163

O‘zbekiston delegatsiyasining Birlashgan Arab Amirliklaridagi amaliy uchrashuvlari xorij ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov boshchiligidagi delegatsiya Birlashgan Arab Amirliklarida xizmat safari bilan bo‘ldi. 

Mazkur tashrif davomida delegatsiya a’zolari Birlashgan Arab Amirliklarining diniy-ma’rifiy soha vakillari bilan uchrashuvlari o‘tkazildi. Ahamiyatlisi, mazkur tashrif BAAning Emirates News Agentligi, Sharja 24, Sharja TV, alittihod hamda www.msn.com bir qator yetakchi ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. 

Jumladan, delegatsiya a’zolarining BAA Islom ishlari va vaqf bosh boshqarmasi raisi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Islom ishlari va vaqf bosh boshqarmasi raisi Muhammad Matar Salim al-Kaabi bilan muloqoti alittihod axborot agentligi sahifalarida faol yoritildi. 

Xabarda Muhammad Matar Salam al-Kaabi Oʻzbekiston delegatsiyasiga tashrif uchun minnatdorlik bildirib, mazkur yurtda qadimdan buyuk allomalar yetishib chiqqani, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan din sohasidagi islohotlar haqida ijobiy fikrlari o‘rin olgan.

Bundan tashqari, delegatsiyamiz vakillarining Dubay shahridagi Juma al-Majid jamg‘armasi faoliyati bilan tanishuvi alittihod axborot agentligi sahifalaridan o‘rin oldi.

Agentlik mazkur tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad – kitobat ilmi, qadimgi yozuvlarni asrash, nodir qo‘lyozma va toshbosma asarlarni hamda kitoblarni restavratsiya qilish, ularni kelajak avlodga yetkazish tajribasini o‘rganishdan iboratligini alohida qayd etgan. 

Shuningdek, mazkur uchrashuv Birlashgan Arab Amirliklarining www.msn.com saytida ham e’lon qilindi.

Delegatsiya a’zolari xizmat safari davomida Qosimiya universiteti tarkibidagi Sharja Qurʼoni karim akademiyasi faoliyati bilan tanishgan edi. 

Bu haqida BAAning nufuzli Sharja 24 sayti xabar berdi. Bundan tashqari, mazkur uchrashuv Emirates News Agentligi sahifalarida ham keng yoritildi. 

“Abu-Dabi Tinchlik forumi taʼsischisi Shayx Abdulloh bin Bayya bilan uchrashuv o‘tkazildi”.

Xuddi shu sarlavhali xabar alittihad axborot agentligi nashrlarida chop etildi. Xususan, xabarda ekstremizm va terrorizm islom olamidagi katta muammolardan biri boʻlib qolayotgani, tinchlik va barqarorlik ilm olish hamda ibodat qilish uchun naqadar zarurligini barcha musulmonlar birdek anglashlari lozimligini taʼkidlangan.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov boshchiligidagi delegatsiya a’zolarining Birlashgan Arab Amirliklaridagi xizmat safari samarali, o‘zaro manfaatli hamkorliklarga boy bo‘lib, diniy-ma’rifiy soha rivoji uchun xizmat qilishi shubhasiz.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 

Izoh qoldirish