162

Ilmiy loyiha doirasida Fargʻonadagi noislomiy konfessiyalar faoliyati oʻrganildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy oʻrganish UNESCO” kafedrasi professor-oʻqituvchilari va tayanch-doktorantlaridan iborat ilmiy jamoa Fargʻona viloyatiga xizmat safarini amalga oshirdi. 

Mazkur safar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2021-2023-yillar uchun moliyalashtirilgan “Dinlar tarixi, taʼlimoti, manbalari va anʼanalarini tadqiq etish asosida “Dunyo dinlari” elektron dasturi va mobil ilovasini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyiha doirasida tashkil etildi.

Tarixdan maʼlumki, Oʻzbekiston azaldan turli dinlar tarqalgan, turli din vakillari istiqomat qilgan mintaqa hisoblanadi. Oʻzbekistonning sharqiy viloyatlaridan hisoblangan Fargʻonada ham uzoq yillar mobaynida turli din vakillari yashab kelgan. Uzoq davom etgan etnik va migratsion jarayonlar oqibatida Fargʻona viloyati aholisining etnik tarkibi ancha murakkab va oʻziga xos koʻrinishga ega boʻlgan. Fargʻona viloyati XX asr boshlarida Markaziy Osiyoda oʻziga xos etnik manzaraga ega tarixiy etnografik hududga aylandi. Bu etnik manzara bevosita oʻlkada turli diniy jamoalarning paydo boʻlishi bilan birga kechgan. Tarixiy jarayonlarning natijasi oʻlaroq, Fargʻona viloyatida bugungi kunda pravoslavlik, katolik, protestantlik va yahudiylikka oid 15 ta noislomiy diniy tashkilot faoliyat koʻrsatmoqda.

Yurtimizdagi diniy bagʻrikenglikning tarixiy ildizlarini ifoda etuvchi Fargʻonaga amalga oshirilgan xizmat safari davomida viloyatda rasmiy roʻyxatdan oʻtib faoliyat koʻrsatayotgan yahudiylar jamoasi, Rus pravoslav cherkovi, Rim katolik cherkovi, Yevangel xristian baptistlari cherkovi, Novoapostol cherkovi, Nemis lyuteran cherkovlariga tashrif buyurildi. Jumladan, “Kazanskaya ikona Bojiyey materi” va “Sergiy Rodonojeskiy” nomlaridagi Rus pravoslav cherkovlari, “Muqaddas Deva Mariya” Rim-katolik cherkovi, Yevangel xristian baptistlari cherkovi, “Nelo” nemis yevangel lyuteran cherkovi va “Or AVNER XABAD” yahudiylar diniy jamoasi ibodatxonasi bilan tanishildi. 

Uchrashuv davomida noislomiy diniy tashkilotlarning tarixi va bugungi kundagi faoliyati, diniy bayram va marosimlarini oʻtkazish tartibi, ularda ishtirok etuvchi dindorlarga yaratilgan imkoniyatlar haqida maʼlumotlar toʻplandi. 

Shuningdek, safar mobaynida ilmiy jamoa vakillari XIX asrda polyak katoliklari tomonidan barpo etilib foydalanib kelingan “Kirxa binosi” meʼmoriy obidasida bo‘lishdi. Fargʻona vodiysidagi Quva shahri vayronalari oʻrnida saqlanib qolgan hamda arxitektura va haykaltaroshlikning ajoyib namunalarini gavdalantirgan buddaviylik yodgorligida boʻlib, yodgorlikdagi ibodatxona qoldiqlari va u yerda topilgan islomdan avvalgi davrga doir eksponatlar haqida maʼlumotlar toʻplandi.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish