251

BMT Aholishunoslik jamg‘armasi UNFPA delegatsiyasi Akademiyada mehmon bo‘ldi

BMT Aholishunoslik jamg‘armasi UNFPAning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Florens Bauer boshchiligidagi delegatsiya Akademiyada mehmon bo‘ldi. Mazkur uchrashuv Akademiya mutaxassislari tomonidan gender tenglik masalasida amalga oshirilgan ishlar va to‘plangan tajriba bilan tanishish hamda BMT Aholishunoslik jamg‘armasi UNFPA tashkiloti faoliyati bilan tanishtirish maqsadida tashkil etildi.

Mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev hamda “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi o‘qituvchisi Nigora Yusupova kutib oldi.

Uchrashuvda Akademiya vakillari Florens Bauerni yurtimizda, xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi. Delegatsiya a’zolarining ishlariga muvaffaqiyat tiladi.

Shundan so‘ng  Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev yurtimizdagi gender siyosati, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va UNFPA o‘rtasida Gender sohasidagi hamkorlik haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berdi. 

Darhaqiqat, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ham gender tenglikni ta’minlash masalasida ko‘plab xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilmoqda. Xabaringiz bor, BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasining “Islomda gender” mavzusidagi loyihasida ishtirok etib, “Islomda gender masalalarining o‘ziga xos tamoyillari” nomli o‘quv qo‘llanmani ishlab chiqqan edi.

Mazkur kitobning ahamiyati shundaki, unda islomdagi gender tengligi va ayollar huquqlarining nazariy muammolari tahlil qilinadi. Qo‘llanma islom huquqida ayollarning huquqiy holatini o‘rganishga bag‘ishlangan keng qamrovli tadqiqot bo‘lib, inson huquqlarining ajralmas qismi sifatida ayol huquqlarini o‘rganish zarurligini asoslaydi.

BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda va Buyuk Britaniya hukumati ko‘magida tayyorlangan mazkur qo‘llanmada respublikada islomda gender tenglik mohiyati, reproduktiv salomatlik, ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, ayol huquqlari va erkinliklariga doir islom konsepsiyasi, islom huquqida ayolning huquqiy maqomini tadqiq etishga bag‘ishlangan maqolalar o‘rin olgan. Mazkur kitob bu sohadagi ilk tadqiqot hisoblanadi.

Shundan so‘ng Nigora Yusupova qo‘llanmada ayollar masalasining umumijtimoiy jihatlari, jamiyat, xotin-qizlar va din, gender tushunchasi, uning xalqaro va milliy huquqiy asoslari, ayol huquqlarini tushunish va islomda teng huquqlilik nazariyasi, islom taʼlimotiga qadar ayollar mavqei hamda islomda gender tushunchasining mohiyati, islom taʼlimotida ayollarning oilaviy munosabatlardagi huquq va majburiyatlari, gender zo‘ravonlik hamda reproduktiv salomatlik kabi jihatlarga to‘xtalib o‘tdi.

Samimiy muloqot davomida UNFPAning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Florens Bauer O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash masalasi yuqori darajaga ko‘tarilgani alohida e’tirof etdi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan o‘quv qo‘llanmasi mazkur ishlarning mantiqiy davomi ekani ta’kidladi. Akademiya bilan hamkorlik aloqalari bardavom bo‘lishidan xursand bo‘lishini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida delegatsiya a’zolari ko‘rsatilgan iltifot va yuqori darajadagi mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish