145

Islom tinchlikda rivojlanadi

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Muqaddas dinimiz islom deb nomlandi. Bu dinni Alloh taoloning O‘zi “islom” deb nomladi. Ushbu kalima tinchlik, salomatlik, bo‘ysunish, xavfsizlik, eson-omonlik degan ma’nolarni anglatadi.

Dinimizning asosiy ustunlari beshta: iymon, namoz, ro‘za, zakot va haj amallaridan iborat. Mazkur amallardan har birini to‘la-to‘kis ado etish uchun tinchlik-xotirjamlik kerak bo‘ladi.

Islomning ma’nolaridan biri tinchlik demakdir. Tinchlik, avvalo, ko‘ngil xotirjamligidan boshlanadi. Undan keyin bu tinchlik oilasiga o‘tadi. Agar oilalar tinch bo‘lsa, mahalla tinch bo‘ladi. Mahallaning tinchligi yurtning tinchligiga olib keladi.

Qaysi yurtda tinchlik barqaror bo‘lsa, o‘sha yerda ilm-fan, madaniyat rivojlanadi, taraqqiyot bo‘ladi. Barcha sohalarda ulkan islohotlar amalga oshiriladi. Xalqi farovon yashaydi. Uning aksi bo‘lgan joyda jaholatparastlik, ilmsizlik avj oladi, qotilliklar yuz beradi. Mamlakat taraqqiyoti orqaga ketib, fuqarolari qullikka mahkum bo‘ladi.

Alloh taoloning 99 ismi va sifatlari bo‘lib, ulardan biri “As-Salom”dir. U salomatlik, tinchlik ma’nolarini bildiradi. Ammo buning aksi, mazkur sifatlar ichida yomonlik, notinchlik ma’nosini anglatuvchisi yo‘q. Demak, Yaratuvchi zot bandalariga yomonlikni ravo ko‘rmaydi. Din-u diyonat insonlarni hech qachon yomonlikka boshlamagan. Endi kimki yomonlikni paydo qilsa, uni dinga nisbat bersa yolg‘onchiligini ma’lum va oshkor qilgan bo‘ladi.

Payg‘ambar alayhissalom Hudaybiyada Makka mushriklari bilan o‘n yil davomida urushmaslik haqida sulh, ya’ni tinchlik shartnomasini tuzdilar. Alloh taolo bu sulhni to‘g‘ri bo‘lganini tasdiqlab Fath surasini nozil qildi. Bu tinchlik sulhi musulmonlar uchun ulkan muvaffaqiyat bo‘lganini bildirdi. Ammo sahobalarning ko‘pchiligi “Biz mushriklar aytgan shartlarga rozi bo‘lsak, qanday qilib bu ulkan muvaffaqiyat bo‘ladi?” deb hayratda qolganlari ham bo‘ldi, e’tiroz bildirganlari ham topildi. Darhaqiqat, mazkur tinchlik haqidagi Hudaybiya sulhidan keyin ikki yil davomida musulmon bo‘lganlarning soni, undan avvalgi o‘n to‘qqiz yil davomida musulmon bo‘lganlardan ko‘p bo‘ldi. Payg‘ambar alayhissalomning qilgan tadbirlari va Alloh taoloning tasdig‘i o‘sha davr odamlarini hayron-u lol qoldirgan bo‘lsa-da, keyinchalik tinchlik tufayli kelgan yutuq, ulkan muvaffaqiyatlar buning naqadar to‘g‘ri bo‘lganligini isbotladi.

Zamonamiz ulamolaridan biri marhum Ramazon Butiy tinchlik haqida shunday degan edi: “Bir muammoni yechimi urush orqali o‘n kunda hal bo‘lsa, tinchlik tufayli o‘n yilda hal bo‘ladigan bo‘lsa, tinchlik tomoni olinadi. Sababi o‘n kunlik urush oqibatlarini o‘n yilda ham qayta tiklab bo‘lmaydi!”

Umumiy aholisi 145 milliondan ko‘proq bo‘lgan Indoneziya davlatining asosiy qismi Islom diniga e’tiqod qiladi. Tarixda Indoneziya va uning atrofida bo‘lgan Malayziya, Singapur kabi mamlakatlar aholisi tinch yo‘l bilan, ya’ni musulmon savdogarlari ta’sirida Islom dinini qabul qilganlar. Mazkur davlatlar hozirgi kunda iqtisodiy, siyosiy va madaniy rivojlanish jihatidan yuqori o‘rinlarni egallaydi. Bundan keyin ham qayerda tinchlik bo‘lsa, o‘sha yerda Islom dini ravnaq topadi, musulmonlar soni ko‘payadi, ilm-ma’rifat rivoj topib, mamlakat taraqqiy etadi. Gʻoyasi qanchalik jimjimador bo‘lmasin urush faqat va faqat vayronkorlik va tanazzulga olib kelishini tarix ko‘p bor isbotlagan.

Namoz ibodatini o‘tash uchun avvalo inson tahorat olishi kerak. Undan so‘ng Robbisining rizoligini topish maqsadida namoz o‘qiydi. Bu ibodatni ado etishi uchun bandaning kiyimi, badani, namoz o‘qiydigan joyi pok bo‘lishi kerak. Qiblaga yuzlanishi, namoz vaqti kirgan bo‘lishi farz hisoblanadi. Bir so‘z bilan aytganda, banda Robbisi bilan “muloqot” qilishi uchun tinchlik kerak. Payg‘ambar alayhissalom  Madinai munavvara himoyasi uchun Handaq g‘azotiga chiqib, peshin va asr namozlari qazo bo‘ldi. Shu kuni ulug‘ sahobalar va ko‘pchilik musulmonlarning namozlari qazo bo‘lgan edi. Demakkim, namozni o‘z vaqtida o‘tash uchun tinchlik kerak ekan.

Payg‘ambar alayhissalom zamonlarida musulmonlar mushrik kofirlar zulmidan qochib, omonlik yurti Yasribga hijrat qilganlar.

Hozirgi o‘zini Islom dini “himoyachisi” hisoblayotganlar, tinch yurtdan qochib, urush bo‘layotgan joyga bormoqdalar. Demak, bundan ko‘rinadiki ularning bu borada yetarli ilmlari yo‘qligi oqibatida, o‘zgalar tuzog‘iga aldanib qolayotganliklari ma’lum bo‘ladi.

Bugungi kunda yangi va zamonaviy masjidlar tinch yurtda barpo etilmoqda va juma va besh vaqt namoz ado etilyapti. Saodat asrida ham ilk masjid Qubo masjidi omonlik yurti Madinai Munavvarada qurilgan edi va dastlabki juma namozi ham shu o‘lkada o‘qilgan edi. Ro‘za, zakot, haj ibodatlarining farz bo‘lishi, azonning joriy bo‘lishi, masjidda minbar barpo qilinishi tinch yurtda bo‘lgan edi.

Alisher ABDULLAYEV,

TII tillar kafedrasi o‘qituvchisi

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish