159

Bag‘rikenglik – tinchlik va taraqqiyot asosi

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

“Biror qavm kishilarini yoqtirmaslik, sizlarni adolatsizlik qilishga undamasin! Odil bo‘lingiz! Zero u adolat (taqvo)ga yaqinroqdir...” (Moida, 8.)

Bag‘rikenglik – turli millat va din vakillarining bir zaminda o‘zaro inoq bo‘lib yashashlarini anglatuvchi tushuncha. 16 diniy konfessiya, 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir osmon ostida, bir zaminda, bir havodan nafas olib, hamjihat bo‘lib, bir maqsad sari harakat qilishi bag‘rikenglik, totuvlik, hamkorlik kabi tushunchalarning yurtimizdagi ifodasidir.

Dini, millati, irqi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar dunyodagi insonlarning huquqlari va erkinliklari tengdir. Islom dini ta’limotidan kelib chiqib ajdodlar shunday yo‘l tutganlar va bizlarga ham shunday o‘rgatganlar. Masalan, Samarqand shahrida Doniyor payg‘ambar nomi bilan ataladigan maqbara islom, xristian va yahudiylik dini vakillari tomonidan birdek e’zozlanadi. Shu birgina misolning o‘zi olijanoblik, ezgulik va tom ma’nodagi bag‘rikenglik asosini tashkil etadi. O‘zgalarning dili, dini, e’tiqodi, ibodat maskanlariga ham hurmat bilan munosabatda bo‘lishda dinimiz ta’limoti, Moturidiy, Samarqandiy, Nasafiy, Yassaviy kabi bobokalonlarimiz ugitlariga asoslanib kelganmiz.

Islom ta’limoti nuqtayi nazaridan bag‘rikenglik mezonlarini quyidagicha ifodalash mumkin:

xushmuomalalik – qo‘pol so‘zlamaslik, odamlarni yaxshi-yomonga ajratmaslik (Nahl, 125);

majburlamaslik – o‘z qarash va e’tiqodiga boshqalarni ham bo‘ysundirishga urinmaslik (Baqara, 256);

beozorlik – hech bir dinning ibodat maskanlariga ziyon yetkazmaslik (Haj,40);

adolatlilik, xolislik – dini, millati, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar hammani bir ko‘zda ko‘rish (Moida, 8.);

muloqot va hamkorlik – turli millat va turli din vakillari bilan o‘zaro manfaatli aloqalar o‘rnatish (Hujurot, 13). 

Darhaqiqat, insoniyat bir ota-onadan tarqalgan. Uning tili, irqi, millatining xilma-xilligi Buyuk Zotning qudratidandir. “Uning belgilaridan (yana biri) – osmonlar va Yerni yaratishi va sizlarning tillaringiz va ranglaringizning xilma-xilligidir. Albatta, bunda barcha olimlar uchun alomatlar bordir” (Rum, 22).

Shuningdek, boyu kambag‘al, mansabdoru fuqaro, kuchliyu kuchsiz, olim-u omi o‘rtasidagi huquq va majburiyatlarning adolat va tenglik asosida bo‘lishi, sodda qilib aytganda Yaratgan nazdida hammaning teng ekanligi hadisi sharifda quyidagicha ifodalanadi: “Ey, insonlar! Parvardigoringiz yagonadir! Agar taqvoli (pok va xolis) bo‘lmasa, arabning ajam (arab bo‘lmagan millat)dan, ajamning arabdan, oq tanlining qora tanlidan, qora tanlining oq tanlidan ustun joyi yo‘q. Xudoning nazdida eng ulug‘ odam – taqvodor (xolis) odam”. Ya’ni bir odamga tashqi ko‘rinishi, gap-so‘zi, yurish-turishiga qarab boshqa bir odam baho bera olmaydi. Alloh taolo esa odamning qalbiga qaraydi.

Qur’oni karimda “Ey, imon keltirganlar! Alloh uchun to‘g‘rilikda sobit turuvchi, odillik bilan guvohlik beruvchi bo‘lingizlar. Biror qavm kishilarini yoqtirmaslik, sizlarni adolatsizlik qilishga undamasin! Odil bo‘lingiz! Zero u adolat (taqvo)ga yaqinroqdir. Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh ishlaringizdan xabardordir” (Moida, 8.) deya adolat va xolislikka;

“Ey, insonlar! Darhaqiqat, biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishlaringiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik...” (Hujurot, 13) deya dini, tili, millatidan qat’i nazar butun bashariyatni muloqot va hamkorlikka chorlagan.

Bag‘rikenglik bo‘lmagan joyda uning o‘rnini toqatsizlik egallaydi.

Millatlar, dinlar o‘zaro kurash va nizolarga emas, balki o‘zaro hamkorlik va muloqotga tayansa, umuminson manfaatlari uchun xizmat qiladi. Aks holda bag‘rikenglik o‘rnini toqatsizlik egallab, bugun dunyoda ro‘y berayotgan kaltabinliklar kelib chiqaveradi.

So‘nggi yillarni ko‘z oldimizga keltiradigan bo‘lsak, dunyoning hamma burchaklarida toqatsizlik ortidan qanchadan-qancha begunoh insonlar, jumladan bolalar, ayollar, qariyalar insoniy tabiat qabul qilolmaydigan darajadagi qiynoq va azoblarga duchor bo‘ldi, ularning qanchalari hayotdan ko‘z yumdi. Maktab, shifoxonalar kabi jamoat maskanlari, hatto diniy ibodat qilish joylari yo‘q qilindi.

Vatanimiz, sof dinimiz, qadriyatlarimiz, an’analarimiz – daxlsiz omonatimiz. Bularning barchasini go‘zal va sof shaklda kelgusi avlodgacha yetkazib berish eng sharafli burchimizdir. Bu yo‘lda bag‘rikenglik asosiy vositamiz bo‘lib xizmat qiladi.

M.NASRIYEV,

Toshkent islom instituti “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi

Manba: muslim.uz

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish