354

Yilning eng yaxshi ilmiy maqolalari tanlovida Akademiya doktoranti g‘olib deb topildi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Yangi O‘zbekistonning iste’dodli yoshlari” deb nomlangan maqolalar tanlovi o‘tkazilgan edi.

Quvonarlisi, oliy ta’lim tizimida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotgan iqtidorli talabalar, doktorantlar va mustaqil tadqiqotchilar o‘rtasidagi mazkur tanlovda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti Lola Azimovaning “Til – milliy yuksalish, ma’rifiy takomil asosi” deb nomlangan maqolasi eng yaxshi maqola deb e’tirof etildi.

Maqolada o‘zbek tili takomili va bu borada amalga oshirilgan ishlar, qabul qilingan farmonlar va keng ko‘lamli islohotlar misollar asosida yoritilgan. Muallif til sofligini saqlash masalasi dolzarb mavzulardan biri ekanini qayd etadi.

Ta’kidlash joizki, joriy yilgi tanlovga talabalar va yosh tadqiqotchilardan 500 dan ortiq ilmiy maqola kelib tushgan bo‘lsa, ekspertlar xulosasi orqali ularning orasidan 44 ta eng yaxshi maqola tanlab olindi. Shuningdek, ekspertlar tomonidan ilmiy va badiiy jihatdan yetuk deb topilgan maqolalarni o‘zida to‘plagan “Yangi O‘zbekistonning iste’dodli yoshlari” nomli ikkinchi kitob chop etildi.

Tanlov g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan sertifikat, kitoblar to‘plami, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi yosh olimani mazkur yutug‘i bilan samimiy muborakbod etib, uning kelgusidagi ilmiy tadqiqot ishlariga omad tilaydi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
19
Yoshlar bilan ishlash
Odob-axloq – inson ziynati
22:49
Apr
19

Izoh qoldirish