220

Poklanish fursati

Muborak Ramazon oyi munosabati bilan masjidlarda Allohning kalomi – Xatmi qurʼon tilovatlari yangramoqda. Yer yuzidagi barcha musulmonlar mehr-shafqat, fayz-baraka, rushd-hidoyat kunlari boʻlgan Ramazoni sharifni xursandchilik va cheksiz shukronalar ila qarshi oldilar.

Ramazon poklanish, mehr-shafqat, ibodat va Qurʼon oyidir. Alloh taolo bu oyning ulugʻligini shunday bayon etgan: “Ramazon shunday ulugʻ oyki, unda insonlarni hidoyatga boshlaguvchi, halol bilan haromni ajratib beruvchi Qurʼon nozil qilingan” (“Baqara” surasi, 185-oyat). Masjidlarda Ramazon kechalari tarovih namozlarida Qurʼon oʻqilishi bejiz emas. Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) “Ramazon shunday oyki, uning avvali rahmat, oʻrtasi magʻfirat va oxiri doʻzax oʻtidan xalos qiladigan kunlardir”, deb marhamat qilganlar.

Roʻza Islomdagi besh ustunlardan biridir. Bu xususda ”Baqara” surasining 183-oyatida: “Ey, iymon keltirgan bandalar, Sizlardan avvalgi qavmlarga farz qilinganidek, Sizlarga ham roʻza tutish farz qilindi, shoyad taqvodor boʻlsangiz” deb yozilgan. Avvalo, roʻza tutish orqali Alloh taolo ibodatga buyuradi. Ushbu ibodat tufayli inson jismonan, qalban va ruhan poklanib, taqvodor boʻladi. Taqvo biror narsadan tiyilish, saqlanish degani, yaʼni “parhez” soʻziga toʻgʻri keladi. Bunda inson oʻz nafsini yeyish, ichishdan, jinsiy aloqadan, tilini turli bemaʼni, haqoratli gap-soʻzdan tiyadi. Umuman, kishi koʻz, quloq va boshqa aʼzolarini isloh etib, sabr-qanoatga oʻrgatadi. 

Shuningdek, roʻzador kishi birovning dilini ogʻritish va haqiga xiyonat qilish kabi illatlardan saqlanishi lozim. Bu haqda paygʻambarimizning “Agar yomon gap-soʻz, gina-adovatlardan saqlanmasangiz, kun boʻyi och yurishingizga Alloh muhtoj emas” hadislari mavjud. Demak, tilni turli fisq-u fujur gap-soʻzlardan pok saqlashlik Ramazoni sharif odoblaridan sanaladi.

Roʻza tutish inson va jamiyat uchun foydali ekanligi toʻgʻrisida Imom Gʻazzoliy shunday deganlar: “Roʻza tutish jon uchun zakot, badan uchun riyozat, yaxshilik uchun daʼvatdir. Roʻza – inson uchun gunohlardan tiyilish, jamiyat uchun jinoyatlardan saqlanishdir. Och badanda qalb bir meʼyorda ishlaydi, aql tiniqlashadi, koʻz ravshan tortadi. Toʻqlik dangasalik tugʻdiradi, qalb qoʻrini oʻchiradi, zehnni oʻtmaslashtiradi. Kam uyqu va kam taom bilan qalblaringizga hayot baxsh eting. Qalblaringizni ochlik bilan poklanglar. Shunda qalblaringiz musaffo boʻladi va tetiklashadi”.

Islomning ahkomlari va boshqa ibodatlari singari roʻza jamiyat va inson hayotiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi shubhasizdir. Negaki, roʻza tutish orqali inson oʻz irodasini mustahkamlaydi. Oʻzgalarga nisbatan mehr-shafqatli va xushmuomalali boʻladi. Ramazon oyida kishilar oʻrtasidagi munosabatlar yaxshilanadi, har qanday gina-kuduratlar, araz-nifoq unutiladi. Rasululloh (s.a.v.) bashorat qilganlaridek, Ramazon oyida ixlos, eʼtiqod va Allohning rahmatidan umidvor boʻlib roʻzador boʻlgan kimsaning barcha oʻtmish gunohlari magʻfirat qilinadi. Shunday ekan, taqvo va poklanish oyini gʻanimat bilib, ezgulik, yaxshilikka undovchi xayrli, savobli amallarni koʻpaytiraylik.

Umuman olganda, Ramazon oyining har bir kuni Alloh tarafidan biz uchun berilgan ulugʻ neʼmat va imtihondir. Shuning uchun ham ushbu muborak oyda savobli amallarga harakat qilishimiz onadan yangi tugʻilgandek pokiza chiqishimizga sabab boʻladi.

Ramazon kechalarida qilingan duolarning, ibodatlarning sharofatu barakotidan Alloh taolo butun dunyoda, xususan, mamlakatimizda tinchlik-xotirjamlik, farovonlikni yanada bardavom aylasin.

                                                                          Neʼmatullo MUHAMEDOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

“Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi mudiri, 

tarix fanlari doktori

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish