159

Xalqaro hamkorlik aloqalari davom etmoqda

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida diniy-ma’rifiy soha bo‘yicha yetuk xorijiy mutaxassis va olimlar asarlarining taqdimotlari o‘tkazilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Buyuk Britaniya Milliy Zakot jamg‘armasi Bosh ijrochi direktori, doktor Sohail Hanif bilan bo‘lib o‘tdi.

“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi tomonidan o‘tkazilgan taqdimotda Akademiya prorektorlari – Ilyos Mirziyotov, Zohidjon Islomov, Zokirjon Ro‘ziyev, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev, kafedra mudiri Mirodil Haydarov, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.

Muloqot davomida Sohail Hanif mazkur taqdimotni tashkil etgani uchun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga minnatdorlik bildirdi. Bir qator yo‘nalishlarda Akademiyasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha takliflarini ilgari surdi. Buyuk Britaniya Milliy Zakot jamg‘armasi haqida batafsil ma’lumot berdi.

O‘z navbatida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov Akademiyaning ilmiy faoliyati, maqsad va vazifalari, yaqin istiqboldagi rejalar, xalqaro hamkorlik aloqalari haqida ma’lumot berdi. Shu bilan birga, mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtalib o‘tdi.

Samimiy muloqotdan so‘ng sharqshunos olim Sohail Hanif o‘zining “Ilk klassik hanafiylik nazariyasi: Burhoniddin Ali ibn Abu Bakr al-Marg‘inoniy (vafoti 593/1197) hidoyasida hokimiyat, mantiq va an’ana” nomli kitobi haqida ma’lumot berdi. Asar buyuk mutafakkir, islom fiqhining rivojlanishiga hissa qo‘shgan faylasuf alloma, islom olamida Shayx-ul islom unvoniga sazovor bo‘lgan Burhoniddin Marg‘inoniyga bag‘ishlangan.

Uchrashuv yakunida Buyuk Britaniya Milliy Zakot jamg‘armasi Bosh ijrochi direktori Sohail Hanif O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi. Bu har ikki ta’lim muassasalari uchun foydali bo‘lishini ta’kidladi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish