153

Sogʻlom aqidaning moʻmin hayotidagi ahamiyati

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Har bir balogʻatga yetgan aqli raso musulmon uchun dastlab sogʻlom aqidani oʻrganishi farz boʻladi. Shuningdek, islom dinini qabul qilgan kishiga ham amaliy hukmlarni oʻrgatishdan oldin sogʻlom aqida hukmlari oʻrgatiladi. Bunga Imom Muslim rivoyat qilgan quyidagi hadis dalildir. Paygʻambarimiz sollalllohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga yuborayotganlarida bunday deganlar:

“Siz ahli kitob boʻlgan qavmga boryapsiz, ularni avval chaqiradigan narsangiz Alloh azza va jallaga ibodat qilish boʻlsin. Qachon Allohni tanisalar, Alloh ularga bir kecha-kunduzda besh vaqt namoz farz qilganini xabar bering”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu hadislarida musulmon kishi eng avval toʻgʻri aqidani oʻrganishi lozimligini xabar berganlar.

Sogʻlom aqida islom dinining asosi boʻlgani uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam paygʻambar etib yuborilganlaridan soʻng deyarli oʻn uch yil davomida u zotga, asosan, aqidaga taalluqli hukmlar vahiy qilingan.

Ulamolar “Sogʻlom aqidani qisqacha qilib Alloh taologa, farishtalariga, kitoblariga, paygʻambarlariga, oxirat kuniga, qadarning yaxshisi ham, yomoni ham Allohdan ekaniga va oʻlgandan soʻng qayta tirilishga iymon keltirishdir”, deb tushunish mumkin, deganlar.

Mazkur narsalarga qatʼiy ravishda ishonish sogʻlom aqidaning asoslari boʻlib, iymon keltirish lozim boʻlgan barcha narsalar mazkur asoslardan kelib chiqadi.

Bayon qilingan ushbu aqida turli zamonlar va makonlar tufayli oʻzgarmagan, yuborilgan barcha paygʻambarlarda farqlanmagan yagona qatʼiy eʼtiqoddir.

Sogʻlom aqidaning avvali Alloh taoloning borligiga, birligiga va komil sifatlar bilan sifatlanganiga iymon keltirish hisoblanadi. Musulmon kishi nomusulmon kishidan “Ashhadu an la ilaha illalloh” (Allohdan oʻzga maʼbud yoʻqligiga guvohlik beraman) deb shahodat kalimalarini aytishi va ularning taqozosiga koʻra hayot kechirishi bilan ajralib turadi. Ushbu guvohlik berish musulmonlikning asosi hisoblanib, musulmon kishining hamma qarashlari mazkur asos ustiga quriladi.

Shunga koʻra, sogʻlom aqida moʻminning hayotida mislsiz ahamiyatga egadir:

– sogʻlom aqida moʻmin banda va Alloh taolo oʻrtasidagi aloqaning mohiyati nimadan iboratligini tushuntirib beradi. Ulamolar sogʻlom aqidali musulmonning tasarrufi qanday boʻlishiga quyidagicha misol keltirganlar. “Bir kishiga doʻsti maʼlum miqdorda mablagʻ berib uni qayerlarga sarflashini tayinlasa, doʻsti mazkur joylarga ortiqcha qiynalmasdan, ichi achishmasdan sarflaydi. Chunki unda qoʻlidagi mablagʻ toʻgʻrisida “bu mablagʻ mening shaxsiy molim emas, mening qoʻlimda turgan omonatdir, men uni faqatgina egasi tayinlagan joylarga sarflovchiman xolos” degan sogʻlom aqidasi boʻladi. Shu maʼnoda sogʻlom aqidali moʻmin kishi oʻzidagi barcha narsalarni Alloh taoloning unga bergan omonati deb biladi. Molidan zakot yo ushr yoki yetim-yesirlarga biror ehson qilar ekan, oʻz yonidan berayotgandek ogʻrinib emas, balki zimmasidagi omonatini ado etayotganidan xursand boʻlib sarflaydi. Bu esa undagi sogʻlom aqidaning samarasi hisoblanadi;

– sogʻlom aqida qilingan ibdatlarning qabul boʻlishiga sabab boʻladi. Chunki sogʻlom aqidasiz qilingan amallar qabul boʻlmaydi;

– dunyoda saodatli hayot kechirish sogʻlom aqidaga bogʻliq;

– sogʻlom aqida kishini nafsi talpinayotgan harom ishlardan toʻsib turadi;

– sogʻlom aqida kishini doimo Alloh taologa ibodat qilishga chorlab turadi. Chunki eʼtiqodiy hukmlar va amaliy hukmlar poydevor va uning ustiga qurilgan binodek bir-biriga chambarchas bogʻliqdir. Shuning uchun ham eʼtiqodiy hukmlarga qalb bogʻlanmasdan turib amaliy hukmlarni hayotga toʻgʻri tatbiq etib boʻlmaydi.

– oxiratda najot topish sogʻlom aqidaga bogʻliq.

Demak, dunyoda baxtli hayot kechirib, oxiratda jannatga kirishni xohlagan inson, albatta, sogʻlom aqidani oʻrganishi va uning taqozosiga koʻra yashashi lozimdir.

Abdulqodir domla PARDAYEV, 

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti

“Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi katta oʻqituvchisi

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish