215

Ta’lim-tarbiyaga birdek mas’ulmiz

Yurtboshimiz tashabbusi bilan 2023-yil “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nomlanishi kishiga benihoya mamnuniyat baxsh etadi. Chunki bu g‘oya zamirida kelajagiga munosib poydevor yaratmoqchi bo‘lgan millatning yosh avlod kamoliga qay darajada e’tibor berishi yotadi. O‘z navbatida “sifatli ta’lim” tushunchasi ota-ona va murabbiy-ustozlar oldiga katta vazifa qo‘yadiki, ularning ichida eng mas’uliyatlisi, fidoyilik ila astoydil yondashishni taqozo etadigani yoshlar tarbiyasidir. Zotan, yoshlar qanchalik ko‘p bilimga erishmasin, go‘zal axloq namunalari bilan vujudlari bezanmas ekan, oldimizga qo‘ygan ulkan maqsadlarga erishishimiz shunchalik orqaga chekinaveradi.

Farzand tarbiyasida esa har doim ilmga suyaniladi. Tarbiyachilar yuksak darajada bilimdon va axloqan namuna bo‘lmas ekanlar, ohanrobodek avlodlarni o‘z domiga tortib, buyuk madaniyatlar, tamaddunlarni evrilish nuqtasiga olib chiqayotgan ma’naviy tahdidlar millatni batamom yo‘q qilib yuborishi mumkin. Bugungi kunda biz uchun mutlaqo yot bo‘lgan, ma’naviy va axloqiy tubanlik illatlarini o‘z ichiga olgan xatarlardan biri “ommaviy madaniyat” haqida OAV, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar hamda ta’lim muassasalarda uyushtiriladigan “ma’naviyat soat”larida ko‘p va xo‘b gapirilmoqda. Ushbu tadbirlar natijasida “ommaviy madaniyat” egosentrizm g‘oyalari, axloqiy buzuqlik, zo‘ravonlik, bir jinslilar nikohi, pornografiyaning ochiq-oshkora namoyishini aks ettiruvchi illat ekanligi to‘g‘risida umumiy tushuncha hosil bo‘ldi. 

Ammo yuqoridagi singari tadbirlar tizimi muammoni yechishda faqat nazariy xulosa bo‘libgina qolib, uni amaliy bosqichga olib chiqish biroz oqsoqlanmoqda. Zero bugun ko‘plar tomonidan tez-tez takrorlanayotgan quyidagi iboralar fikrimizni tasdiqlaydi: “farzandim meni tushunmaydi”, “menga itoat qilmaydi”, “nasihatimga quloq solmaydi”, “kunduzi uxlab, tunda televizor ko‘radi”, “aka-ukalari bilan janjallashadi”, “ko‘p yolg‘on gapiradi” va hokazo...

Bola ruhiyati va uni tarbiyasida jamiyat va yon-atrofda hukmron muhitni ta’siri to‘g‘risida izlanish olib borgan ruhshunos va jamiyatshunoslar yoshlar xulqini buzilishiga sababchi quyidagi omillarni sanab o‘tadilar:

– oila boshqarishda ota-onaning aniq maqsadi yo‘qligi;

– ma’naviy kemtiklik;

– moddiy ta’minotda haddan oshish;

– bolaning ta’lim olishdan maqsad yo‘qligi;

– ota-onadan mehr ko‘rmay, boshqalardan shirin so‘zlar eshitishi;

– ota-onaning farzandi oldida janjallashishi;

– ota yoki onaning uzoq vaqt uyda bo‘lmasligi;

– kichik va arzimas xatolarni bo‘rttirish;

– bolaning xatosini to‘g‘ri tushuntirmaslik;

– bola atrofida o‘rnak bo‘ladigan shaxsning yo‘qligi;

– axloqiy buzuqlikni targ‘ib qiluvchi omillar yo‘liga ta’qiq qo‘yilmagani.

Ulug‘larimiz bola xulqi buzilishiga ko‘pincha ota-ona sababchi bo‘lishini ta’kidlab, ular farzand tarbiyasiga javobgarliklari, bolalarini zarur va foydali mashg‘ulotlar bilan band qilishi kerakligi, bola bo‘sh turmasligi, uydagi tarbiya bolani qoniqtirmasa, u ko‘chaga intilishi va o‘zi bilmagan holda boshqa “dunyo”ga kirishini uqtiradilar. 

