219

Akademiya professori yuksak mukofot bilan taqdirlandi

Har yili an’anaviy tarzda 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bir guruh o‘qituvchi va murabbiylar davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanadi. Joriy yilda ham davlatimiz rahbari tomonidan “O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi.

Unga muvofiq, mamlakatimizda ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, sohaga doir islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, o‘quvchilarga ilm-fan asoslari va zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rgatish, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish, Yangi O‘zbekistonni bunyod etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lidagi katta xizmatlari, yoshlarni ona Vatanga mehr va sadoqat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdagi ibratli faoliyati hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh ustoz-murabbiylar e’tirof etildi.

Quvonarlisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi kafedrasi professori, “Islom ensiklopediyasi” bo‘limi mudiri, iqtisod fanlari doktori Nurislom To‘xliyev “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. 

E’tirof etish kerak, mehribon ustoz yarim asrdan ko‘proq ilmiy faoliyati davomida yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan yuzlab shogirdlar tayyorladi. Kamtar, jonkuyar ustoz mamlakatimiz ilm-fani rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi va rahbariyati mehribon ustozni yuksak e’tirof bilan samimiy muborakbod etib, ularga mustahkam sog‘lik, tinchlik-omonlik, omad va muvaffaqiyatlar tilaydi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish