304

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning 2022/2023-o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan professor-o‘qituvchilar va talabalarga BAYRAM TABRIGI

Assalom-u alaykum hurmatli ustozlar, aziz talabalar!

Ushbu shukuhli va fayzli kunlarda butun xalqimiz Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligini keng nishonlamoqda. Bayram tarovati “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” ulug‘vor shiori asosida har bir vatandoshimiz qalbiga kirib borgani shubhasiz. Mazkur quvonchli va muhtasham ayyom bugun respublikamizning barcha ta’lim muassasalarida yangrayotgan “Birinchi qo‘ng‘iroq” sadolari bilan yangi o‘quv yili boshlanishi – “Bilimlar kuni” shodiyonalariga ulanib ketmoqda.

Shu fursatdan foydalanib, Siz, azizlarni xalqimizning eng ulug‘, eng aziz bayrami – mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligi hamda yangi 2022/2023-o‘quv yili bilan chin qalbimdan tabriklayman!

Qadrli hamkasblar, aziz talaba-yoshlar! 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yilligiga bag‘ishlangan “Milliy mustaqillik – Yangi O‘zbekistonning mustahkam asosidir” mavzusidagi nutqida 2026-yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasida bajariladigan 5 ta asosiy vazifa sanab o‘tildi. Eng muhimi, bunda birinchi yo‘nalish sifatida “ta’lim sohasida farzandlarimiz zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashlari uchun eng qulay sharoitlar yaratishni izchil davom ettirish”ga ustuvor ahamiyat qaratilishi ta’kidlandi. 

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda mamlakatimiz ta’lim sohasini tubdan isloh qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yoshlarimizni oliy ta’limga qamrovini oshirib borish, zamonaviy va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash borasida izchil siyosat olib borilmoqda. 

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham qabul kvotalari yil sayin oshib bormoqda. Ayniqsa, 2022/2023-o‘quv yilidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bir necha yangi yo‘nalishlar bo‘yicha ixtisoslik kadrlar tayyorlanishi boshlanayotgani e’tiborga sazovordir. 

Aziz talaba-yoshlar!

Bugun mamlakatimiz ta’lim tizimidagi tub islohotlar samarasi o‘laroq O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘quv jarayoni, ilmiy salohiyati va Siz qadrli talabalarga yaratib berilayotgan sharoit va imkoniyatlar ham xalqaro andozalar darajasiga tenglashmoqda. Xususan, Akademiya axborot-resurs markazi fondi yangi kitoblar, o‘quv qo‘llanmalari bilan yanada boyitildi. O‘quv xonalari moddiy-texnik bazasi zamon talablari asosida jihozlandi. Talabalar turar joyi kapital ta’mirdan chiqarildi. Bir so‘z bilan aytganda, Akademiyada Siz, aziz yoshlarning sifatli bilim va tarbiya olishingiz uchun barcha sharoitlar muhayyo qilindi.

Yangi o‘quv yilida Siz, azizlar hamda Akademiya jamoasidan har bir ishga qat’iy tartib-intizom hamda mas’uliyat bilan yondoshgan holda zimmamizdagi vazifani sidqidildan bajarishga chaqiraman. Ta’limdagi innovatsiyalarni muntazam o‘zlashtirib borish, kasbiy ko‘nikma, malaka va kompetensiyalarni rivojlantirish, talabalarimizni ilm-fanning eng so‘nggi yutuqlaridan xabardor qilgan holda Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash bosh maqsadimizdir.

Muhtaram ustozlar, qadrli talaba-yoshlar!

Sizlarni “Bilimlar kuni” va yangi o‘quv yili bilan yana bir bor qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga baxt-u saodat, fayz-u baraka tilayman.

Ezgu orzu-niyatlarimiz amalga oshsin!

Yaratganning o‘zi barchamizni panohida asrasin!

Izoh qoldirish