323

Doim ehtirom va e’zozdasiz, aziz ustozlar!

Navqiron avlodni barkamol inson etib kamolga yetkazishga alohida e’tibor qaratish xalqimizga xos ezgu fazilatlardan. Xalqimizning ustoz otangdek ulug‘, degan purhikmat naqlida ham o‘qituvchi va murabbiylarga bo‘lgan samimiy ehtiromi namoyon. Zero, ustozlik martabasi dunyodagi eng e’zozli, ehtirom va e’tiborga loyiq, qalblarga yaxshilik, ezgulik, komillik olib kiruvchi muborak kasb sanaladi. U har bir insonning kelajagi uchun tamal toshini qo‘yishda muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun ham xalqimizning “ustoz otangdek ulug‘”, degan ibratli o‘giti zamirida o‘qituvchi va murabbiylarga bo‘lgan samimiy ehtiromi mujassamdir.

Bugun shiddat bilan o‘zgarayotgan zamon barcha sohalar qatorida ilm-fanni ham yangi bosqichga ko‘tarishni talab qilmoqda. Binobarin, jamiyat oldida turgan dolzarb masalalar yechimida ilm-fanning hayot va amaliyot, ishlab chiqarish bilan o‘zaro uyg‘unligi muhim ahamiyat kasb etadi.

E’tirof etish kerak, davlatimiz tomonidan, eng avvalo, uzluksiz ta’lim tizimi islohotlari asosida yoshlar ta’lim-tarbiyasi, yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlashga mas’ul muallim va professor-o‘qituvchilar faoliyatiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bil’aks, jamiyatning buguni va kelajagi, uning madaniy-ma’rifiy va ma’naviy salohiyati ta’lim tizimining qay darajada rivojlanganligi bilan belgilanadi. Ta’lim-tarbiya tizimidagi islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan o‘qituvchi va murabbiylarga bog‘liq. Shu sababli mamlakatimizda o‘qituvchilar mehnatini qadrlashga, ularga har jihatdan g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga harakat qilinmoqda.

Jumladan, yurtimizda har yili 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni keng miqyosda nishonlanadi. Ayni paytda respublikamiz bo‘ylab bayram tantanalari davom etmoqda. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham sana munosabati bilan “Doim ehtirom va e’zozdasiz, aziz ustozlar!”  deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Davronbek Maxsudov, Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Tantanali marosimni Muzaffar Komilov Akademiya professor-o‘qituvchilariga yo‘llagan bayram tabrigi bilan ochib berdi. Akademiya rektori o‘z nutqida talabalarga bilim va tarbiya berayotgan ustoz hamda murabbiylarni kasb bayramlari bilan qutlar ekan, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim sohasini tubdan isloh etish jarayonida o‘qituvchi va murabbiylarga izzat-ehtirom ko‘rsatish, ularni kuchli ijtimoiy himoyalash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish masalasiga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, islom dinining asl mohiyati, butun dunyo sivilizatsiyasi rivojiga tamal toshini qo‘ygan ajdodlarimizning bebaho ma’naviy merosini yoshlarga har tomonlama chuqur va mufassal o‘rgatishda ustoz va murabbiylarning hissasi salmoqli ekanini qayd etdi.

Darhaqiqat, ilm har qanday zamonda va makonda ham najot yo‘li, zulmatni yorituvchi nur, insonni kamolotga yetaklovchi buyuk ne’mat sanaladi. Buyuk alloma Imom Buxoriy hazratlari bundan o‘n ikki asr oldin “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay”, deb bejizga yozib qoldirmagan.

Tantanali marosimda ko‘p yillik samarali mehnati, kasbiga fidoyiligi va intellektual qobiliyati bilan yuksak hurmat va ehtiromga sazovor bo‘lgan bir guruh pedagog xodimlariga esdalik sovg‘alari topshirildi. Xususan, kuni kecha 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi kafedrasi professori, “Islom ensiklopediyasi” bo‘limi mudiri, iqtisod fanlari doktori Nurislom To‘xliyev Akademiya rahbariyati tomonidan alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tashkil etilgan “Akademiya kubogi” sport o‘yinlarining sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Bayram tadbiri davomida Akademiya talabalari tomonidan she’r-qo‘shiqlar, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, “Quvnoqlar va zukkolar” jamoasining hazillari, Dutorchi qizlar guruhining musiqiy chiqishlari namoyish etildi. Xalqimiz qalbidan joy olgan san’atkorlarning qo‘shiqlari bayram tadbiriga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Akademiyada faoliyat olib borgan marhum professor-o‘qituvchilarning xotirasiga bag‘ishlangan videorolik yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish