260

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning BAYRAM TABRIGI

Assalom-u alaykum hurmatli ustoz-murabbiylar, aziz talaba-yoshlar!

Bugun ona Vatanimiz mustaqilligining shonli 31 yilligi “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” ulug‘vor shiori asosida keng nishonlanmoqda.

Fursatdan foydalanib, Siz, azizlarni ham eng ulug‘ va eng aziz bayram – “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi kuni” bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!

Yosh avlodni barkamol voyaga yetkazish, yetuk mutaxassis-kadrlarni tayyorlash borasidagi mas’uliyatli faoliyatingizga muvaffaqiyat tilayman!

Muhtaram hamkasblar, aziz talabalar! 

Bugun xalqimiz ulug‘ maqsadlar – “Yangi O‘zbekiston” va “Sharq uchinchi Renessansi”ga tamal toshini qo‘yish g‘oyalarini o‘zaro hamohang tarzda hayotga tatbiq etmoqda. 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarning “Inson qadri uchun” tamoyili asosida izchillik bilan amalga oshirilayotgani har bir vatandoshimiz taqdiri, hayoti farovonligida namoyon bo‘layotir. 

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan bu muhtasham yo‘l xalqimizni ulug‘ maqsadlar sari ruhlantirayotir. Yurtimiz tinchligi va daxlsizligi, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik hamda hamjihatlikni mustahkamlash borasidagi demokratik islohotlar dunyo hamjamiyatining ham e’tirofiga sazovor. 

Aziz yoshlar!

Atoqli ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur”, deganlari bejiz emas. Zero, yosh avlod ta’lim va tarbiyasi mamlakat taraqqiyoti va uning kelajagi kafolatidir.

Istiqlol ayyomi shodiyonalari barcha ta’lim muassasalarida “Bilimlar kuni” tantanalari bilan davom etadi. Shu o‘rinda joriy yilda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalar safidan o‘rin egallagan barcha o‘g‘il-qizlarimizni ham muborakbod etaman! 

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi yangi o‘quv mavsumiga shay holatda. O‘g‘il-qizlarimizning tanlagan sohalari bo‘yicha xalqaro andozalar asosida ilm-fan sirlarini o‘rganishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. 

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam “Ilm talab qilish har bir muslim uchun farzdir”, deya marhamat qilganlar. Shunday ekan, barcha talabalarning ilm-fan sirlarini o‘rganishda yanada faol bo‘lib, Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shadigan yetuk kadr sifatida kamol topishlariga tilakdoshman!

Yana bir bor barchangizni eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqillik ayyomi bilan tabriklagan holda sihat-salomatlik, oilangizga fayz-u baraka, o‘qish va ishlaringizga muvaffaqiyatlar tilayman!

Vatanimiz mustaqilligi, elimiz hur va obodligi abadiy bo‘lsin!

Izoh qoldirish