164

Qosimiya universitetida o‘zbekistonlik talabalar bilan muloqot oʻtkazildi

Birlashgan Arab Amirligining Sharja Amirligida joylashgan Qosimiya universiteti rektori Avad Xalaf va universitet masʼullari hamda o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ishtirok etdi. 

Muloqotda Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirligi oʻrtasidagi doʻstona aloqalarning rivojlanayotganligi eʼtirof etildi. Oʻzbekistonda soʻngi yillarda diniy-maʼrifiy sohada olib borilgan islohotlar, ajdodlar meʼrosini oʻrganish, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash yoʻnalishidagi faoliyat toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Jumladan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Margʻiloniy, Imom Moturidiy va boshqa allomalarning qadamjolari obod etilib, ularning nomlari bilan ilmiy tadqiqot markazlari tashkil etilgani aytildi. 

Qosimiya universitetida bakalavriat bosqichida 1500 nafar talaba tahsil oladi va Sharja Amirligi tomonidan moliyalashtiradi. Universitetda “Shariat va islomshunoslik”, “Arab tili va adabiyoti”,  “Menejment va iqtisodiyot”, “Sanʼat va OAV”, “Qurʼon ilmlari” singari taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi. 

Universitet qoshida xorijlik talabalar uchun “Til markazi”, 150 mingdan ortiq kitobga ega kutubxona, sigʻimi 1000 dan ortiq odamga moʻljallangan “Qosimiya masjidi”, tadqiqotchilar uchun “Islom qoʻlyozmalari uyi”, “Qurʼoni karim akademiyasi” mavjud. 

Universitetga har yili 60 dan ortiq davlatdan kelgan 125 nafar talaba qabul qilinadi. Jumladan, bugungi kunga qadar Oʻzbekistondan 50 nafar talaba oʻqishga qabul qilingan. 

Tashrif asnosida oʻzbekistonlik talabalar bilan uchrashildi. Unda soʻnggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va erishilayotgan yutuqlar haqida yoshlarga atroflicha maʼlumotlar berildi. 

Samimiy suhbat davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savol va takliflar bilan murojaat qilishdi.

Yakunda Qosimiya universiteti rahbariyati hamkorlik aloqalari muhokama etildi.

Izoh qoldirish