Muqaddas dinimizda ham farzand tarbiyasiga jiddiy munosabatda bo‘lishga targ‘ib qilinishi, avvalo, kishi o‘z nafsi va ahli oilasini jahannam azobidan saqlashga buyurilgan Qur’oni karim ko‘rsatmasi (Tahrim, 6) mavjudligi bilan bog‘liq. Ushbu oyat nozil bo‘lganida Umar (r.a.) Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan: “Yo Rasululloh, o‘zimizni do‘zaxdan saqlaymiz, bu tushunarli. Ammo ahli oila va farzandlarimizni qanday saqlay olamiz?” deb so‘radi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): “Alloh sizni qaytargan narsalardan ularni ham qaytarasiz va Alloh sizga buyurgan ishlarga ularni ham undaysiz. Shu yo‘l bilan ularni do‘zaxdan saqlagan bo‘lasiz”, deb javob berganlar. 

Sir emaski, farzand yaxshilikni ham, yomonlikni ham ilk bor oilada ko‘radi. Kattalarning barcha xatti-harakatlarini xuddi suratga olgandek ongiga joylab, ulg‘aygach, ularni hayotiga tatbiq etadi. Mutaxassislarning aytishicha, bola ikki-uch yoshidayoq ba’zi narsalarni idrok eta boshlaydi. Besh yoshgacha qanday tarbiyalansa, keyinchalik xulqi shunday shakllanadi. Keyingi urinishlarning natijasi kam bo‘lishi kuzatilgan. Shunga ko‘ra, axloqi yomon bolalar asosan muhiti sog‘lom bo‘lmagan oiladan chiqishi oydinlashadi. “Bugungi o‘g‘ri, firibgar va xulqi yomon kimsalar kecha tarbiyasiga e’tibor berilmagan bolalardir”, degan edi Abdulla Avloniy. 

Yuqoridagi manbalarda ta’kidlangan “mas’ullik hissi” oiladagi tarbiyadan tashqari, bolalarning ko‘cha-ko‘yda yurish-turishlari, kimlar bilan do‘stlashayotganiga alohida ahamiyat berishni hamda bola qanday kitob o‘qiyotgani, qanday filmlarni tomosha qilishini hamisha nazorat ostiga olishni ham ifodalaydi. Farzandni doimo nazoratda tutib turishni eng samarali usuli esa unga o‘z vaqtini foydali ishlarga sarflashni o‘rgatish hisoblanadi. Zotan, bugungi zamon donishmandlari tan olgan madaniyatli inson bu o‘z vaqtini to‘g‘ri sarflay olgan insondir. Haqiqatan, har amalda tezkorlik, samara va mahorat davr talabiga aylangan, “osmonga qo‘l cho‘zgan bilan yulduzlarni tutib bo‘lmasligi” anglab etilgan zamonda XXI asr avlodi xayolparastlikdan yiroqlashib, real qonuniyatlar hamkorligida faoliyat yuritishni o‘zlashtirishi ayni muddaodir. 

O‘z navbatida, bolaga vaqtni to‘g‘ri sarflashni o‘rgatishni ma’lum vositalari bo‘lib, ularning orasida birlamchisi uning qalbida kitob o‘qishga mehr uyg‘otish hisoblanadi. Chunki mutolaa – bola tarbiyasining muhim bo‘lagi. Farzand kelajakda qanday kasb egallashi, hayotda muvaffaqiyat qozonishi bevosita kitob o‘qishi bilan bog‘liqligini olimlar isbotlashdi. Ma’lum bo‘lishicha, yoshlikdan mutolaani har narsadan afzal bilgan bola ko‘p narsaga erishar ekan. O‘qish jarayonida uqiladi, ma’lumot eslab qolinadi, taassurot paydo bo‘ladi va boyidi. Bu paytda miyaning hamma qismlari ishlaydi, ong kelgusida turli muammolarga yechim topishda qiynalmaydi, hozir javob bo‘ladi. 

Aksincha, bu usuldan foydalanish asnosida ota-ona bolada kitob o‘qishni xushlamaslik holati bilan ham duch kelishi mumkin. Odatda bola qiynaladigan ishni bajargisi kelmaydi. Bunday vaziyatda, ota-ona farzandini noma’qul xatti-harakatlardan, kattalarga xos hikoya va suhbatlarni tinglashdan uzoq tutgan holda, ularni tarbiyasiga yordam beradigan, payg‘ambarlar va buyuk zotlar haqidagi ezgulikka chorlovchi rivoyatlar, hikoyalardan ko‘proq aytib bersinki, bola axloqiga yomon ta’sir ko‘rsatadigan kitoblarni o‘qimasin, hayosiz, shafqatsiz filmlarni ko‘rish orqali “tarbiyasi og‘ir” bolaga aylanmasin. Balki kitobga mehri tushish natijasida, unda xayrli amallarni qilish hissi uyg‘onsin.

Ota-ona farzandiga vaqtni unumli o‘tkazishni o‘rgatishida vosita sifatida foydalanishi mumkin bo‘lgan usullardan yana biri – zamonaviy axborot texnologiyalaridan oqilona foydalanishdir. Zero, bolaning aqliy faoliyati, dunyoqarashi o‘sishiga xizmat qiluvchi teledasturlar, multfilmlar, tarixiy, odob-axloq mavzusidagi ko‘rsatuvlar tarbiyaga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday uslub orqali bola zarur axborotlarni o‘zlashtiradi, kerakli bilimlarga ega bo‘ladi. Albatta, mazkur vositalardan foydalanishda ota-ona tomonidan qat’iy me’yorni belgilanishi va bu jarayonni qattiq nazorat qilish talab etiladi. Chunki televizor yoki kompyuter ekraniga uzoq vaqt tikilib turish bolaning sog‘ligiga zarar bo‘lib, uning ko‘rish quvvatini zaiflashtiradi. Bundan tashqari, bu borada me’yor va nazorat mavjud emasligi bolaning aqliy va ruhiy faoliyati hamda boshqalar bilan muomalasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Qolaversa, bu kabi holat bolaning darslarni yomon o‘zlashtirishi, kundalik mashg‘ulotlarga jiddiy yondashmasligiga olib borib, uni tanballik va tartibsizlikka odatlantiradi.

Ommaviy axborot vositalarida berib borilayotgan ma’lumotlarga e’tibor berilsa, bugun dunyo mamlakatlarini tinchligini buzib, doimiy insonlar hayotiga turli usullar: diniy ekstremizm, missionerlik, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik va boshqa qator madaniy-ma’naviy tartibsizliklar orqali tahdid solib kelayotgan “demokratiya faollari” dangasalik illatini o‘ziga shior qilib olganlariga guvoh bo‘lish mumkin. Ular mehnat qilmasdan, har qanday yo‘l orqali katta mablag‘ni qo‘lga kiritish istagida yuradilar. 

Shu bilan birga, sog‘liq va bo‘sh vaqt – ko‘p insonlar foydalanishdan bebahra qoladigan ikki ne’mat, deya ta’riflangan hadisi sharifni (Imom Buxoriy rivoyati) avvalo, ota-ona, ustoz-murabbiy va yoshlar tarbiyasiga o‘zini daxldor biluvchi har bir vatandoshimiz to‘g‘ri idrok etib, so‘ngra, millat nasli davomchilarini mazkur ikki ne’matni oqilona istefoda etish orqali baxtga erishgan kam sonli insonlar orasida bo‘lishini ta’minlashga harakat qilishi lozim. 

Demak, farzandlarimizning kelajakda odob-axloqli, ilmli bo‘lib yetishishlari uyda ota-ona, o‘rta va oliy o‘quv yurtlari hamda madrasalarda muallim va ustozlar zimmasidadir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.): “Har biringiz bir rahbarsiz va qo‘l ostingizdagilarga mas’ulsiz”, deb ta’lim berganlaridek, ota-onalar, qolaversa, ta’lim-tarbiyaga mutasaddi kishilar bu ishga javobgar ekanliklarini his qilishlari, bir so‘z bilan aytganda, avlodlarimiz ilm-ma’rifatli insonlar bo‘lib yetishishlarida birortamiz chetda tomoshabin bo‘lib turmasligimiz darkor.

Odiljon ERNAZAROV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO”

 kafedrasi dotsenti v.b., t.f. PhD

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish