149

Xalqaro hamkorlik aloqalari davom etmoqda

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Turkiya Respublikasi Saljuq universiteti Islomshunoslik fakulteti dekani, professor Ramazon Oltintosh boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Hurmatli mehmonlarni Akademiya prorektorlari – Zohidjon Islomov, Zokirjon Ro‘ziyev, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev, Magistratura bo‘limi boshlig‘i Ashirali Abdirashidov, “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi mudiri Olim Astanakulov kutib oldi.

Uchrashuvda Akademiya vakillari Ramazon Oltintoshni yurtimizda, xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi. Delegatsiya a’zolarining ishlariga muvaffaqiyat tiladi.

Zohidjon Islomov so‘nggi yillarda yurtimizda olib borilayotgan ochiqlik va shaffoflik siyosati sababli dunyoning barcha mamlakatlari qatori Turkiya Respublikasi bilan barcha sohalarda yaqin hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilganini e’tirof etdi. Bu esa tadqiqotchilar uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochayotganini ta’kidladi. 

Suhbat davomida O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev Akademiya ilmiy salohiyati, fakultetlar va ulardagi ta’lim yo‘nalishlari, talabalarga bilim berishda o‘ziga xos yondashuvlar haqida ma’lumot berdi. 

O‘z navbatida Ramazon Oltintosh yuqori darajadagi hurmat va mehmondo‘stlik uchun Akademiya mutasaddilariga minnatdorlik bildirdi. Shu bilan birga, O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. O‘zbekiston azaldan ulug‘ allomalar, buyuk muhaddis olimlar kamol topgan zamin ekanini e’tirof etdi.

Shuningdek, Saljuq universiteti hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining bundan-da rivojlanishiga umid bildirdi. 

Uchrashuv yakunida delegatsiya a’zolari “Manbalar xazinasi” bo‘limidagi noyob qo‘lyozmalarni ko‘zdan kechirarkan, mazkur manbalar ularda katta taassurot qoldirganini qayd etishdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish