342

“HOKIMNING SOXTA “JIYANI” QAMALDI” SARLAVHASIDA EFIRGA UZATILGAN AXBOROTGA RADDIYA

2022-yil 25-avgust soat 21.00da “Sevimli” nodavlat telekanalining “Zamon” axborot dasturi orqali “Hokimning soxta “jiyani” qamaldi” sarlavhasida efirga uzatilgan xabarda quyidagi xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Ma’lumki, jurnalist har bir axborotni ommaga e’lon qilinishidan oldin ma’lumotlarning haqqoniyligi va xolisligiga muhim e’tibor qaratishi talab etiladi. Zotan, ma’lumotdagi kichik xatolik ham jamiyatdan axborot manbasiga nisbatan xato fikr yoki munosabatning shakllanishiga turtki bo‘lishi mumkin.

Afsuslanarlisi, Jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tumani sudi raisi Abdusattor Abdurazzoqov ham sudlanuvchining nufuzli oliy ta’lim muassasasi talabaligi haqidagi og‘zaki ma’lumotini tekshirib ko‘rmagan. Binobarin, yuridik qoidaga asosan sudlanuvchining ma’lumotiga aniqlik kiritish uchun sud O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga So‘rovnoma yuborishi shart edi.

Shunga ko‘ra, “Zamon” informatsion dasturida “Samarqandda o‘zini hokimning jiyaniman deb tanishtirib, odamlardan pul undirib kelgan Xalqaro Islom Akademiyasi talabasiga sud hukmi o‘qildi”, deb axborot berilgan. 

Holbuki, sud hukmi bilan firibgarlikda ayblangan shaxs M.S (ism-sharifi o‘zgartirilgan) O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektorining 2021-yil 10-iyundagi 03-82-sonli “Talabani o‘qishdan chetlashtirish to‘g‘risida”gi buyrug‘i bilan “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalarining odob-ahloq qoidalariga rioya qilmagani, bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirganligi, o‘quv rejadagi fanlarni o‘zlashtirish samaradorligi pastligi hamda to‘lov-kontrakt bo‘yicha shartlarni o‘z vaqtida bajarmaganligi sababli o‘qishdan chetlashtirilgan”.

Shu bois, sud hukmida hamda efirga uzatilgan axborotda “Xalqaro islom akademiyasi talabasi” jumlasining qo‘llanishi maqsadga muvofiq emas. Binobarin, mazkur sudlanuvchining salkam bir yil davomida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bilan aloqasi bo‘lmagan.

Ta’kidlash joizki, sudlanuvchi M.S. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabasi bo‘lgan davrda (2021-yil 10-iyungacha) Akademiya talabalarining tartib-intizom qoidalari nizomiga rioya qilmagani va o‘quv rejadagi fanlarni o‘zlashtirish samaradorligi pastligi bois bir necha bor rektor va prorektorlar tomonidan tushuntirish ishlari amalga oshirilgan. 

Fakultet dekanati tomonidan ham talabaning yaqin qarindoshlari, ota-onasi, amakisi va opasi bilan M.S.ning darslarga ishtiroki va odob-ahloqi bo‘yicha 17 marotaba telefonda gaplashilganligi hamda bir necha bor talabadan tushintirish xati olingan. 

“Zamon” informatsion dasturi tarqatgan yuqoridagi xabarning e’lon qilinishi ortidan uning “Qalampir”, “UzNEWS.uz”, “O‘zbekiston 24” kabi ijtimoiy tarmoqlarda ham “Hokim jiyani” va “DXX xodimi” bo‘lgan talaba sudlandi” kabi sarlavhalarda tarqatilishi jamoatchilikda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga nisbatan xato fikrning shakllanishiga turtki bo‘lishi mumkin.

Binobarin, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bugungi kunda nafaqat mamlakatimiz, balki O‘rta Osiyo va dunyo miqyosida ham o‘z nufuziga ega bo‘lib borayotgan oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalaridan biri hisoblanadi. Jumladan, 2021-yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan oliy ta’lim muassasalari Milliy reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Oliy ta’lim muassasalari Ilmiy salohiyat reytingida – 4-o‘rinni, Ijtimoiy-gumanitar soha bo‘yicha OTMlar reytingida – 5-o‘rinni, Oliy ta’lim muassasalarining umumiy reytingida 7-o‘rinda qayd etilgan.

2022-yilda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy salohiyatini oshirish Milliy reytingida 63 foiz ko‘rsatkich bilan Respublika oliy ta’lim muassasalari orasida 1-o‘rinni egalladi. 

Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 2021-yilgi xalqaro reytinglarda dunyodagi yetakchi 1 000 ta oliy ta’lim muassasasi ro‘yxatidan ham o‘rin olgan.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Izoh qoldirish