226

Akademiya vakillari xalqaro seminarda ishtirok etdi

Yurtimizda gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning huquq-manfaatlarini ta’minlash yuzasidan qator sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Mazkur islohotlar inson manfaatlari ustunligini taʼminlash barobarida jamiyatda xotin-qizlar mavqeini oshirish, ularning huquqlarini ustuvor qadriyatlardan biri sifatida himoya qilishga qaratilgan. Bunda, ayniqsa, ayollarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida roʻyobga chiqarilmoqda.

Shu maqsadda poytaxtimizda “Reabilitatsiya va reintegratsiya masalalariga gender nuqtai nazaridan yondashuvlar” mavzusida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir Oila va xotin-qizlar masalalari davlat qo‘mitasi, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyo vakolatxonasi, BMT Ayollar tashkiloti hamda mas’ul tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.

Seminarda mas’ul mutasaddilar, xorijlik mutaxassislar bilan bir qatorda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev hamda “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi professori Nigora Yusupova ishtirok etdi. 

Anjumanda “Reabilitatsiya va integratsiya maslalariga gender nuqtai nazaridan yondashuvlarning global va mintaqaviy tendensiyalari va istiqbollari”, “Reabilitatsiya va reintegratsiya jarayonlarini baholash bo‘yicha O‘zbekistonning viloyatlarida (Namangan va Surxondaryo) tajriba sifatida olib borilgan tahliliy ishlar”, “Mahalliy xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar tajribasi va ma’lum gender amaliyotlari bilan rivojlanayotgan ilg‘or tajribalar”, “O‘zbekistonda mojaroli hududlardan qaytganlarni uzoq muddatli va barqaror qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tavsiyalar muhokamasi” kabi sessiyalarda ma’ruzalar olib borildi.

So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan islohotlarni yuqori baholashdi. Xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish borasida bir qator takliflar va mulohazalar bildirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 

Izoh qoldirish