277

Akademiyada muhim mavzuda uchrashuv bo‘lib o‘tdi

So‘nggi yillarda yurtimizda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquq-manfaatlarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Zo‘ravonlikka qarshi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, ruhiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli targ‘ibot tadbirlari tashkil etilyapti.

Jumladan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Zo‘ravonlikka qarshi birgalikda kurashamiz!” mavzusida o‘tkazilgan tadbir ham aynan shu mavzuga bag‘ishlandi.

Uchrashuvda Shayxontohur hamda Olmazor tumanining Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi bo‘limining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlari, Shayxontohur tumani 48-son oilaviy poliklinikasi xodimlari, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining oilaviy tibbiyot kafedrasi dotsenti Dilfuza Hasanova, Akademiya profilaktik inspektori Asror Abduvaliyev, Akademiya psixologi Gulruh Gʻaniyeva, tyutorlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Akademiya profilaktik inspektori tashabbusi bilan tashkil etilgan muloqot davomida so‘zga chiqqanlar tomonidan himoya orderi, erta nikoh qurishning salbiy natijalari, jamiyatda gender tenglikni ta’minlash haqida so‘z bordi. Bugungi kunda jamiyatimizning qaysi jabhasiga qaramang xotin-qizlar erkaklar bilan tengma-teng, yelkama yelka bo‘lib faoliyat olib borayotganini qayd etildi. Bu esa yurtimizda ularga izzat-ehtirom ko‘rsatish nafaqat millatimizga xos qadriyat, balki davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangani e’tirof etildi. 

Tadbirda erta nikoh va uning salbiy oqibatlari aks etgan videorolik namoyish etildi. 

Uchrashuv yakunida yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda faolligi, Toshkent shahrida xotin-qizlarni huquq va erkinliklarini himoya qilish, tazyiq va zo‘ravonlikni oldini olish, sog‘lom turmush tarzini tag‘ib qilishda qo‘shgan hissasi uchun tadbir mehmonlariga Akademiya tomonidan tashakkurnoma topshirildi. 

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish