107

Akademiyada matbuot anjumani o‘tkazildi

Korrupsiya jamiyatni turli yoʻllar bilan iskanjaga oladigan zararli illat hisoblanadi. Mazkur illat demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazib, inson huquqlari buzilishiga olib keladi. Odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa salbiy hodisalar rivoji uchun turtki boʻladi. Korrupsiya davlat, iqtisodiyot rivoji, chinakam qulay tadbirkorlik va investitsiya muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan eng asosiy toʻsiqlardan biridir.

So‘nggi yillarda yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi alohida qonun, Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Shuningdek, korrupsiya holatlarining oldini olish va ularni bartaraf etishning eng muhim jihatlaridan biri – davlat boshqaruvi tizimida “inson omili”ni kamaytirish uchun davlat va jamiyat boshqaruviga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish yoʻlga qoʻyildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2003-yil 21-noyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 2004-yildan boshlab “9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” (International Day Against Corruption) sifatida nishonlab kelinmoqda. Bu kunni belgilashdan maqsad, korrupsiya  muammosining tub mohiyatini tushunib yetish va korrupsiya bilan kurashish hamda uni oldini olishdan iboratdir.

Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisining 2023-yil 23-avgustdagi 10-sonli bayonnomasi bilan “9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni”ga bag‘ishlangan Aksilkorrupsiya oyligi doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar rejasi” tasdiqlangan.

Mazkur rejaga muvofiq, davlat organlari faoliyatining ochiqligi, ularning jamoatchilik va fuqarolar oldida hisobdorligini ta’minlash hamda ommaviy axborot vositalari jurnalistlar, blogerlar va fuqarolarni qiziqtirgan savollariga javob olishlari maqsadida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etilishi belgilangan edi.

Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Aksilkorrupsiya oyligi doirasida “Ochiq eshiklar kuni” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. 

Mazkur tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uygʻun Gʻafurov, Yoshlar masalalari va maʼnaviy maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektor Ilyos Mirziyotov, Oʻquv ishlari boʻyicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor Zohidjon Islomov, Moliya-iqtisod ishlari boʻyicha prorektor Salim Dusanov, Korrupsiyaga qarshi kurashish “komplayens-nazorat” tizimini boshqarish boʻlimi boshligʻi Shuhrat Eshmatov, Akademiya vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda blogerlar ishtirok etdi. 

Tadbir davomida soha prorektorlari hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish “komplayens-nazorat” tizimini boshqarish boʻlimi boshligʻi Shuhrat Eshmatovning ma’lumotlari tinglandi.

Ma’lumki, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi mamlakatimiz diniy-maʼrifiy sohasida hassos mutaxassislarni tayyorlovchi nufuzli oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasasi hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, davlatimiz tomonidan mazkur taʼlim muassasasi moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, professor-oʻqituvchi, ishchi-xodim va talabalarni moddiy qoʻllab-quvvatlash, mehnatini munosib ragʻbatlantirishga alohida ahamiyat berilayotir.

2018-yil 16-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilinib, ushbu sohadagi islohotlarning asosiy yoʻnalishlari belgilab berildi. Mazkur Farmonning bir yoʻnalishi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti va Oʻzbekiston islom akademiyasi negizida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’im, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan respublikamiz oliy ta’lim muassasalari milliy reytingi hamda akademik litseylar reytingi e’lon qilindi.

Oliy ta’lim muassasalarining 2022-yildagi faoliyati natijalari bo‘yicha milliy reytingida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 

Ijtimoiy-gumanitar soha boʻyicha oliy taʼlim muassasalari reytingida esa 59,74 natija bilan 1-o‘rinni egalladi. Ta’kidlash kerak, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘tgan yili 55,95 foizlik natija bilan respublikada 4-o‘rinda qayd etilgandi.

O‘tgan yili O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi oliy taʼlim muassasalari professor-o‘qituvchilarining ilmiy salohiyati 66,5 foizni tashkil etib, reytingda 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 70,74 foizni tashkil etdi. Akademiya mazkur natija bilan 1-o‘rinni yanada mustahkamladi.  

Akademik litseylar reytingida esa O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi akademik litseyi 28,83 foiz ko‘rsatkichni qayd etib, ko‘rsatkich e’tibori bilan o‘tgan yildagi natijasini yaxshiladi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida Islom iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar, Mumtoz sharq filologiyasi hamda Islomshunoslik fakultetlari faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

Shuningdek, mazkur fakultetlar tarkibida “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi”, “Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar”, “Arab tili va adabiyoti Al-Azhar”, “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari”, “Oʻzbek tili va mumtoz sharq adabiyoti”, “Chet tillari”, “Din psixologiyasi va pedagogikasi”, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini oʻrganish ICESCO”, “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” hamda “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy oʻrganish UNESCO” kabi zamonaviy va xalqaro darajadagi kafedralar tashkil etildi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi oʻz maqomiga munosib boʻlish hamda xalqaro miqyosda yetakchi oʻrinlarni egallash maqsadida keng koʻlamli yangiliklarni amaliyotga tatbiq etmoqda. Xususan, soʻnggi yillarda Akademiyaning nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari sezilarli kengaydi. Natijada Akademiya professor-oʻqituvchilari va yosh ilmiy tadqiqotchilarining xalqaro konferensiya, ilmiy seminar hamda xalqaro grantlardagi ishtiroki faollashdi. Oʻz navbatida, xorijlik professor-oʻqituvchilar, talabalar va doktorantlarning akademiya oʻquv jarayoniga jalb etilishi hamda yurtimizda ilmiy-tadqiqot olib borishga qiziqishi ham yildan-yilga oshib bormoqda.

Bugungi kunda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi 40 dan ortiq nufuzli oliy taʼlim, ilmiy-tadqiqot muassasasi va xalqaro tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini izchil amalga oshirib kelmoqda. 

Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish