129

Konstitutsiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi

Joriy yil mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida nihoyatda muhim yil bo‘ldi deyish mumkin. Boisi, umumxalq referendumi asosida yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz qabul qilindi. Bu koʻp millatli xalqimizning hamjihatligi, suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurishga qatʼiy qaror qilganining ishonchli ifodasi boʻldi. Asosiy qonunimizda mamlakatimizning suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatidagi muhim prinsiplari belgilandi.

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi respublikamiz bo‘ylab ko‘tarinki kayfiyatda nishonlanmoqda. Xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham “Konstitutsiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Mirodiljon Baratov, Akademiya prorektorlari, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalar ishtirok etdi. 

Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov ochib berib, Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurovning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Mirodiljon Baratov hamda “Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi mudiri Farhod Karimov so‘zga chiqib, demokratik davlatning vujudga kelishi shart-sharoitlari, uning taraqqiyot bosqichlari, barkamol avlod, yetuk shaxs tarbiyasi, mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda Bosh qomusimizning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Rasmiy chiqishlardan so‘ng marosimning badiiy qismi boshlandi. Mehmon san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari bayramga o‘zgacha tarovat baxsh etdi.

“Ziyo-zukko” umumta’lim maktabi o‘quvchilarining raqslari, she’rlari, Akademiya talabalari ijrosidagi sahna ko‘rinishlari, qo‘shiqlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish