223

Akademiya o‘qituvchisi xalqaro konferensiyada ma’ruza qildi

Poytaxtimizda Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan BMT Aholishunoslik jamgʻarmasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi (UNFPA) koʻmagida “Zoʻravonlikka qarshi kurashni institutsionalizatsiya qilish. Mediada gender sezgir obrazlarni yaratish” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazildi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva, BMT Bosh kotibi oʻrinbosari – BMTning Jenevadagi vakolatxonasi Bosh direktori Tatyana Valovaya, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati boʻyicha shu’ba mudiri Saida Mirziyoyeva, BMT doimiy koordinatori vazifasini bajaruvchi va UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sharlotta Adrian, tegishli davlat organlari va nodavlat sektor vakillari, xalqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirok etdi.

Mazkur anjumanda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi professori, yuridik fanlari doktori Nigora Yusupova “Islomda gender tenglikning oʻziga xos tamoyillari” mavzusidagi maʼruzasi bilan ishtirok etdi.  

Akademiya vakili o‘z ma’ruzasida respublikada islomda gender tenglik mohiyati, ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, ayol huquqlari va erkinliklariga doir islom konsepsiyasi, islom huquqiqda ayolning huquqiy maqomini tadqiq etishga bag‘ishlanganini ta’kidladi.

Konferensiyada gender zoʻravonlikka qarshi kurashish boʻyicha idoralar faoliyatini samarali muvofiqlashtirish zarurati, xotin-qizlar huquqlarini institutsional himoya qilishda xotin-qizlar masalalari boʻyicha tegishli qoʻmitaning roli, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ayollarni himoya qilish mexanizmlari kabi dolzarb mavzular muhokama qilindi.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan OAV faoliyatida ayollar va erkaklar teng huquqliligi kafolatlarini taʼminlash, jumladan, gender kadrlar tengligidan axborotni taqdim etishgacha boʻlgan barcha nuqtai nazarlar koʻrib chiqildi. Konferensiya yakunida Oʻzbekistonda zoʻravonlikka qarshi kurashish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish