

Xushxabarning qanoti bor: kuni kecha Islom hamkorlik tashkilotining Boku shahrida o‘tgan XI sessiyasi doirasida ilk bor O‘zbekiston shaharlaridan biri Xiva 2024-yilda Islom dunyosining turizm poytaxti deb e’lon qilingani haqidagi xabar bir zumda jahon OAV sahifalaridan joy oldi. 

Xiva shahri nomzodi Prezidentimiz rahbarligida kechayotgan islohotlar, jumladan, turizm sohasini rivojlantirish, tarixiy obidalarni asrab-avaylash, muqaddas qadamjolarni obod qilish, ajdodlarimiz ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etish borasidagi ishlar va buning e’tirofi sifatida BAAning Abu-Dabi, Turkiyaning Shanliurfa, Nigeriyaning Lagos, Tojikistonning Dushanbe shaharlari orasida g‘olib deb topildi.

So‘nggi yilda nomzod shaharlar o‘rtasida g‘oliblik uchun shiddatli kurash kuzatildi. Shunga qaramay, O‘zbekiston tomoni sa’y-harakatlari samarasi o‘laroq, Xiva shahri ushbu maqomni olishga erishdi.

– Bu borada Turizm va madaniy meros vazirligi 2019-yildan buyon tizimli ravishda ish olib bordi, – deydi vazirlik Xalqaro aloqalar va grantlarni jalb etish boshqarmasi boshlig‘i Feruz Dodiyev. — Xiva shahri nomzodi kiritilib, IHTga a’zo davlatlarning turistik ma’muriyati rahbarlari bilan onlayn uchrashuv, muzokaralar o‘tkazildi. Xiva shahri va O‘zbekistonning islom dunyosida tutgan o‘rni, mamlakatimizning tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida turizm aloqalarini kuchaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlari va kelgusi rejalari to‘g‘risida batafsil ma’lumot yetkazildi.

Boku sessiyasi davomida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan turizm sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, bu boradagi ochiqlik siyosati, viza rejimining soddalashtirilishi, madaniy merosni saqlash, tarixiy shaharlarni obodonlashtirish kabi ko‘plab islohotlarni e’tirof etdi. 

Xivaning tarixiy qiyofasi tiklanishi, restavratsiya va konservatsiyaga oid amalga oshirilgan ishlar, qolaversa, elektr ustunlarning demontaj qilingani, sayyohlarining katta oqimini qabul qilish uchun yaratilgan sharoitlar, infratuzilmaning yaxshilangani, 5 yulduzli mehmonxona hamda butik-otel va xostellar qurilishi faol davom etayotgani alohida qayd etildi. Bundan tashqari, turizm va unga yondosh sohalar tadbirkorlari uchun yaratilgan qulay sharoitlar yuqori baholandi.

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi muxbiri

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 30-iyun, 129-son

Izoh qoldirish