195

Poraxo‘rlik – ijtimoiy illat

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Bismillahir rohmanir rohiym

Alloh taolo islom dini asosida insoniyatga doimo shaxs va jamiyatni tarbiyalash va isloh qilishda nafaqat jismoniy balki ruhiy jihatlariga ham katta ahamiyat qaratish ta’limini beradi. Hayotimizda poraxo‘rlik, firibgarlik, o‘zgalar rizqini nohaq yeyish kabi illatlar mavjud ekan, ulardan shaxs va jamiyatni xalos etish uchun harakat qilish har bir musulmonning kundalik burchi ekani ma’lum bo‘ladi. Bu borada dinimiz ko‘rsatmalarini o‘rganib, unga amal qilishlik shubhasiz, yurtimizdan bunday illatlarni tag-tomiri bilan yulib tashlashga, taraqqiyotning yangi bosqichiga tezroq yetishishga katta hissa qo‘shadi.

Kishining o‘z vazifasini suiiste’mol qilib, shaxsiy manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishi, davlat mulkidan noqonuniy foydalanishi qonun oldida javobgar bo‘lishi bilan birga Yaratganning huzurida ham og‘ir gunohkor bo‘lishiga assos bo‘ladi. Chunki poraxo‘rlik, jamiyatning turli jabhalarida o‘sish va rivojlanishning to‘xtab qolishiga, oddiy xalqning islohotlarga bo‘lgan ishonchining yo‘qolishiga, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muvozanatning bo‘zilishiga olib boruvchi salbiy oqibatlarning ildizidir.

Ayniqsa, aholisining 94 foizdan ziyodi musulmonlardan iborat bo‘lgan yurtimizda, o‘zgalar molini nohaq yo‘l bilan yeyish – poraxo‘rlik kabi ota-bobolarimiz qattiq hazar qilgan gunohlarning sodir bo‘layotganini afsus bilan qayd etishimiz lozim. Holbuki, dinimizda birovning molini bu kabi yo‘llar bilan o‘zlashtirish qattiq qoralangan.

Alloh taolo Qur’oni karimning Baqara surasi, 188-oyatida bu haqda marhamat qilib: “O‘rtalaringizdagi mol – boyliklaringizni botil yo‘llar bilan yemang. Shuningdek, bila turib, odamlarning boyliklaridan bir qismini gunoh yo‘l bilan yeyish maqsadida uni hukm chiqaruvchilarga havola etmang”, deydi.

Albatta, hayot turli hil ehtiyoj va zaruratlardan iborat bo‘lib, inson o‘zaro munosabatlarda hamkor bo‘lishga muhtojdir. Mana shunday munosabatlarda halollik va to‘g‘rilik, birovning haqqining rioyasi har kimning bosh mezoni bo‘lishi lozimdir. Aks holda boshlangan ishlarning oqibati kasod bo‘lishga, eng achinarlisi esa uning kasofatidan inson afsus va nadomatda qolishidir.

Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

“Kim odamlarning molini qaytarib berish maqsadida olsa, Alloh taolo unga yordamchi bo‘ladi. Kim odamlarning moliga talofat yetkazish (chuv tushirish) uchun olsa, Alloh taolo uning o‘ziga talofat yetkazadi”.

Poraxo‘rlik yuqorida ta’kidlanganidek, o‘zgalar molini nohaq yeyishning bir ko‘rinishidir. Poraning arabcha ma’nosi “rishva” bo‘lib, Islom ulamolari unga: “Pora – kishi o‘zi haqli bo‘lmagan narsasiga erishishi yoki zimmasida lozim bo‘lgan narsadan qutilishi uchun taqdim etgan mol yoki manfaatdir”, deb ta’rif beradilar.

Ta’rifga e’tibor qaratsak quyidagi foydalarga ega bo‘lamiz.

Avvalo bizga, pora pul shaklidagina bo‘lmasligini, balki biror ishni qilib berish yoki qilmaslik orqali ham manfaatni hosil qilish ekanini anglatadi.

Ikkinchidan, pora beruvchining niyati hech qachon yaxshi va to‘g‘ri bo‘lmasligini, shu bilan birga u o‘zi haqli bo‘lmagan narsaga erishishga, yetarli ilm va malakaga ega bo‘lmay turib mas’uliyatni zimmasiga olishga intilishidir.

Zero, Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon omonat zoye qilinsa, qiyomatni kutaver”, dedilar. (bir a’robiy kishi): “Omonatni zoye qilish qanday bo‘ladi, ey Allohning Rasuli”, dedi. U zot: “Qachonki ish o‘z egasidan boshqaga topshirilsa, qiyomatni kutaver”, dedilar”.

Uchinchidan, pora oluvchining buzg‘unchiligidir. Chunki u shar’an halol bo‘lmagan yo‘llar bilan mo‘may pul topish ilinjida, munosib bo‘lmagan kishilarni jamiyat taraqqiyotining muhim bo‘g‘imlariga joylashishiga, oqibatda esa mamlakat rivojlanishining sustlashishiga, eng achinarlisi rivojlanishning orqaga ketishida zamin yaratadi. Bu esa xalqning davlat va uning muassasalariga bo‘lgan ishonchining oyoqosti bo‘lishiga, o‘zaro ishonchning bo‘zilishiga oqibatda esa bundan norozi kayfiyatdagi qatlamning vujudga kelishiga olib keladi.

Poraxo‘rlar porani “hadya”, “sovg‘a” sifatida berdi, deb, o‘zini oqlashga, “yo‘l” topib olishga odatlangan bo‘ladi.

Beruvchilar ham doimo “ko‘ngildan chiqdi”, “atadik” kabi “chiroyli” so‘zlar bilan o‘zining qabih amallarini “bo‘yab”, uni ro‘yobga chiqarishga odatlangan bo‘ladi.

E’tibor qaratadigan bo‘lsak, Islomda “hadya” so‘zi ham aniq ta’rifga ega bo‘lib, u – biror insonga foydalanish maqsadida nimanidir savobdan boshqa hech qanday manfaatni ko‘zlamay berishdir.

Hadyaning zamirida odatda, Allohning roziligi uchun berilayotgan odamning mehrini, muhabbatini qozonish, unga bo‘lgan hurmatni ifodalash va uning qadrini joyiga qo‘yish, unga yaxshilik qilish yoki qilgan beg‘araz yaxshiligiga munosib javob qaytarish kabi ezgu maqsadlar o‘rin olgan bo‘ladi. Shu bilan birga, oluvchidan biror narsani nohaq undirishni niyat qilmaydi. Bir so‘z bilan aytganda unda g‘araz va tama’ bo‘lmaydi!

Aynan shu asosiy omillar bizga hadyaning poradan farqini ajratib beradi.

Poraxo‘r inson mazkur qilmishi bilan diniga, iymoniga, vijdoniga, ishonib topshirilgan vazifasiga, davlatiga, xalqiga, eng asosiysi “yaxshilik qilyapman”, deb, oila-farzandlariga xiyonat qilayotganini yaxshi bilishi va anglashi lozim bo‘ladi.

Imom Muslim Abu Humayd So’idiy raziyallohu anhudan rivoyat qiladi:

“Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Baniy Sulaym qabilasining sadaqasini (zakot) yig‘ishda Ibn Lutbiya ismli kishining xizmatidan foydalandilar. U zakot yig‘ib kelib hisob-kitob berayotganda: “Bu (zakot) sizniki, bunisini esa menga hadya qilishdi”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minbarga ko‘tarilib: “Nega men yuborgan xizmatchi: “Bu sizga, bunisi esa menga”, – deb aytadi? Otasi yoki onasining uyida qolganda, unga hadya olib kelisharmidi? Mening jonim Uning qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, kimki o‘ziga tegishli bo‘lmagan narsani olsa, Qiyomat kuni yelkasida o‘kirayotgan tuyani yoki marayotgan sigirni yoki barayotgan qo‘yni olib keladi”, dedilar”.

Demak, musulmon inson qanday vazifada faoliyat olib borishidan qat’iy nazar, mazkur “hadya” deb nomlangan porani olayotganida, agar hozir vazifada emas, balki uyda o‘tirganimda shuni menga berisharmidi, degan savolga vijdonan javob berishi, aksincha bo‘lsa, yuqoridagi hadisga muvofiq, dunyo va oxiratdagi javobi ham og‘ir va alamli kechishini anglashi va o‘zini isloh qilishi lozim bo‘ladi.

