126

Akademiya talabalari nomdor davlat stipendiyalariga sazovor bo‘ldi

Mamlakatimizning jahon maydonidagi nufuzini oshirish koʻp jihatdan yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini yuksaltirishga bogʻliq. Shu sababli iqtidorli yigit-qizlarni aniqlash va ragʻbatlantirishga, yosh avlodning zamonaviy dunyoqarashini, ijodiy va shaxsiy xususiyatlarini milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur imkoniyatlardan oqilona foydalanayotgan ertamiz egalari oʻz isteʼdod va salohiyatini toʻla namoyon etib, yuksak natijalarga erishmoqda.

Ta’kidlash joizki, 2023/2024-o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriat bosqichining bir guruh talabalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga munosib ko‘rildi. Ahamiyatlisi, mana shu iqtidorli yoshlar safida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining besh nafar isteʼdodli talabasi ham bor.

Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti 4-bosqich talabasi Kamola Yusupova 2023/2024-o‘quv yili uchun bakalavriat bosqichida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasiga sazovor bo‘ldi. 

Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti 3-bosqich talabasi Eleonora Keldiyorova; 

Islomshunoslik fakulteti 3-bosqich talabasi Zebuniso Hashimxanova;

Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti 4-bosqich talabasi Kamola Esanova 2023/2024-oʻquv yili uchun Imom al-Buxoriy nomli davlat stipendiyasiga sazovor boʻldi. 

Shu bilan birga, Islomshunoslik fakulteti 3-bosqich talabasi Dinora Eshboyeva 2023/2024-oʻquv yili uchun Islom Karimov nomli davlat stipendiyasini qo‘lga kiritdi.

Talabalarning bu yutuqlari zamirida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasidagi taʼlim sifati doimo muhim ahamiyatga ega ekani yotibdi. 

Davlatimiz yoshlarga yurt ravnaqini taʼminlovchi katta kuch, strategik resurs sifatida qaramoqda. Natijada bugun yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qatʼiy hayotiy pozitsiyaga ega yoshlar mamlakatning ertangi taraqqiyotida tobora hal qiluvchi kuchga aylanib boryapti. Chunki yosh avlodni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, maʼnaviy yetuk, jismonan sogʻlom, vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash, huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga eʼtibor qancha kuchaytirilsa, uning samarasi ham shuncha yuqori boʻladi.

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi iste’dodli va iqtidorli talabalarni mazkur yutuqlari bilan muborakbod etadi. Ularning o‘qish va ishlariga muvaffaqiyat, tansihatlik, tinchlik-xotirjamlik tilaydi. 

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish