198

Hamkorlik aloqalari davom etmoqda

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi ko‘magida Saljuk universiteti rahbariyati bilan onlayn muloqot o‘tkazildi.

Uchrashuv “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining ziyorat turizmi” kafedrasi (markazi)ni tashkil etish mavzusiga bag‘ishlandi. 

Unda O‘zbekiston Respublikasining Turkiyadagi Elchixonasi vakili A.To‘ychiboyev, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti dekani Habibullo Sadibaqosev, Xorijiy talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Navro‘zbek Abdullajonov, Magistratura bo‘limi boshlig‘i Ashirali Abdirashidov, “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi mudiri Olim Astanakulov, Saljuk universiteti prorektori, professor Emrulloh Eken, Islomshunoslik fakulteti dekani, professor Ramazan Altintash, Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i, doktor Ahmet Atesh ishtirok etdi.

Suhbat davomida Akademiya O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Zokirjon Ro‘ziyev davlatimiz raisligida mamlakatimiz turizm salohiyatini oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor asnosida Saljuk universiteti bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirish ahamiyatli ekanini qayd etdi. 

Muloqotda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida ziyorat turizmi yo‘nalishida faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ilg‘or tajriba almashish masalalari muhokama etildi.

O‘z navbatida Saljuk universiteti prorektori Emrulloh Eken barchaga salom va minnatdorligini bildirib, O‘zbekiston islom ma’naviyati sarchashmalari makoni ekanini e’tirof etgan holda, Akademiya va Universitet o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidladi. 

Professor Emrulloh Eken O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun Turkiya oliy ta’lim vazirligi tomonidan grant va stipendiyalar ajratilishida ko‘maklashishini qo‘shimcha qildi.

Uchrashuv davomida Saljuk universiteti rahbariyati tomonidan mazkur hamkorlik kelishuvi yaqin orada imzolanishiga umid bildirildi.

Izoh qoldirish