Imom Muslim Adiy ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kimni biror ishga boshliq qilsak va u ignadek narsani yashirsa, Qiyomat kuni omonatga xiyonat qilgani uchun javobgarlikka tortiladi”, dedilar. Shunda al-Ansor qabilasiga mansub qora tanli bir kishi Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning yonlariga kelib: “Ey Allohning Rasuli! Menga topshirgan ishingizni (zakot va sadaqa yig‘ish vazifasini) qaytarib oling”, deb aytdi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Senga nima bo‘ldi?” – deb so‘raganlarida haligi odam: “Siz shunday-shunday deganingizni eshitdim”, deb javob berdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Hozir yana qaytarib aytaman, kimni biror ishga boshliq qilsak, oziniyam, ko‘piniyam yashirmay olib kelsin. Nimani bersak, uni olsin. Nimadan qaytarsak, uni olishdan o‘zini tiysin”, dedilar.

Joylardagi aholining kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, nogiron va boshqa shu kabi nafaqaga muhtoj qatlamiga davlat tomonidan beriladigan mablag‘larini ajratishda ham ayrim vazifadorlarning shunday “hadya”lar olishga ko‘z tikib turgani haqidagi holatlarni eshitib qolamiz.

Bu boradagi harakatlar asosida dinimiz ta’limotlarida poraning xarom ekanini bilmaslik, unga amal qilmaslik, musulmonlik mas’uliyatini his etmaslik, natijada esa, o‘zining qanchalik ulkan gunohga ega bo‘layotganini anglamaslik yotadi, deb xulosa qilsak to‘g‘ri bo‘ladi.

Imom Buxoriy Havla binti Amr raziyallohu anhodan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Ba’zi bir odamlar Allohning mulki (jamoat pullari)ga xiyonat qiladi. Qiyomat kuni ular jahannamga ravona bo‘lishadi”, dedilar.

Dinimiz ko‘rsatmalarida, poraxo‘rlar va ularning razil maqsadli hamtovoqlari, agar qilmishidan qaytib, chin dildan tavba qilmasa, ularni dunyo va oxiratda nihoyatda og‘ir jazolar kutib turgani, oyat va hadislar orqali jiddiy ogohlantirilgan.

Jumladan, Imom Ibn Moja Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi:

“Rasululloh sallallohu alayhi vasallam pora berganni ham, pora olganni ham la’natladilar”.

Korrupsiya, ya’ni tanish-bilishchilik borasida ham dinimiz ko‘rsatmalari qattiq. Bu haqida Imom Muslim, Imom Ahmad va Imom Nasoiylar rivoyat qilgan hadisda Oisha onamiz raziyallohu anho aytadilar: “Mahzum qabilasidan bo‘lgan bir ayol qarzga narsa olib, uni qaytarmas va tan olmas edi. Jinoyati isbotlangach, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam unga jazo berishni buyurdilar. Ayolning qarindosh-urug‘lari Usoma ibn Zaydning oldiga kelib, jazoni yumshatishni iltimos qilishdi. Usoma Payg‘ambarmiz sallallohu alayhi vasallamga ayol haqida gapirgan edi, u zot sallallohu alayhi vasallam: “Ey Usoma, Alloh azza va jallaning had(jazo)laridan biri borasida ham o‘rtaga tushasanmi?”, dedilar. So‘ng, odamlarga o‘tgan qavmlar agar oralarida sharafli, obro‘li kishilar jinoyat qilsa, avf etib, zaif kishi jinoyat qilsa, jazolaganlari sababli halok bo‘lganlarini aytdilar. Yana qasam ichib, agar qizlari Fotima jinoyat qilsa ham, jazosiz qolmaydi, dedilar. Keyin jinoyatchiga jazo berildi”

So‘zimiz so‘ngida aytishimiz lozimki, dinimizda pora beruvchining ham oluvchining ham azobga duchor bo‘lishdagi darajasi baravar ekan. Keltirilgan oyat-hadislar va ularning mazmun-mohiyatidan ma’lum bo‘ladiki, har birimiz yuqoridagilardan o‘zimizga kerakli xulosani chiqarib olishimiz, poraxo‘rlik kabi ijtimoiy-salbiy illatlardan halos bo‘lishimiz va ularga qarshi kurashishimiz va barham berilishida hamjihatlik bilan harakat qilishimiz lozimdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutuxassisi 

Akmalxon Axmedov manbalar asosida tayyorladi.

Manba: muslim.uz

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish