158

Terrorizm – islom diniga yot gʻoya

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Terrorizmning asl maqsadi islom niqobi ostida obod yurtlarni buzish va tinch aholini sarosimaga solish ekanini xalqimiz toʻgʻri tushunib yetgan. Shu sababli azal-azaldan diyorimizda turli diniy-siyosiy oqimlarga salbiy munosabatda boʻlingan. Ularning yurtimizga kirib kelishi va aholi orasida yoyilishiga din ulamolari bilan bir qatorda oddiy xalq ham qattiq qarshilik koʻrsatgan. Bundan ajdodlarimiz muqaddas dinimizni chuqur va toʻgʻri anglaganliklari va uning nozik jihatlariga bir tomonlama yondoshmaganliklari maʼlum boʻladi.

Lekin bugungi kunimizda turli chetdan kelgan, mutaassib guruhlarning yolgʻon igʻvolari va yot gʻoyalariga aldanib qolayotgan yoshlarning uchrab turishi achinarli holatdir. Muqaddas islom dinimizning sof taʼlimotlaridan bexabar yoshlarimiz islomga gʻaraz koʻzi bilan qarayotgan, uni dunyoga yomonotliq qilib koʻrsatishga harakat qilayotgan, bu yoʻlda har qanday jirkanch va yolgʻondan tiyilmayotgan kishilarning asl yuzlarini tanimasdan ularga ergashmoqda. Ular yoshlarimiz ongiga musulmonlar yashaydigan yurtni boshqarib turgan hukumat va uning fuqarolari kofir, islom oʻlkalarini kufr yurt, u yerlarda terrorchilik harakatlarini amalga oshirish mumkin, islom diniga kirmagan kishilarni oʻldirish halol, din yoʻlida senga hamfikr boʻlmagan har qanday insondan, xoh u ota-onang boʻlsa ham voz kechishing kerak, degan notoʻgʻri gʻoyalarni singdirishmoqda. Eng achinarlisi ushbu gʻoyalarni goʻyo islom koʻrsatmasi sifatida talqin qilinishi kuzatilyapti.

Aslida islom dini bagʻrikenglik, kechirimlilik, muhtoj va yetimlarga yaxshilik qilib, mehr-muruvvat koʻrsatish, qariyalarni qadrlash, qarindoshlar bilan silai rahmni mustahkamlash, ota-onaga hurmat kabi ezgu ishlarni olgʻa suradi. Dinimizda yaxshilik yoʻliga chaqirish qay tarzda amalga oshirilishini Qurʼoni karim oyatlari va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari quyidagicha belgilab qoʻygan:

Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Robbingizning yo‘liga hikmat va chiroyli nasihat bilan da’vat eting…”, deb marhamat qiladi.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deydilar: “Din nasihatdir”.

Yaʼni insonlar dinni bir-birlariga nasihat va samimiyat bilan tushuntirishidir.

Bashariyat ichida kechirimlilik, rahmdillik, mehr-shavqat kabi islomiy fazilatlarni oʻzida mujassam etgan buyuk zot – Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayotlari davomida yuqoridagi gapimizga koʻplab tasdiqlarni koʻrishimiz mumkin. Makka fathi voqeasi esa bunga yaqqol misoldir. U zotga risolat kelganidan keyin atrofdagi odamlar dushmanlik nazari bilan qaray boshlaydi. U kishi ularning aziyatidan Madinaga hijrat qiladilar. Soʻngra katta kuch toʻplab Makkani fath qiladilar. Shaharga kirishdan oldin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga dushmanchilik qilgan kishilarga quyidagicha amr qiladilar:

– Ulardan kim qurolini tashlasa oʻldirilmasin;

– kim Kaʼba ichiga kirsa oʻldirilmasin;

– kim Abu Sufyon uyiga kirsa oʻldirilmasin;

– kim oʻz uyiga kirsa oʻldirilmasin;

– kim Hakim ibn Hizom uyiga kirsa oʻldirilmasin;

– qochganlar ortidan quvilmasin;

– yaradorlarga tegilmasin;

– asirlar oʻldirilmasin;

Abu Sufyon Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga koʻplab aziyatlar yetkazgan, bir nechta gʻazotlarda Nabiy sollallohu alayhi vasallamga qarshi urush olib borgan boʻlsa ham uni va uning uyidan boshpana topgan kishilarni avf etdilar.

Tolibjon SHARIPOV

Manba: muslim.uz

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish