117

Rektor va talabalarning ochiq muloqoti o‘tkazildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida muntazam tarzda rektor va yoshlar o‘rtasida muloqotlar o‘tkazib kelinadi. “Rektor va talabalar” mavzusidagi navbatdagi uchrashuvda Akademiyaning 1-bosqich talabalari qatnashdi.

Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talabalar ishtirok etdi.

“Yoshlar oyligi” doirasida tashkil etilgan uchrashuvni Akademiya rektori kirish so‘zi bilan ochib berarkan, bugungi kunda yurtimiz davlati siyosatining eng asosiy omillaridan biri – yoshlar ekani, barcha sohalar qatori yoshlarga ham katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Amalga oshirilayotgan barcha islohotlar zamirida yoshlar uchun yetarli imkoniyatlar yaratilishi turganini qayd etdi.

Jahonda ro‘y berayotgan voqea va hodisalar har bir insonni ogohlikka, befarq bo‘lmaslikka chorlayotgani, “jaholatga qarshi ma’rifat” bilan kurashish dolzarb masala ekanini qayd etdi.

Akademiya rektori talabalarning muomala madaniyati, xulqi-odobi bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi zarurligini, buning uchun esa talabalar shaxsiy namuna ko‘rsatishi, Akademiyaning ichki tartib-qoidalariga rioya etishi shart ekanligini qayd etdi.

Bu borada mavjud ayrim kamchiliklarni bartaraf etish, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari o‘zlarining odob-axloqi, yuksak tafakkuri, aql-idroki bilan boshqa oliy ta’lim muassasalarining yoshlariga namuna bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollari, takliflari bilan murojaat qilishdi. Muloqot yakunida kelgusida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish