332

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan talabalarga yo‘llagan bayram TABRIGI

Aziz talaba-yoshlar!

Avvalo, Sizlarni 30-iyun – “Yoshlar kuni” bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!

Bugun yangi O‘zbekistonda jismonan sog‘lom, mustaqil fikrli, Vatanga sodiq va, albatta, intellektual jihatdan barkamol yoshlarni voyaga yetkazishga ustuvor ahamiyat qaratilyapti. Davlatimiz rahbari boshchiligida Uchinchi Renessansga poydevor qo‘yish borasida barcha jabhalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotir. 

Bu borada Yangi O‘zbekistonning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi ham qabul qilinib, unda yoshlar bilan ishlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, siyosiy, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish masalalariga alohida urg‘u berilgan.

Aziz talabalar!

Ma’lumki, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida xassos soha – muqaddas islom dinini ilmiy nuqtai nazardan fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalarimiz ma’naviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlashda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda Akademiyaning bakalavr yo‘nalishida 1430 nafar, magistratura bosqichida 240 nafar talaba tahsil olmoqda. 2021-2022-o‘quv yilida 431 nafar yigit-qiz Akademiyani muvaffaqiyatli tamomladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlari forumida Siz kabi yoshlarga: “Ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor o‘tmasin! Yoshlik – umrning eng bebaho davri. Ilm va bilim – o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang!”, degan o‘gitlari hayotingizni yorituvchi mayoq bo‘lishini istayman. Zero, bugun olayotgan bilim va tajribangiz kelajak yo‘llaringizda Sizga eng yaqin ko‘makchi bo‘lishi shubhasiz.

Xabaringiz bor: bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori asosida bir guruh yoshlarimiz o‘zining bilim va iqtidori, tashabbuskorligi va mamlakatimizda kechayotgan islohotlarda faolligi uchun “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Quvonarlisi, taqdirlanganlar ro‘yxatida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 1-bosqich magistranti Xojiakbar Muhammadjonovning ham borligi bizni benihoya quvontirdi.

Albatta, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida o‘zining iqtidori va intellektual salohiyati bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘lib kelayotgan yoshlarimiz juda ko‘p. Ular biz-ustozlarning ham faxr va iftixoridir.

O‘z o‘rnida ularning nomini ham yana bir bor eslab o‘tishni joiz hisobladim. 

Jumladan, “Dinshunoslik” yo‘nalishi 3-bosqich talabasi Anvar Mustafoyev hamda “Filologiya va tillarni o‘qitish (arab tili)” yo‘nalishi 4-bosqich talabasi Zebiniso Rasulova 2021/2022-o‘quv yili uchun Imom al-Buxoriy nomli davlat stipendiyasi bilan taqdirlandi. Mazkur yo‘nalishining yana bir 4-bosqich talabasi Shahnoza Omonova esa yakunlangan o‘quv yilida Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasiga sazovor bo‘ldi.

Ma’lumki, yurtimizda xotin-qizlarni ulug‘lash, ularning jamiyatdagi mavqeini oshirish hamda faollik va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan bir guruh yosh iqtidorli qizlar Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlanadi.

Quvonarlisi, o‘tgan yillar davomida “Mumtoz sharq filologiyasi” fakulteti 2-bosqich talabasi Muxtasar Karimova, “Axborot xavfsizligini boshqarish” yo‘nalishi 1-bosqich magistranti Sayyora Rahimova hamda “Xalqaro munosabatlar” yo‘nalishi 2-bosqich magistranti Manzura Sayfiddinova mazkur yuksak mukofotga munosib bo‘lgani bizga quvonch ulashadi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham ulug‘ mutafakkir allomalarimiz hayoti va ijodini o‘rganish, ilmiy tadqiq qilish hamda targ‘ib etish yo‘nalishida izlanish olib borayotgan, alohida faollik ko‘rsatgan talabalarni rag‘batlantiruvchi – “Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi maxsus stipendiya” joriy etilgan. 

Mazkur stependiyaga joriy yilda “Dinshunoslik” ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich talabasi Jahongir Saidqulov, “Filologiya va tillarni o‘qitish” yo‘nalishi 2-bosqich talabasi E’zoza Usmonxo‘jayeva, “Turizm (ziyorat turizmi)” yo‘nalishi 3-bosqich talabasi Muhammadamin Mamanov hamda “Qiyosiy dinshunoslik” 1-bosqich magistranti Ibrohim Nig‘matullayev kabi faol va izlanuvchan talaba-yoshlar sazovor bo‘ldi.

Qadrli yoshlar!

Bugungi kunda sayyoramizda ikki milliarddan ziyod yoshlar kamolga yetmoqda. Yurtimiz aholisining ham 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. 

Siz – misoli navniholsiz. Bugungi murakkab zamonda yoshlarni turli ko‘rinishdagi xavf-xatar va tahdidlardan himoyalash davlatimiz oldidagi eng ustuvor masaladir. Afsuslanarlisi, hozirgi kunda ayrim g‘arazli kuchlarning yoshlarimiz ongi va tafakkurini egallash, ularni o‘z tor manfaatlari yo‘lida boshqarish maqsadida muqaddas islom dinidan foydalanishga urinish holatlari ko‘paymoqda.

Shu bois, davlatimiz rahbari tomonidan nafaqat mamlakatimiz, balki, butun dunyoda yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ma’naviyati va huquqlari himoyasini ta’minlash maqsadida Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi BMT konvensiyasi hamda “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi bo‘yicha tashabbuslar muhim ahamiyatga egadir. Xabaringiz bor: BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyada “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyutsiyasi 50 dan ortiq yetakchi davlatlar hammuallifligida qabul qilindi.

Mazkur sa’y-harakatlar yurtimizda yoshlarning barkamol voyaga yetishi, ota-onasi, mahalla ahli, Vatani ardog‘ida yurib, kelajakda ulug‘ ajdodlariga munosib shaxs bo‘lib kamol topishiga katta e’tibor qaratilganidan dalolatdir. Zero, biz buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan, dunyo tamadduni rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, donishmand xalq farzandlarimiz. 

Qadrli yoshlar!

So‘zim yakunida Abu Dovuddan rivoyat qilingan mashhur hadisi sharifni yodga olmoqchiman: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Go‘dakligida ilm olganning misoli toshga o‘yilgan naqsh kabidir. Keksayganda ilm olganning misoli suvga yozilgani kabidir”, dedilar”.

Demakki, yoshlikning shijoatli, ilmga chanqoq davridan unumli foydalaning! Uning har bir fursati ota-onangiz, ustozlaringiz va Vatanimiz orzu qilganidek, Sizning kamolotingiz uchun xizmat qilsin. 

Yana bir bor azm-u shijoat va kamolot ayyomi – Yoshlar kuni qutlug‘ bo‘lsin! Ota-onangiz, el-yurtimiz faxrlanadigan, ulug‘ ajdodlarimizga munosib farzand bo‘lish baxti nasib etsin!

Barchangizga sihat-salomatlik, o‘qish va kasbiy faoliyatda muvaffaqiyat, oilaviy hayotda baxt yo‘ldoshingiz bo‘lishini tilayman!

Izoh qoldirish