185

Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasi va hamkorligini rivojlantirishning ijtimoiy va siyosiy jihatlari

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasi va hamkorligini rivojlantirishning ijtimoiy va siyosiy jihatlari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti “Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi tomonidan o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjumanda muhim mavzular haqida so‘z yuritildi.

Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Akademiya rektori so‘nggi yillarda Markaziy Osiyodagi yaqin qo‘shnichilik siyosati, davlatlarimiz rahbarlarining o‘zaro keng miqyosdagi hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Mazkur anjuman bu boradagi ishlarning amaliy davomi ekanini qayd etdi. Anjuman ishiga muvafaqqiyat tiladi. 

Tadbirda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Anqara Hoji Bayram Vali universiteti postdoktoranti, PhD Ravshan Gaziyev, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti dotsenti, PhD Suhrob Bo‘ronov, Davlat va huquq instituti yetakchi ilmiy xodimi, yuridik fanlar nomzodi, dotsent Xaydarali Yunusov, “Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.

Anjumanda “Markaziy Osiyo mamlakatlarida davlat va din munosabatlari”, “Markaziy Osiyoda integratsiya va hamkorlikni rivojlantirishda energetika xavfsizligini ta'minlash istiqbollari”, “Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashda Afg‘oniston omili”, “Markaziy Osiyoda suv resurslaridan foydalanish masalalari”, “Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning rivojlanish tendensiyalari”, “Markaziy Osiyoda xalq diplomatiyasini rivojlantirishning dolzarb masalalari” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Konferensiya yakunida yig‘ilganlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish