205

Yoshlar ta’lim-tarbiyasi – millat kelajagining poydevori

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Bugungi kunda axborot kommunikatsiya texnologiyalari yordamida masofadan ta’lim olish uchun keng imkoniyatlar mavjud. Bu o‘zining mustaqil fikriga ega, texnika imkoniyatlaridan o‘z o‘rnida foydalanuvchilar uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochdi. Shu bilan bir qatorda, internet makonining turli o‘yinlar va videolar bilan boyitilgani dunyoqarashi shakllanayotgan bolalar va o‘smirlar uchun kundalik normal voqelik bo‘lsa, boshqalarga tashvish o‘chog‘iga aylandi.

Internet tomonidan dastlabki taqdim etilgan imkoniyatlarda, avvalo, texnologik uzilishlarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratildi. Vaqt o‘tishi bilan “o‘rgimchak to‘ri” inson ehtiyojlari va qiziqishlaridan kelib chiqqan holda turli mazmundagi axborotlar, ko‘ngilochar dasturlar orqali qulayliklar yaratdi. Bu esa o‘z navbatida internet hayotini ommalashuviga olib keldi. 

Dunyo aholisi endilikda internetga ulanish bilan cheklanmay, unda faoliyat olib bormoqda. Yangi texnologiyalar hayotimizga shiddat bilan kirib kelishi o‘zining ijobiy jihatlari barobarida salbiy jihatlarini ham namoyon qilayotir. Mobil telefonlar yoki onlayn o‘yinlar, dunyoqarashi to‘liq shakllanib ulgurmagan bolalar va o‘smirlarni kibermakon orqali tahdidlar va zo‘ravonliklarga duch kelish hollari o‘sishiga sabab bo‘lmoqda.

Kibermakonda insonlarning ijtimoiy hamkorligi bir qator omillar ta’siri ostida real hayotdagidan o‘zgacha tus oladi. Ularning amallari va aytayotgan so‘zlari kundalik hayotdagi faoliyatlariga doim ham mos kelavermaydi. Insonlar o‘zlarining kibermakondagi hatti harakatlari real hayotda qandaydir oqibatlarga olib kelishi haqida biron so‘z aytmaydilar. Ular haqiqiy hayotda boshqa yo‘lni tutsalar-da, onlayn muloqotda voqea va ma’nolarni umuman o‘zgacha talqin qiladilar. Kibermakonda harakatlanuvchi inson tasavvurida hayot tasavvurlarini buzilishi yuzaga kelishi mumkin. Bu esa o‘z navbatida endi o‘rganayotgan hamda tanqidiy tahlil qobiliyati shakllanmagan bolalar va o‘smirlarda chuqur asoratlar keltirib chiqaradi. Kibermakondagi ijtimoiy hamkorlikning bu qirralari bolalar va o‘smirlarga tahdid uyg‘otadi.

Kibermakonda bolalar va o‘smirlar yig‘iladigan ko‘plab makonlarni uchratish mumkin. Ular esa o‘z navbatida zo‘ravonlikni maqsad qilib qo‘ygan kimsalarga imkoniyatlarni keng ochilishiga muhit yaratib, bolalar va o‘smirlarga psixologik va jismoniy zarar yetkazishga xizmat qilmoqda. Ba’zi g‘arazli kishilar tarmoqlar orqali muloqotga kirishgan yoki tarmoqlar orqali himoyasizligi ma’lum bo‘lgan bolalar va o‘smirlar bilan uchrashish maqsadida uzoq masofalarni bosib o‘tishga ham tayyor bo‘ladilar. 

Virtual olamda bolalarga nisbatan xavfning ortishi bevosita axborot kommunikatsiya texnologiyalarining jadal suratlar bilan rivojlanishi bilan bog‘liq. Bola bir necha soat, kun yoki hafta davomida ko‘pchilik boshqa o‘yinchilar uchun onlayn fantaziya-o‘yinning amaldagi ijrochisi bo‘ladi. Mutaxassislarning fikricha, bolaning o‘yin bilan shiddatli qiziqishi uning virtual olam va real hayotni aralashtirib yuborishiga olib keladi. Quyidagi misollar buning amaliy tasdig‘idir: 2005-yilning yanvarida Xitoyda 13 yoshli bola ko‘p vaqtini virtual makonda o‘tkazishi natijasida virtual dunyoni real hayotdan ajrata olmay o‘z joniga qasd qilgan. 

Buyuk Britaniyada bola “chat”da tanishgan tengqurlari bilan o‘zaro muloqotda turli shaxslar nomidan ish tutgan. Ikkinchi bola har bir “personaj” bilan suhbatlashib chiqib, ularning “tarix”lariga butunlay ishongan. Oxir oqibat birinchi bola ikkinchi bolani uni o‘ldirishga harakat qilib ko‘rishga chaqirgan, natijada esa u o‘zining o‘limiga ikkinchi bolaning qotilligi orqali erishgan.

Yuqoridagi misollar kibermakonda bo‘lib o‘tayotgan jarayonlar faqatgina bir davlat, millat farzandlari uchun xavfligina emas, balki birlashgan holda bunday tajovuzlarga kurashishni taqazo etadi. 

O‘zbekistonda mazkur yo‘nalish bo‘yicha mas’ul tashkilotlar hamkorlikda “Onlayn muhitda yoshlarni himoya qilish bo‘yicha qo‘llanma” ishlab chiqqan. Unda tahlikali sharoitlarda o‘zini muhofaza qilish, xavf-xatarlar va tahdidlardan himoyalanishning murakkab bo‘lmagan qoida va tavsiyalari berilgan. Qo‘llanmada berilgan tavsiyalarni internetda ishlash vaqtida esda tutish. Jumladan, unda ruhshunoslar, shifokorlar va pedagoglarning internet tarmog‘idan foydalanish vaqtini qanday taqsimlanishi lozimligi borasidagi maslahatlari keltirilgan:

7 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar – kuniga 1 soat. Mazkur yosh skelet mushaklar funksiyalarining o‘zgarishi, tez o‘sishi va rivojlanishi, yangi harakat, mehnat ko‘nikmalarining vujudga kelishi bilan xarakterlanadi. O‘smirlar harakat apparati, bosh miyada harakat nerv markazlari shakllanib tugay boshlaydi. 

10 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar – kuniga 1,5 soat. Bu davr bolaning bo‘yi, vazni tez ortishi, jinsiy bezlarning intensiv funksiyalanishi bilan xarakterlanadi.

13 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar – kuniga 2 soat. Bu davrda yurish-turish uchun zarur mushaklar rivojlanadi.

O‘smirlar va bolalarni kompyuter qarshisida, jumladan, internet tarmog‘ida vaqt o‘tkazishining yuqoridagi kabi taqsimlanishidan maqsad “Internetga qaramlik”, ko‘rish qobiliyatining pasayishi (“quruq ko‘z” sindromi), umurtqa pog‘onasining qiyshayishi (skalioz), qomatning buzilishi (bukchayish) kabi kasalliklardan asrashdan iborat.

Bugungi globallashuv davrida yoshlar ma’naviyatini asrash, yosh avlodning qalbi va ongini turli zararli g‘oyalar ta’siridan saqlash hamda  mafkuraviy immunitetini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratish dolzarb vazifadir. Yosh foydalanuvchilarda internet madaniyatni shakllantirish va rivojlantirish o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Doimiy ravishda saytlarni nazorat qilishdan ko‘ra, bolalar bilan ishonchli munosabat, ochiq va samimiy muloqotda bo‘lish ancha samarali natijalar beradi. Bugun ana shunday yoshlarni, millat kelajagini ma’naviy buzg‘unchi ijtimoiy illatlardan asrash, bunday qusurlarning kelib chiqish sabablarini o‘rganish, ularning oldini olishga qaratilgan kurashni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.

Mohira ABDULLAYEVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

“Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi o‘qituvchisi

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish