261

Globallashuv sharoitida “ommaviy madaniyat”ning dunyo xalqlari hayotiga ta’sir etishi

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Hozirgi davrda ijtimoiy hayotning barcha sohalarida globallashuv jarayonlari tobora kuchayib bormoqda. Shu bilan birga, mafkuraviy ta’sir o‘tkazish ko‘lami jadal kengaymoqda. Bunday sharoitda har bir xalq o‘z milliy manfaatlarini ta’minlashga, tarixiy negizlaridan uzoqlashib ketmaslik va o‘zgalar ta’siriga tushib qolmaslikka intiladi. 

Davlatlar global axborot maydonida o‘z manfaatlarini himoya qilishi, turli axborot xurujlariga qarshi tura olishi esa yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Biroq axborot texnologiyalarining tez rivojlanishi va global axborot makonida milliy chegaralarning o‘z ahamiyatini yo‘qotishi natijasida turli xalqlar hayotiga soya soluvchi, ularning turmushi, madaniyati va an’analariga zarar keltiruvchi omillar ta’siri kuchaymoqda. Ana shunday omillarning salmoqli qismi “ommaviy madaniyat” nomi bilan hayotimizga kirib kelmoqda. O‘z mustaqil fikri, sog‘lom dunyoqarash va mustahkam irodaga ega bo‘lmagan odamlar, ayniqsa, yoshlar turli ma’naviy tahdidlarning ta’siriga bardosh bera olmasligi ko‘rinib qolmoqda. Mana shunday vaziyatda “ommaviy madaniyat” niqobi ostida axloqiy buzuqlik va zo‘ravonlik, individualizm, egosentrizm g‘oyalarini tarqatish, shuning hisobidan boylik orttirish, boshqa xalqlarning necha ming yillik an’ana va qadriyatlari, turmush tarzining ma’naviy negizlariga bepisandlik, ularni qo‘porishga qaratilgan xatarli tahdidlar odamni tashvishga solmay qo‘ymaydi.

Bugungi murakkab globallashuv davrida har bir shaxs axborot ta’siriga uchraydi. Bu axborot oqimlarining ma’lum qismi noqonuniy va ijtimoiy jihatdan salbiy mazmunga egadir. Butun jahon internet axborot tarmog‘i, mobil aloqa tizimi, kompyuter o‘yinlari, video va kino mahsulotlari orqali “ommaviy madaniyat” niqobi ostida milliy manfaatlarimiz, mafkuramiz, ma’naviy axloqiy qarashlarimizga yot zararli g‘oyalarni yoshlar ongiga singdirishga urinishlar kuzatilmoqda. “Ommaviy madaniyat” mahsulotlari yoshlardan chuqur fikr-mulohaza yuritishni talab etmaydi, aksincha, ularni har xil hayot tashvishi va muammolaridan “xalos” etadi, o‘qishga, bilim olishga emas, balki bir marta beriladigan hayotda “yashab qolishga” chaqiradi. 

Mamlakatimiz aholisining asosiy qismini yoshlar tashkil etishini e’tiborga olsak, ularning asl maqsadlari nimaga qaratilgani ravshan bo‘ladi. “Ommaviy madaniyat”ni targ‘ib qilayotgan g‘arazli kuchlarga aslida hech qanday madaniyat va inson ma’naviyati, axloqiy qadriyatlarning keragi yo‘q. Ularning siyosiy maqsadlari mamlakatlarni o‘z izmiga solish, boyliklariga egalik qilish, odamlarning irodasini susaytirish va oxir-oqibatda erkinligidan judo qilishdir.

Amerikalik siyosatshunos Zbignev Bjezinskiy o‘tgan asrning oxiridayoq taraqqiyotga ta’sir etayotgan kuchlar, hodisa va jarayonlar to‘g‘risida to‘xtalib, madaniy ustunlik Amerika global kuch-qudratining muhim jihati sanalishiga e’tiborni qaratadi. Ayrimlar o‘zining estetik qadriyatlari haqida nimalarni o‘ylamasin, Amerika ommaviy madaniyati, ayniqsa, dunyo yoshlarini ohanrabo kabi o‘ziga tortadi. Amerikaning televizion dasturlari va filmlari jahon bozorining qariyb to‘rtdan uch qismini egallagan. Amerikaning ommabop musiqasi ham ustuvor mavqega ega, shuningdek, amerikaliklarning qiziqishlari, ovqatlanishdagi odatlari va hatto kiyinishiga butun dunyoda taqlid qiladilar, deb hisoblaydi. Bu bilan aniq maqsadlar, reja va dasturlar asosida amerikacha madaniyat gegemoniyasi targ‘ib qilinayotganini ta’kidlaydi. Bu tendensiya hozirgi kungacha davom etib kelayotganini kuzatish mumkin. 

Aslida, madaniyat inson bunyodkor faoliyatining ichki mazmunini tashkil etadi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, inson faoliyatining asosiy mazmuni o‘zini erkin, yaratuvchan ijodkor shaxs sifatida namoyon etish, insoniylik dunyosini yaratish va shu asosda olamni ham insoniylashtirishdan iboratdir. Shunday ekan, iste’molchilik kayfiyatining o‘zagini tashkil etgan “ommaviy madaniyat” haqiqiy madaniyatning mohiyatiga zid va yotdir. U insonning ma’naviy dunyosini buzadigan, xalqni esa olomonga aylantiradigan hodisadir.

“Ommaviy madaniyat” milliy madaniyatlarning kushandasi bo‘lib, u madaniy xilma-xillikni xushlamaydi, uning asl maqsadi – bu olamni bir xil rangda ko‘rish. Ommaviy madaniyat ssenariysining asosiy “muallifi” sanalgan AQSHda madaniyatlar uyg‘unligi orqali millatlar o‘rtasidagi tafovut “devori”ni yiqitish borasida to‘plangan boy tajriba shundan dalolat beradi. Garchi ommaviy madaniyat okean ortida yagona davlat shakllanishida qo‘l kelgan bo‘lsada, bugunga kelib uning Gʻarbda yuz berayotgan axloqiy tanazzulning muqaddimasi ekani ham ayonlashdi. So‘nggi bir necha o‘n yilliklar davomida “ommaviy madaniyat” o‘sha jamiyatlarni sun’iy, soxta ideallar bilan chalg‘itibgina qolmay, odamzot uchun muqaddas bo‘lgan tabiiy juftlikni ham inkor etdi, g‘ayriinsoniy axloq va munosabatlarni qonuniylashtirdi va buni, demokratiyaning oliy namunasi deya ko‘z-ko‘z qildi. 

Ommaviy madaniyatning shiddat bilan rivojlanishida tijorat qoidalari ham kuchli  ta’sir o‘tkazmoqda. Har qanday zamon va makonda barcha narsalardan foyda ko‘rishga tayyor dastyorlar topilishi uzoqni ko‘zlab zimdan ish ko‘ruvchi ommaviy madaniyatchilarning mushkulini oson qiladi, ishini jadallashtiradi. Bunday mol-dunyoga sig‘inuvchi dastyorlar faqat bugunni, yana ham aniqrog‘i hozirni ko‘radi va tan oladi. 

Shuning uchun, o‘sib kelayotgan avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlarga, asl madaniyat durdonalariga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda ommaviy madaniyatga xos ayrim ko‘rinishlarga tanqidiy munosabatni, aksilmadaniyatga, turli buzg‘unchi g‘oyalar va axborotlarga nisbatan g‘oyaviy immunitetni shakllantirish alohida ahamiyat kasb etadi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida zamonaviy kadrlar tayyorlash bilan bog‘liq ma’naviy-ma’rifiy, ta’lim-tarbiya ishlari ham mamlakatimizda bu yo‘nalishda olib borilayotgan tizimli jarayonlarda munosib o‘ringa ega bo‘lishida har birimiz, professor-o‘qituvchilardan boshlab – talabalargacha, o‘z hissalarini qo‘shib bora oladi, deb ishonamiz.  

Botir VALIYEV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi dotsenti

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish